O‘zbekiston | 22:17 / 29.05.2020
5629
2 daqiqa o‘qiladi

Tanqiddan so‘ng: Yangiariqdagi ichimlik suvi muammosi yechimini topdi

Xorazm viloyati Yangiariq tumani Soburzon mahallasi aholisining ichimlik suvi ta'minotidagi muammolar bo‘yicha qilgan murojaati ijobiy yechim topdi. Aholi toza ichimlik suvi bilan ta'minlandi.

Xorazm viloyatining Yangiariq tumani Soburzon mahallasida yashovchi fuqarolar ichimlik suvi bilan bog‘liq muammodan Kun.uz`ga shikoyat qilishgan edi.

2017 yilda mahalladagi Shiddat, Oydin, Munojot, Muhtasham ko‘chalarida ichimlik suvi tarmog‘i ta'mirlanib, yangi quvurlar yotqizilgan, odamlar «Tuyamo‘yin-Urganch» MSQF Yangiariq tumani bo‘limi bilan shartnoma imzolab, shaxsiy mablag‘lari evaziga tarmoqqa ulanib, oldindan to‘lovni ham amalga oshirishgan.

Ammo oradan 3 yil o‘tgan bo‘lsa-da, ichimlik suvi ta'minotidagi muammolar to‘liq hal qilinmagani, jumladan, quvurlar yorilib, suv nazoratsiz tarzda dalaga oqib yotgani, aholining uylariga yetib bormayotgani aytilgan edi.

Kun.uz`da bu haqda «Yangiariqda ichimlik suvi muammosi – odamlar quvurlar yorig‘idan oqqan suvni iste'mol qilishmoqda» nomli tanqidiy maqola e'lon qilindi.

Maqolada yoritilgan holatlar Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Botirbek To‘razoda, xalq deputatlari Xorazm viloyat Kengashi deputati Otabek Razzaqov tomonidan o‘rganib chiqildi.

Yangiariq tumanidagi ichimlik suvi yetkazib berish va quvurlar ekspluatatsiyasi, ularni ta'mirlash ishlari davlat xususiy sherikchiligidagi «City Building Tale» korxonasi tomonidan tarmoqdagi avariya bartaraf qilindi.

Quvurlarda joriy ta'mirlash ishlari o‘tkazildi va aholi xonadonlariga toza ichimlik suvining yetib borishi ta'minlandi.

Nurmuhammad Said

Mavzuga oid