O‘zbekiston | 08:43 / 30.05.2020
21150
7 daqiqa o‘qiladi

Tazyiq, uy-joy muammosi, «bola puli» olishning qiyinligi... – Bositxonova ayollarni qiynayotgan masalalar haqida

«20 yillar oldin bir oilada nizo yuzaga kelsa, urishgan er-u xotin, qaynona-kelin ikkita kayvoni va obro‘li odamning nasihati bilan yarashib ketishi mumkin edi. Ammo endilikda yarashtirish amaliyotidagi ba'zi yondoshuvlar natija bermayapti. Bugunning odamlariga boshqacha ta'sir choralarini ko‘rish zarur bo‘lmoqda».

Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirining birinchi o‘rinbosari Elmira Bositxonova bugun o‘zbek ayollarini qiynayotgan muammolar tobora rang-baranglashib va murakkablashib borayotgani yuzasidan xavotirlari bilan bo‘lishdi.

Ayol tinchini ayol buzganda...

Oilaviy mojarolar yuzasidan kelib tushadigan murojaatlar tahlil qilinsa, oilaviy zo‘ravonlik tushunchasining qanchalar kengligini ko‘rish mumkin. Tasavvurimizda ayolga faqat turmush o‘rtog‘i, ya'ni «kuchli jins» vakili zo‘ravonlik qilishi mumkin degan tushuncha o‘rnashib qolgan. Shikoyatlar esa bu jarayonda boshqa omillar ham borligini ko‘rsatadi.

Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi o‘rgangan 300ga yaqin murojaatning 10 foizini zo‘ravonlik va tazyiq masalasi tashkil etadi. Murojaat qilayotgan ayollar qaynona, ovsin, qaynsingillar bilan kelishmovchilik; erning boshqa ayol bilan shar'iy nikohi; Rossiyada ishlab boshqa ayolga uylanib ketgani va oqibatda ayolni bolalari bilan ko‘chada qolayotgani kabilar bo‘yicha arz qilishadi.

«Turmush o‘rtog‘imning onasi meni uyda tinch yashashimga qo‘ymay, haydab yuboryapti. Uyimizda har kuni janjal bo‘ladi. Qaynonamga nisbatan qonuniy chora ko‘rib, uyda tinch yashashimga amaliy yordam berishingizni so‘rayman...»

«Turmush o‘rtog‘im o‘zidan 12 yosh katta ayol bilan yashamoqda. Menga tegishli bo‘lgan buyumlarni sotib yubormoqda. Halovatim yo‘q. Sizdan iltimos, oilamizda bo‘layotgan muammoni hal etilishiga va bizga begona bo‘lgan, tinchligimizni buzayotgan ayol bizni tinch qo‘yishida amaliy yordam bersangiz...»

Bu kabi holatlarda har ikki taraf ham ayol bo‘lgani bois chora ko‘rish, muammoni yechish og‘ir kechadi...

Ijtimoiy yordam olish mashaqqati

Hozirda bola parvarishi nafaqasini va yordam pulini tayinlash bo‘yicha mezonlar real ahvoldan farq qiladi, ular chuqur tahlillar asosida ishlab chiqilmagan, aholining turmush tarzi va ijtimoiy himoyaga muhtojlik darajasini to‘liq ifodalay olmagan.

Ijtimoiy nafaqalarga ajratilayotgan mablag‘lar yalpi ichki mahsulotning 0,6 foizini tashkil etadi va ular yetarli emas. Mazkur holatlar oqibatida ko‘plab moddiy yordamga muhtoj oilalar bola parvarishi yoki moddiy yordam mablag‘i bilan qamrab olinmayapti.

Bu esa 2013 yilda tasdiqlangan «Kam ta'minlangan oilalarga ijtimoiy nafaqalar va moddiy yordam tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risida»gi nizomni qayta ko‘rib chiqish va jamoatchilik fikri asosida tasdiqlash vaqti kelganini ko‘rsatib turibdi.

