Jahon | 11:16 / 21.05.2020
3387
2 daqiqa o‘qiladi

Trampning sobiq advokati koronavirus xavfi sababli turmadan ozod qilinadi

AQSh prezidenti Donald Trampning sobiq advokati, hozirda turmada 3 yillik jazo muddatini o‘tayotgan Maykl Koen koronavirus pandemiyasi ortida virusga chalinishi mumkinligi sababli 21 may kuni muddatdan avval ozod qilinadi.

Foto: Getty Images

Bu haqda vaziyatdan xabardor manba CNN telekanaliga ma'lum qildi.

Koen jazo muddatining qolgan qismini 2021 yil noyabrgacha uyida o‘taydi.  

Trampning sobiq advokati Nyu-York shtatidagi federal turmalardan birida 3 yillik jazo muddatini o‘tayotgandi. Bu turmada 14 mahbus va 7 xodimda koronavirus aniqlangan.

Koen 2018 yil dekabrda jazoga hukm qilingandi. U ikkita ish bo‘yicha ayblangan. 2018 yil avgustda u Tramp bilan ishqiy munosabatlarda bo‘lgan ikki ayolga prezident saylovlari oldidan bu haqda sukut saqlashlari uchun 280 ming dollar berishni tashkillashtirishdagi aybini tan olgan. O‘shanda prokurorlar pullar shaxsan Trampning ko‘rsatmasiga ko‘ra to‘langanini aytishgan. Sud ushbu to‘lovlarni AQSh prezidenti saylovoldi kampaniyasini moliyalashtirish qoidalarining buzilishi deb topgan. Shu ish doirasida Koen soliq to‘lash bilan bog‘liq firibgarliklardagi va bankka yolg‘on ma'lumotlar taqdim qilishdagi aybini ham tan olgan.

Shuningdek, Koen 2018 yil noyabrda kongressga “Rossiya ishi” bo‘yicha yolg‘on ma'lumotlar berganlikdagi aybiga iqror bo‘lgandi. OAV ma'lumotlariga ko‘ra, gap Koenning Moskvada Tramp-tauer binosi qurilishi borasidagi rejalar bo‘yicha 2017 yil AQSh senatida o‘tgan jarayonlardagi ko‘rsatmalari haqida bormoqda.

Avvalroq 2016 yildagi saylovlarda Trampning saylovoldi shtabiga rahbarlik qilgan Pol Manafort koronavirus pandemiyasi sababli Pensilvaniya shtatidagi turmadan ozod qilingani ma'lum qilingandi.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid