O‘zbekiston | 10:20 / 22.05.2020
41751
9 daqiqa o‘qiladi

«Aholini xavfdan ogohlantirish juda oson va u qimmat emas» – xorijlik ekspert «Sardoba» o‘pirilishi haqida

Niderlandiyada joylashgan DELTARES mustaqil tadqiqot markazi ekspertlari «Sardoba» suv omboridagi texnogen ofat yuzasidan birlamchi tahlillarini e'lon qildi.

Foto: Kun.uz

Tahlillar 9 maygacha bo‘lgan davrda olingan sun'iy yo‘ldosh tasvirlari, radar sensorlari va ochiq ma'lumotlarga asoslangan.

12 sahifadan iborat, rus tilida taqdim etilgan birlamchi hisobot bilan researchgate.net saytida tanishish mumkin (pdf).

BBC o‘zbek xizmati tadqiqot mualliflari – Sanjay Giri va Gennadiy Donchits bilan intervyu tashkil etdi. Kun.uz intervyuda ekspertlar qayd etgan ayrim fikrlarni keltirib o‘tadi.

Gennadiy Donchits (chapda) va Sanjay Giri (o‘ngda)

FVV boshqarma boshlig‘i Komiljon Aripov aholini xavfdan ogohlantirish tizimi bo‘lmagani va bu juda qimmat turishini aytdi. Bunday to‘g‘onda o‘zi erta ogohlantirish tizimi bo‘lishi kerakmi?

Sanjay Giri: Ha, albatta, bo‘lishi kerak. Va u unchalik qimmat emas. Hamma gap havo sharoitlarini bashorat qilishda. Gidrometreologik tizimlar bilan birga ishlanadi va kuchli yomg‘ir yog‘sa, xavf o‘lchanadi.

Shuning uchun ham biz bir necha bor ogohlantirganmiz: gidrometeorologik monitoring tizimini yaxshilash kerak, deganmiz. Bu kabi kuchli yomg‘ir va shamolni 2-3 kun oldin bashorat qilsa bo‘ladi. Shuning asosida 2-3 kun oldin, masalan, ombordan suvni chiqarishni boshlasa bo‘ladi.

Bugungi zamonda buni qilish juda oson va u qimmat emas. Masalan, biz Hindistondagi to‘g‘onga shunday tizimni o‘rnatdik. Tizim har soatda suv omborining sathini o‘lchab turadi.

Texnogen ofatdan oldingi holat. Qozog‘istonning Maqtaorol tumanigacha masofa 24 km.

Men O‘zbekistonda bo‘lib boshqa suv omborlarini ko‘rganimda, u yerda ko‘p narsa hali ham qo‘l bilan qilinishiga guvoh bo‘ldim. Bir yil avval biz O‘zbekistonga buni avtomatlashtirish kerakligini tavsiya qildik. Chunki shu yo‘l bilan inson omili ortidan kelib chiqadigan xatolar xavfini kamaytirsa bo‘ladi.

Toshkentga yaqin bir to‘g‘onda hali ham juda eskicha usul qo‘llanilar ekan. Ya'ni kimdir o‘sha yerga borib o‘lchamlarni oladi. Lekin ekstremal vaziyatda avtomatlashtirilgan tizim kerak. U yerga bormay turib ham, har soatda bo‘layotgan o‘zgarishlarni ekranda ko‘rib turish mumkin.

O‘zbekistonda avval ham ishlaganmiz va u yerdagi hukumatga yangi texnologiyalarni avvaldan bashorat qilish ishlari uchun qo‘llashni tavsiya qilib kelganmiz.

Biz o‘tgan oyda u yerga borib, maxsus treninglar o‘tkazmoqchi edik. Ammo koronavirus tufayli bora olmadik.

Texnogen ofatdan oldingi va keyingi holat. Ombordagi suvning uchdan ikki qismi yo‘qotilgan.

To‘g‘on uzoq vaqt davomida tanaffuslar bilan qurilgani - o‘pirilish sabablaridan biri bo‘lishi mumkin

Sanjay Giri: Ofatning ehtimoliy sabablari ko‘p. Masalan, o‘pirilgan joyga yaqin drenaj kanalida xatolarga yo‘l qo‘yilgan bo‘lishi mumkin.

Bu suv ombori uzilishlar bilan uzoq vaqt davomida qurilgan. Suratlardan ayon bo‘lgani shuki, uning o‘pirilgan qismi oxirgi bosqichlarda qurilgan bo‘lgan. Qurilishdagi tanaffuslar sababli to‘g‘on devorlarining deformatsiyasi bir tekisda va o‘zaro hamohang tarzda kechmagan, bu esa oxir-oqibatda o‘pirilishga olib kelgan bo‘lishi mumkin.

Ba'zi InSAR tasvirlarga ko‘ra, to‘g‘onning yangi qurilgan qismida deformatsiya avvalroq qurilganlaridan farqli tarzda yuz bergan.

