Jamiyat | 21:18 / 03.06.2020
71062
12 daqiqa o‘qiladi

Kuvaytda ishlayotgan shifokor: «O‘zbekistonga qaytaman, lekin ishlay olishimga ko‘zim yetmaydi»

O‘zbekistonlik shifokorlar dunyoning turli nuqtalarida faoliyat yuritadilar. Kimdir malaka oshirish ilinjida, kimdir xorijni kashf qilish uchun, yana kimdir o‘z yurtida qadr topmaganidan o‘ksib, olisga yo‘l olgani endi hech kimga sir emas.

Bu boradagi turkum suhbatlarimiz doirasida Kuvaytda faoliyat yuritayotgan shifokor Jahongir Jo‘rayev bilan bog‘landik.

– Jahongir, sizga O‘zbekistondan salom. Dastlab o‘zingiz haqingizda so‘zlab bersangiz.

– Assalomu alaykum, vatandoshlar! Bizni yo‘qlaydiganlar ham bor ekan, boringizga shukr. Men, Jahongir Jo‘rayev Kuvayt davlatidagi klinikalardan birida shifokorman.

2001 yilda Toshkent davlat tibbiyot institutini bakalavr yo‘nalishida bitirib, shu yilning o‘zida Toshkent shifokorlar malakasini oshirish instituti qoshidagi anesteziologiya va reanimatologiya mutaxassisligi bo‘yicha ordinaturaga o‘qishga qabul qilindim. Ikki yil davomida ordinaturada tahsil olib, mutaxassis bo‘ldim. Klinik ordinatura davrida nazariy bilim olishimiz va amaliyot Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam Ilmiy markazida bo‘ldi.

Bu men uchun katta omad edi. Chunki markaz birinchi prezidentimiz tashabbusi bilan ochilgan, o‘sha paytdagi eng zamonaviy tibbiy texnika, tibbiyot asbob-uskunalari bilan to‘liq ta'minlangan respublikadagi yagona markaz edi. Shifokorlar va biz talabalar birgalikda yangi tibbiy vositalardan, tibbiyotga tegishli turli texnik apparatlardan foydalanishni o‘zlashtirdik, aynan shu yerda o‘z sohasini yaxshi o‘rgangan mutaxassis bo‘lib yetishdim.

Ordinaturadan so‘ng ish faoliyatimni shu markazda davom ettirdim. Markazdagi o‘n yillik faoliyatim davomida Avstriya, Hindiston davlatlarida malaka oshirib qaytdim. Institutda va ilmiy markazda ta'lim bergan ustozlardan minnatdorman.

– Nega aynan Kuvaytni tanlagansiz va qancha vaqtdan buyon bu yerda faoliyat yuritasiz?

– Respublika miqyosidagi eng ilg‘or, dong‘i ketgan tibbiyot markazida ishlashimga qaramay o‘zimning kelajagimni O‘zbekistonda ko‘rolmas edim. Bunga bir necha sabablarni keltirishim mumkin.

Eng asosiysi – mehnatimizga yarasha maosh to‘lanmas edi. Istaymizmi-yo‘qmi, ko‘p shifokorlar bemorlar beradigan pulni olishga majbur edik. Chunki beriladigan maosh tirikchilikka yetmasdi. Bu yoqda oila tashvishlari, farzandlar kelajagi...

Shuningdek, ish faoliyatini muvaffaqiyatli olib borish uchun vrachlarga, mutaxassislarga yetarli sharoitlar yaratilmagandi. Bu esa o‘z-o‘zidan xorijga ishga ketish maqsadimni tezlashtirdi.

Men doimo o‘z kasbim bo‘yicha chet elga ketish uchun harakat qilganman, izlanganman. Ko‘p davlatlardagi tibbiyot xodimlari faoliyati bilan qiziqqanman. Nihoyat 2015 yilda Kuvaytdagi klinikalardan biri bilan shartnoma tuzishga erishdim. Hozirga qadar shu tibbiyot markazida mutaxassisligim bo‘yicha mehnat qilyapman.

Kuvaytda 40 nafarga yaqin o‘zbek shifokorlari faoliyat olib bormoqda.

Shartnoma orqali ishga joylashgan barcha vrachlar ham bu yerda ishlab ketolmaydi. Avvalo, bu yerda xorijdan kelgan shifokor bilan uch oylik muddatga shartnoma tuziladi, ya'ni uch oy davomida uning bilim va tajribasi sinovdan o‘tkaziladi. Agar shifokor talablarga javob bersa, keyin doimiy shartnomaga imzo chekiladi.

Biz bilan birga kelgan ko‘plab vrachlar orasida shartnoma tuzolmay yurtga qaytganlari ham bor. Hozirda Kuvaytda faoliyat yuritayotgan o‘zbekistonlik shifokorlarning ko‘pchiligi aynan men yuqorida nomini tilga olgan ilmiy markazda o‘z tajribasini oshirgan, o‘sha yerda mehnat qilgan mutaxassislardir.