Holatga real misollarni keltiradigan bo‘lsak, fuqaro M.M (Olmaliq shahri) davlat tashkilotida bosh mutaxasis lavozimida ishlab, dekret ta'tiliga chiqqan, farzandiga 2 yoshgacha bola parvarishi uchun nafaqa pulini olishda yordam so‘ragan. Lekin mahalla mas'ullari fuqaro M.M.ning turmush o‘rtog‘i maoshi belgilangan koeffitsiyentdan yuqoriligini sabab qilib, nafaqa tayinlashni rad etgan.

Bu o‘rinda mahalla komissiyasining rad etishi qonunan to‘g‘ri, lekin bu kabi nomutanosib holat va me'yoriy hujjatlar qonun ijodkorligini yanada takomillashtirishni talab etadi.

Boshpanaga ehtiyoj yuqori, lekin taklif kam

Og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan xotin-qizlarga arzon uy-joylarning boshlang‘ich 10 foizi to‘lab berilishi ayollar hayotiga uncha-muncha ijobiy ta'sir o‘tkaza oldi. Yordam so‘rab murojaat qiluvchi ayol-qizlarning aksariyatining ham istagi – boshpana, ammo taklif talabdan ancha kam.

Masalan, 2020 yilda respublika bo‘yicha og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan xotin-qizlarga ajratilgan 1586ta arzon uy qurilishi rejalashtirilgan bo‘lsa, hozirgacha 10 mingdan ortiq uy-joyga muhtoj xotin-qizlar ro‘yxatga olingan.

Surxondaryo viloyati misolida tahlil etilsa, 2020 yilda viloyatda 58ta uy qurilishi rejalashtirilgan, lekin 356 nafar uy-joyga muhtoj xotin-qizlar ro‘yxatga olinganini ko‘rish mumkin.

«Gilam sotsang, qo‘shningga sot...»

Ba'zilarda qo‘shnichilik munosabatlarining toboro kuchsizlanayotgani ham, ayolni uzoqni o‘ylamasdan hayotga yengil qarayotgani, mas'ul lavozimlarda ishlab shaxsiy hayotida ibrat bo‘la olmayotgan fuqarolar bilan bog‘liq misollar ham aks etgan.

«Qo‘shnimning jiyda daraxtining hidi menda allergiya qo‘zitmoqda. Shu daraxtni hidi bizning hovlimizga o‘tmasligini ta'minlab berishingizni so‘rayman...»

«Qo‘shnim uyida ta'mirlash ishlarini olib boryapti. Qum va changlar ko‘zimga kirib, meni va oila a'zolarimizni bezovta qilyapti. Qo‘shnimning uyidagi ta'mirlash ishlarini to‘xtatib berishingizni so‘rayman...»

«Mahalla raisi menga shar'iy nikoh bilan uylandi. 5 oy yaxshi yashadik. Endi yana birinchi xotiniga ketib qoldi. Sizlardan erimni menga qaytishini ta'minlashda yordam berishingizni so‘rayman...»

Bunday murojaatlarni ko‘rib kulishni ham, yig‘lashni ham bilmaysan.

Hamma zamonlarda ham ayol muammolari alohida yondashuvni talab etgan. Hozirgi jarayonda ijobiy ishlarga ham – karantin qoidalariga amal qilish, sog‘lom turmush tarzini mustahkamlash, xonadonlarni gulzorga aylantirish kabi ishlarga ayollar hissa qo‘shayotganini, salbiy holatlarga ham – berilayotgan homiylik yordamlaridan norozi bo‘lish, o‘zaro nizolarga bosh bo‘lish kabi holatlarda ayollar «yetakchi» bo‘lib qolayotganini kuzatish mumkin.

Idoralar eshigida guruh-guruh bo‘lib turgan ayollarni ko‘ramiz, ular o‘z muammolarini mas'ullar oldiga qo‘yib, yechimida ko‘mak so‘rashadi. Kuzatishlarimizdan ma'lumki, yordam so‘rab murojaat qilganlar orasida doim ayollar ko‘pchilikni tashkil etadi, lekin aslida ularning aksariyatining ortida erkaklarimiz turgani ham bor gap – aliment to‘lamayotgan erkak, shar'iy nikoh orqali ikkinchi yoki uchinchi oila qilgan erkak, mas'uliyatni olishni istamayotgan erkak va hokazo...

Mavzuga oid