«Jon Terri – doimiy mijozlarimizdan» - Londonda kostyum biznesini yo‘lga qo‘ygan Elbek Aliyev bilan suhbat
Muvaffaqiyatli yurib ketgan bitta biznesga erta bosqichlarda yopilib ketgan o‘nlab kompaniyalar to‘g‘ri keladi. Tadbirkor bo‘lishni hamma ham istaydi, ammo muvaffaqiyatli biznes qurish, shubhasiz, kishidan muayyan qobiliyatlarni talab qiladi.
Kishida biznesmenlik qobiliyati bo‘lsa, u nafaqat o‘z vatanida, balki xorijda ham o‘z yo‘nalishida o‘z o‘rniga ega tadbirkor sifatida ish yuritib keta oladi.
Buning tasdig‘ini Londonda kostyum biznesi bilan shug‘ullanayotgan andijonlik Elbek Aliyev misolida ham ko‘rish mumkin.
Kun.uz ijodiy jamoasi Buyuk Britaniyaga safaridan tayyorlagan navbatdagi maqolada VivaldiPro brendi asoschisi va rahbari, 36 yoshli Elbek Aliyev bilan tanishamiz.
«Bir kun kelib kostyum tikish bilan shug‘ullanaman, deb hech o‘ylamagandim»
Elbek Aliyev dastavval farmatsevt bo‘lishni orzu qilgan, shu maqsadda 18 yoshida Toshkent farmatsevtika institutiga o‘qishga kiradi. 2002-2006 yillarda provizor kasbini egallash uchun ushbu institutda tahsil olgach, 2006 yilda ingliz tilini o‘rganish uchun 6 oylik kurs bilan Londonga keladi.
«Kelishimning sababi – Toshkentda chet elning ko‘plab favmatsevtika kompaniyalari bor edi va agar ingliz tilini bilsangiz, ularga ishga kirish oson edi. Mening orzum – GlaxoSmithKline`da ishlash edi».
Shundan so‘ng hamyurtimizda Angliyada magistratura bosqichida o‘qish maqsadi paydo bo‘ladi. Ammo kontrakt to‘lovi – 13 ming funt uchun mablag‘i yo‘qligi sabab, ishlashiga to‘g‘ri keladi.
«O‘sha paytda, Fabric Warehouse degan parda tikadigan fabrikaga ishga kirganmiz. O‘sha yerga ishga kirib, tikishni o‘rgana boshlaganman. Bo‘lmasa, umrimda tikuvchi bo‘laman deb o‘ylamaganman, bungacha biron narsa tikishni ham bilmasdim.
O‘sha fabrikada Jyeyms Uebb degan odam futbolchilarga kostyum tikardi. Biz ham o‘rganib, uning kostyumlarini biz qilishni boshlaganmiz. Kostyumlarni biz tayyorlardik, u o‘z markasini qo‘yib sotardi. Shu orqali mana shu biznesga o‘tib ketdim.
Xudo bersa, harakatingiz bo‘lsa, shunday bo‘larkan, yo‘q joydan ham qanday qilib bo‘lsa ham boshqa sohaga o‘tib ketar ekansiz. Umrimda hech qachon kostyum tikaman deb o‘ylamaganman», – deydi u.
Mustaqil biznesga o‘tish
Elbek Aliyev 2008-2012 yillarda mehnat faoliyatini olib borish bilan birga Vestminster universitetining IELTS kursini tamomlagan, Tijoriy menejment instituti (Institute of Commercial Management)dan biznes yo‘nalishida diplom olgan.
U o‘sha yillarda Dappers tarmog‘ining London yaqinida, Temza daryosi bo‘yida joylashgan Sanberi tumanidagi (Sunbury-on-Thames) savdo ofisiga menejer sifatida ishga kiradi. 2015 yilda esa kompaniyadan mazkur do‘konni sotib olib, VivaldiPro brendi ostida kostyumlar tika boshlaydi.
Hozirda kompaniya erkaklar kostyumidan tashqari, ayollar liboslari tikish-tayyorlash bilan ham shug‘ullanadi, kimyoviy tozalash xizmatlarini ham ko‘rsatadi. Elbek Aliyev 50dan ortiq xodimdan tarkib topgan jamoaga rahbarlik qilmoqda.
«Jon Terri – doimiy mijozlarimizdan»
Hamyurtimizning aytishicha, kompaniyasi mijozlari orasida ko‘plab taniqli shaxslar, xususan sportchilar bor.
U misol sifatida ingliz futboli yulduzlari Jon Terri va Stiven Jyerrardni keltirib o‘tdi.
«Jon Terri – doimiy mijozlarimizdan. Uning oilasi ham bizning xizmatlarimizdan foydalanadi.
«Liverpul»ning sobiq sardori Stiven Jyerrard ham bor. Ikki oycha oldin Gollivud aktyori Jyeyson Stethemga kostyum tayyorlab berdik. Kecha The X Factor musiqiy tanlovi finalchisi Treysi Lian Jyefford kelgandi.
Mijozlarimiz orasida futbolchilar, regbichilar va umuman sportchilar yoki siyosatchilar ham talaygina. Ikki haftacha oldin parlament a’zosi Mister Kuartengga kostyum tikib berdik».
«Mijozga hech qachon yo‘q demaymiz»
Elbek Aliyev mijozlar bilan ishlash masalasiga qanday yondashishi haqida gapirib berdi.
«Mijozga hech qachon yo‘q demaymiz. Yo‘q, qila olmaymiz, demaysizlar, deb hamma xodimlarga aytganmiz. Mijoz kelib, biron narsani qilib bera olasanmi, desa, qilib bera olmasak ham ha deymiz. So‘ng jamoa bilan birgalikda buni bajarishga harakat qilamiz.