– Kuvayt va O‘zbekiston tibbiyoti o‘rtasidagi tafovutlar yoki o‘xshash jihatlar haqida nima deya olasiz?

– Aytish mumkinki, O‘zbekiston va Kuvayt tibbiyotidagi tafovut juda katta. Kuvayt – boy davlat. Ko‘pchilikka ma'lum, neftdan olingan daromad davlat budjetining taxminan 90 foizini tashkil kiladi. Aholi bor-yo‘g‘i to‘rt million nafarligini hisobga olsak, bu fuqarolar uchun juda katta imkoniyatlar yaratilgan degani.

Davlat tibbiyot bilan bog‘liq barcha xarajatlarni ko‘taradi, mamlakatdagi shifoxonalar, klinikalar eng zamonaviy, eng innovatsion tibbiy texnika, uskuna, laborotoriya asboblari va zarur dori darmonlar bilan ta'minlangan.

Kuvaytda shifokorlar yetishmaydi, shu sabab xorijlik mutaxassislarga talab juda katta, hukumat yetuk soha vakillarini ishga taklif qilib katta miqdordagi maoshlarni to‘laydi.

So‘nggi yillarda kuvaytlik yoshlarni tibbiyot yo‘nalishida xorijda o‘qitish yo‘lga qo‘yildi. Hukumat bunga katta e'tibor qaratyapti. Kasalxonalarda ishlayotgan mahalliy shifokorlar AQSh, Buyuk Britaniya, Kanada, Fransiya va Germaniya kabi tibbiyot rivojlangan davlatlarda malaka oshirmoqdalar.

Bundan bir necha yillar avval kuvaytlik mahalliy shifokorlar bilimi, tajribasini oshirish maqsadida Rossiya va Ukrainaga o‘qishga yuborilgan. Ammo bu o‘zini oqlamagani uchun to‘xtatilib, yuqorida tilga olingan davlatlarga mutaxassislarni o‘qitish ma'qul ko‘rilgan.

Bundan anglash mumkinki, Kuvaytdagi tibbiyot AQSh va Kanada tibbiyot yo‘nalishiga asoslangan. Yurtimiz tibbiyoti esa sobiq ittifoq va Rossiya tibbiyoti yo‘nalishiga o‘xshash.

Tan olmoq lozim, Rossiya tibbiyoti bizning tibbiyotdan kuchli va o‘rganish mumkin bo‘lgan taraflari ko‘p, lekin shaxsan men zamonaviy tibbiyotni yo‘lga qo‘yish maqsad bo‘lsa, bu usul xato, deb o‘ylayman va bizning tibbiyotimizni kuchli rivojlangan Yevropa va AQSh standartlariga o‘tkazish eng to‘g‘ri yo‘l deb bilaman.

Buni esa tibbiyot institutlaridan boshlash kerak. O‘qishni ingliz tilida olib borish lozim. Tibbiyot sohasini o‘qitishda ingliz tilidagi adabiyotlardan, manbalardan foydalanish kerak. Bo‘lajak shifokorlarimizning tibbiy dunyoqarashini Rossiya tibbiyotidan zamonaviy dunyo tibbiyoti dunyoqarashiga o‘zgartirish zarur.

Fikrimni shunday isbotlayman: kasalligingiz sabab bir shifokorga bordingiz, u tashxis qo‘yib davoladi, foydasi bo‘lmadi, boshqasiga borasiz, u ham o‘zicha tashxis qo‘yib davolaydi — ya'ni doktor amaliyot davomida o‘rgangan eski tajriba asosida davolaydi. Xorijda esa barcha shifokorlar har yili yangilanib turadigan oxirgi qo‘llanmalar asosida davolashni olib borishadi. Tibbiyotning har bir yo‘nalishi bo‘yicha AQSh, Buyuk Britaniya va Kanada tibbiyot assotsiatsiyalari boshchiligida tajribadan o‘tgan va davolash usuli ijobiyligi isbotlangan qo‘llanma chiqariladi va davolash jarayonida shunga rioya qilinadi.

Har oyda barcha kasalxonalar tegishli mutaxassislari boshchiligida seminarlar o‘tkazilib dunyo tibbiyotidagi yangiliklardan bir-birini xabardor qilib turishadi. Shu sababli hech qachon kasalxonalarda bir xil mutaxassislik bo‘yicha bir-biriga konsultatsiyaga borilmaydi. Bu noodatiy hol. Hamma kasalxona va klinikalar shifokorlari bilim darajasi va saviyasi nisbatan bir xil darajada.

