Fan-texnika | 00:45 / 01.06.2020
20876
3 daqiqa o‘qiladi

Video: Crew Dragon kosmik kemasi XKSga ulandi

Tarixda birinchi marta xususiy kompaniya tomonidan fazogirlar koinotga olib chiqilgan Crew Dragon kosmik kemasi Xalqaro kosmik stansiya bilan muvaffaqiyatli tutashdi.

Kemadagi ikki astronavt – Duglas Herli va Robert Benken kosmik stansiya bortiga o‘tishdi.

Ular orbitada qancha vaqt qolishi hali ma'lum emas. Ammo Dragon kemasini 4 oydan ko‘p vaqt orbitada qoldirib bo‘lmaydi.

Amerikalik ikki fazogirni bungacha stansiyada bo‘lib turgan hamyurti Kris Kessidi hamda rossiyalik Anatoliy Ivanishin va Ivan Vagnerlar kutib olishdi.

Missiyaning birinchi bosqichi yakuni – kemaning XKSga avtomatik ravishda ulanishi ham SpaceX`ning yutubdagi kanalida translatsiya qilib borildi.

Crew Dragon 30 may kuni Floridadan Falcon 9 tashuvchi-raketasi bilan orbitaga olib chiqilgan edi. Mahalliy vaqt bilan soat 15:22da yo‘lga chiqqan ekipaj 19 soatda Xalqaro kosmik stansiyaga yetib keldi.

Kemaning XKSga yaqinlashuviga deyarli 2 soat vaqt ketdi, shundan so‘ng uchuvchi apparat stansiya bilan avtomatik rejimda ulandi.

Shu tariqa, inson tarixda ilk marta xususiy kompaniya tomonidan fazoga uchirildi.

Bundan tashqari, mazkur parvoz – so‘nggi 9 yilda AQSh hududidan fazogirlarni orbitaga olib chiqish bo‘yicha birinchi missiya bo‘ldi. 2011 yilda Space Shuttle dasturi yopilgach, NASA astronavtlarini XKSga eltish uchun Rossiyaning «Soyuz» kemalaridan foydalanib kelinayotgan edi.

SpaceX asoschisi Ilon Mask ushbu missiyani «odamzot multisayyoraviy sifatga ega bo‘lishi yo‘lidagi birinchi qadam» deb ta'riflagan.

Mavzuga oid