O‘zbekiston | 17:40 / 29.05.2020
53904
3 daqiqa o‘qiladi

Denovdagi Amir Temur haykali muhokamalarga sabab bo‘ldi. Mavzuga Senat qo‘mitasi raisi munosabat bildirdi

Surxondaryo viloyatining Denov shahridagi Amir Temur haykali ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. Foydalanuvchilar haykal sarkardaning shon-shavkatiga mos emasligini ta'kidlamoqda.

Foto: Denov tumani hokimligi axborot xizmati

Ma'lum bo‘lishicha, Oliy Majlis Senatining Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi raisi Baxtiyor Sayfullayev bu masalani Denov shahar hokimi va Arxitektura va qurilish boshqarmasi rahbari bilan muhokama qilgan.

Senat matbuot xizmatiga ko‘ra, Sayfullayev «buyuk sohibqiron siymosini gavdalantirishda barcha jihatlarga ahamiyat qaratib, kichik bir detallarni ham e'tibordan chetda qoldirmaslik zarur»ligini ta'kidlagan.

«Chunki bobomiz Amir Temur shaxsini nafaqat biz, balki butun dunyo ahli yaxshi biladi va ardoqlaydi. Shunday ekan uning siymosini yaratishda xato qilishga haqimiz yo‘q», degan sobiq Madaniyat vaziri, ayni paytda Senat qo‘mitasi raisi Baxtiyor Sayfullayev.

Foto: Oliy Majlis Senati axborot xizmati

Denov tumani hokimligi ijtimoiy tarmoqlardagi muhokamalarga javoban haykaldagi belgi yuzasidan tushuntirish bergan.

Unga ko‘ra, haykal Denov shahar hokimligining 1996 yil 25 apreldagi farmoyishiga asosan bunyod etilgan. Haykalda Amir Temurning uch halqadan iborat belgi biriktirilgan hassani qo‘lida tutgan siymosi aks etgan.

«Sohibqiron bobomiz qo‘lida ushlab turgan hassadagi uch halqa Temur va Temuriylar saltanati bayrog‘i, tamg‘asi va tangalarida tasvirlangani tarixiy manbalarda keltirib o‘tilgan.

Amir Temur saroyida xizmat qilgan arab tarixchisi Ibn Arabshoh, Samarqandga ispan elchisi sifatida kelgan Rui Gonzales de Klavixo tomonida keltirilgan ma'lumotlarda va boshqa ilmiy risolalarda qayd etilishicha, bir-biriga tutashgan uch halqa tasvirining Amir Temur bayrog‘i, tamg‘asi va tangalariga tushirilishi bu uning yer yuzidagi uch iqlim, ya'ni shimol, janub va g‘arb hududlarini o‘z hukmronligi ostida birlashtirganini, dunyoning uch qismi podshosi ekanini ifodalagan.

Xulosa shuki, qo‘lida uch halqadan iborat belgi biriktirilgan hassa tutgan Amir Temur haykali bobokalonimizning shon-shuhrati, uch iqlimni birlashtirgan yengilmas mashhuri zamon bo‘lganligi ramzidir», deyiladi hokimlik bayonotida.

Qo‘shimcha qilinishicha, Denov tumani va uning markazini 2020-2022 yillarda kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturiga asosan, tuman markazidagi xiyobonda o‘rnatilgan Amir Temur haykali qayta rekonstruksiya qilinadi.

Mavzuga oid