Menimcha, shu jihat tufayli boshqalardan ajralib chiqdik, ancha uzoq joylardan bo‘lsa ham mijozlar kelishyapti. Bir mijoz o‘z ortidan bir nechta mijozni olib kelishi, ya’ni inglizchada «word of mouse» – og‘izdan og‘izga o‘tish – biz uchun eng asosiy reklama».
Elit kostyumlar narxlari haqida
Elbek Aliyevning aytishicha, kostyum biznesida asosiy uchta servis quyidagilar:
– standart o‘lchamlardagi tayyor kostyumlar tikish;
– tayyor tikilgan kostyumni mijozga moslashtirib berish;
– buyurtma asosida alohida mijozga alohida kostyum tikish (bespoke).
Narxlar ham yuqoridagi tartibda o‘sib boradi.
Suhbatdoshimizning aytishicha, buyurtma asosida bitta kostyum tikishga 65 soatdan ortiq vaqt ketadi.
«Bu degani tinimsiz ishlaganda ham, bir hafta davomida tikasiz», – deydi u.
Ma’lum bo‘lishicha, Angliyada sifatli kostyum buyurtirmoqchi bo‘lsangiz, bu 2-4 ming funtga tushadi.
«Lekin narx undan ham yuqori bo‘lishi mumkin. Bunda materialiga qaraladi. Bizda kashemir degan material bor, u eng qimmatlardan hisoblanadi. Sababi – u eng mustahkam, shu bilan birga eng yengil materialdir.
Kashemirdan tayyorlangan kostyum egningizda turganini deyarli his etmaysiz, chunki juda ham yengil bo‘ladi. Shuningdek, qattiqligi uchun uncha-munchaga bukilavermaydi va juda ham chiroyli turadi.
Shunaqa mijozlar ham bor, o‘zlari nima xohlashayotganini yaxshi bilishadi: menga shunaqa materialdan topib berasan, deyishadi. U materialning o‘zi bir metri 200-300 dollar atrofida turadi. Bitta kostyum-shimga kamida 6-7 metr material kerak bo‘ladi», – deydi mutaxassis.
«Nozikta’b mijozlar juda ko‘p»
Elbek Aliyev mijozlar nimani tanlashi bo‘yicha o‘z kuzatishlari va xulosalari bilan o‘rtoqlashdi.
«Buyurtma asosida kostyum tikish juda qimmatga tushadi, lekin buni juda ko‘pchilik xohlaydi. Sababi, inson o‘zi xohlagan narsaga ega bo‘lgisi kelar ekan, qimmat mahsulotni xohlashar ekan. Mijoz olayotgan mahsulotining aynan o‘zi xohlagandek bo‘lishini juda istarkan.
Shu narsani kuzatib, bu yerda qandaydir psixologik mexanizm bor, deb o‘yladim».
Uning aytishicha, kelgan mijozga vaqtdan yutish uchun alohida kostyum tiktirmay, tayyor kostyumni unga moslab berish taklif etilsa, ko‘pincha mijozlar bunga ko‘nmaydi.
«To‘g‘risi, ishimiz juda ham ko‘p. Shuning uchun mijozga tayyor mahsulotni qilib berishga harakat qilaman, shunda bir mijoz uchun 65 soatlab vaqtimiz ketmaydi. Lekin juda ham ko‘p mijozlar o‘zi xohlaganday bo‘lishini talab qiladi. Vaholanki, buyurtma asosida tikish bundan besh baravar qimmat.
Masalan, tayyor kostyum 400 funt bo‘lsa, buyurtma asosida tikish 2000-3000 funtga tushadi. Lekin ular o‘zlari xohlaganday kostyum kiyishni xohlashar ekan.
Odam qancha yuqori tabaqada bo‘lsa, shuncha injiq bo‘larkan. O‘zi istagan narsani qildirgisi kelarkan.
Shuning hisobiga boshqalardan ajralib chiqdik – ular istagan mahsulotlarni tayyorlab beryapmiz.
Mijozlar kelishyapti: «Kostyumning astarida oilamning rasmi bo‘lsin», deydi. Qilib beramiz. «Kostyumda ismim yozilgan bo‘lsin», «Kostyumning tugmachasi boshqacha rangda bo‘lsin», «Kostyumning mana bu joyida mana bu narsa bo‘lsin»... Bu narsalarga biz hech qachon yo‘q demaymiz».
Va boshqa mavzular
Suhbat davomida hamyurtimiz dunyodagi eng tez yuruvchi avtomobillardan biri – Bentley Continental Superspors`ni Jon Terrining akasidan sotib olgani, O‘zbekiston bozoriga kirish rejalari va sifatli kostyumni sifatsizidan qanday ajratish mumkinligi haqida ham so‘zlab berdi.
Shuningdek, tadbirkordan xodimlarni boshqarish, moliyaviy mustaqillik va albatta muvaffaqiyat omillari haqida so‘radik.
To‘liq suhbatni Kun.uz`ning YouTube`dagi kanalida tomosha qiling.
Xorijdagi vatandoshlarimiz haqidagi materiallar bilan saytimizning «Xorijdagi o‘zbeklar» ruknida tanishib boring.
Mavzuga oid
23:36 / 20.11.2024
Britaniyalik fermerlar yangi meros solig‘i bekor qilinishini talab qilib, norozilik namoyishi o‘tkazdi
21:14 / 20.11.2024
Britaniyada 16 yoshgacha bo‘lgan bolalarni ijtimoiy tarmoqlardan cheklash masalasi ko‘rib chiqiladi
18:21 / 20.11.2024
AQSh ortidan Buyuk Britaniya ham Ukrainaga uzoq masofali raketalardan Rossiyaga zarba yo‘llashga ruxsat berdi – OAV
16:53 / 20.11.2024