InSAR texnologiyasi tasviri to‘g‘on devorlari deformatsiyasi turlicha bo‘lganini ko‘rsatmoqda. Qizil nuqtalar tuproqli plotinaning vaqt o‘tishi bilan muayyan darajada cho‘kishini anglatadi.

Suv toshishi noto‘g‘ri loyihalashtirish yo qurish oqibati ham bo‘lishi mumkin. Va albatta, tabiiy hamda insoniy omillar qorishmasi sabab bo‘lishi ehtimoli ham bor.

O‘pirilish ro‘y bergan joy yaqinida drenaj kanali bor. Ushbu kanal va boshqa ehtimoliy lokal defektlar to‘g‘on devorilarining notekis deformatsiyasiga olib kelgan bo‘lishi mumkin.

Fundament yomon qurilgan bo‘lsa, beton ham qulaydi

Sanjay Giri: Asosiy gap qanday materiallar ishlatilganida emas. Masalan bizda, Niderlandiyada deyarli barcha to‘g‘onlar tuproqdan qurilgan. Lekin bizda ularning tagi torf bo‘ladi. Torf nam bo‘lganda kengayib, quriganda kichraygani uchun fundamentni qurayotganda yana ham ehtiyot bo‘lish va maxsus qonun-qoidalarga bo‘ysunish kerak.

Shuning uchun to‘g‘on qurishdan avval birinchi o‘rinda hududning geologik sharoiti o‘rganilishi shart va shuning asosida loyiha ishlab chiqarilishi lozim. Bular o‘rganilmasa, agar fundament yomon qurilgan bo‘lsa, beton ham qulashi mumkin.

To‘g‘on o‘pirilgach, taxminan 3 soat o‘tgandan keyingi holat. Bu vaqt ichida suv ombori maydoniga teng hudud suv ostida qolgan.

«Tadqiqotdan maqsadimiz – qisqa vaqt ichida masofadan turib birlamchi tahlil o‘tkazish mumkinligini ko‘rsatish edi»

Sanjay Giri: Maqsadimiz – masalani faqat professional va texnik nuqtayi nazardan tahlil qilish edi. Biz unda masofadan turib yig‘iladigan sensorli axborotlar va internetda bor ma'lumotlar asosida barcha ehtimoliy sabablarni ko‘rsatishga urindik. Kimnidir yo nimanidir ayblash niyatimiz yo‘q.

Biz bu hisobotimiz bilan yangi texnologiyalar yordamida shuncha qisqa vaqt ichida, shuncha uzoqdan turib ham bunday fojiali hodisani tahlil qilish mumkinligini ko‘rsatmoqchi bo‘ldik.

Hisobotimizda aytganmiz, haqiqiy sabablarni berish uchun bizga ko‘proq ma'lumotlar kerak bo‘ladi.

Bizda «Sardoba» qanday loyihalashtirilgani borasida mutlaqo ma'lumot yo‘q. Aslida bizning asosiy maqsadimiz ham sabablarni aniqlash emas, balki innovatsion usullar bilan tahlil qilishni, sun'iy yo‘ldoshdan olingan tasvirlar orqali suv qayoqqa ketyapti, nega shu yo‘nalishda ketyapti, shu kabilarni ko‘rsatib berish edi. Bu suv ombori haqida ma'lumot topishga qiynaldik.

Gennadiy Donchits: Bu kabi hisobotlardan yana bir maqsad – ana shunday hollar yuzaga kelgan qanday yo‘l tutish kerakligini o‘rganish. Hatto tijoriy kompaniyalar ham ofat yuz berganda bajonidil real vaqtdagi satellit tasvirlarni ulashishga tayyorlar. Shunday ekan, ulardan foydalansa bo‘ladi.

Ochiq ma'lumotlar yordamida dunyoning har bir burchagidagi to‘g‘onga qarab, agar u o‘pirilsa, qancha hududga xavf tug‘dirishini aniqlash mumkin.

InSAR texnologiyasi radar sensorlariga ega va hatto 1 mm deformatsiya bo‘lsa ham, uni ilg‘ay oladi. Bu orqali obekt vaqt osha qanday qurilganini satellit suratlar yordamida rekonstruksiya qilish mumkin. Bu qiyin emas, uning bosqichma-bosqich qanday qurilganini ko‘rsa bo‘ladi.

Toshkent-Jizzax yo‘li suv ostida qolgan.

Ma'lumot uchun, Deltares – suv resurslari va geologiya sohalarida amaliy izlanishlar olib boruvchi mustaqil tadqiqot instituti. Kompaniya Niderlandiyaning Delft va Utrext shaharlarida joylashgan. Institutda 800dan ortiq mutaxassis faoliyat yuritadi. Kompaniya faoliyati jamiyat va atrof-muhit uchun intellektual yechimlar izlash, innovatsiyalar yaratishga qaratilgan.

Eslatib o‘tamiz, prezident Shavkat Mirziyoyev texnogen ofatni tahlil etish uchun Fransiya, Turkiya va Rossiya kabi mamlakatlardan dunyoning yetakchi ekspertlari taklif etilishi va ular voqeaga xolisona baho berishini aytgan.

Mavzuga oid