O‘zbekistonda esa tajribali shifokor qidirib yurishingizga to‘g‘ri keladi. Xulosa qilib aytganda, tafovut juda katta.

– Sir bo‘lmasa, oyiga qancha maosh olasiz? Uning qanchasi xarajatlarga ketadi?

– Kuvaytdagi shifoxonalarda ishlayotgan doktorlarga maosh ishlayotgan darajasi, ilmiy unvoniga qarab belgilanadi. Taxminan uch xil darajali vrachlar bo‘lib, oliy darajadagi shifokorlar oyligi shunga yarasha ko‘proq va mas'uliyati ham katta.

Xorijdan kelib ishlayotgan vrachlarga 5000-8000 dollar atrofida maosh to‘lashadi. Mahalliy shifokorlarga undan ham ko‘p to‘lanadi.

Kuvaytda uy ijarasi va maktablarda bola o‘qitish juda qimmat. Lekin bunga ko‘p kuyinmaysiz. Chunki farzandlar o‘qishiga tikilgan pul bu kelajakka tikilayotgan investitsiya deb qaraladi. Bolalaringizni kelajakda chet eldagi nufuzli oliygohlarda o‘qitish imkoniyati katta.

– O‘zbekistonga qaytishdan sizni nimalar to‘sib turibdi?

– Vatandan yaxshi yor bo‘lmas, deydilar. Ona Vatanimizga albatta qaytamiz, xorijda butunlay qolish niyatimiz yo‘q. Lekin qaytib vrach bo‘lib ishlash imkoniyati bo‘lmasa kerak.

Bunga sabab yurtimizda hali tibbiyot sohasidagi islohotlar yetarli emas, nazarimda. Misol uchun, shifokorlarning yaxshi ishlashiga to‘sqinlik qilayotgan muammolar haqida kam qayg‘urilyapti, doktorlar hamon qog‘ozbozlikka ko‘p vaqtini sarflaydi, bemor bilan ishlashiga, unga yordam ko‘rsatishiga kam vaqt qolayapti.

Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda o‘qidim, koronavirusga chalingan shifokorga boshqa fuqarolarga kasallikni yuqtirgani uchun jinoiy ish ochilibdi. Keyinroq yuqori organlar tomonidan bu ish bekor qilinibdi, bu esa hali hamon shifokorlar to‘liq qonun himoyasida ekanligini shubha ostiga qo‘yadi.

Shifokorni urib jiddiy tan jarohati yetkazilsa, oddiy jarima yoki shunga o‘xshash yengil jazo qo‘llaniladi, lekin ichki ishlar xodimini telefonga suratga olib internetga qo‘ygan shaxsga qamoq jazosi beriladi – bu ham yuqordagi fikrimning isbotidir. Qisqasi, bu borada muammolar ko‘p, albatta ijobiy tomonga o‘zgarishiga umid qilib qolamiz.

– Pandemiya sharoitida Kuvayt tibbiyoti qanday ishlamoqda? Umuman, davlat bu sinovga tayyormidi? Siz o‘zingiz bu kasallikka qarshi kurashga jalb qilindingizmi?

– Pandemiya butun dunyoni qamrab oldi. Bugungi kunda Kuvaytda ham koronavirus kasalligi bilan xastalanganlar soni oshib bormoqda. Kuniga o‘rtacha 800-1000 odamda kasallik belgilari aniqlanmoqda.

Umumiy miqdorda 25 mingdan ortiq kishi kasallikka chalingan. Virus sabab 185 kishi vafot etdi.

Umumiy aholisi 4 millionni tashkil etadigan davlat uchun bu juda ko‘p. Bemorlar soni ko‘paygani sababli bizning kasalxona ham bu virusga chalinganlarni qabul qilmoqda.

Ma'lum sabab va xatolar tufayli kasallanganlar soni oshib ketdi. Bunga aholi orasida kasallik tashib yuruvchi, lekin o‘zida kasallik belgilari yo‘q insonlar ham sababchi bo‘lmoqda.

Bunday odamlarni faqatgina aholini ommaviy ravishda tekshirganda aniqlash mumkin. Ammo amaliyotda bunday aniqlashning imkoni yo‘q.

O‘zbekistondagi vaziyat ancha yaxshi. Bemorlarning 4000 atrofida bo‘lishi va o‘lim ko‘rsatkichi kamligi bu aholining karantin qoidalariga amal qilishni kuchli nazorati va kasal bilan muloqotda bo‘lgan har bir odamni karatinga olib izolyatsiya qilishi bilan bog‘liq.

Lekin bir savol tug‘iladi. Aholi orasida o‘zi kasalligini bilmagan odam kasal tarqatib yuraversa, oxiri nima bo‘ladi? Hech bir davlat uzoq muddat karantin holatini davom ettirolmaydi. O‘z-o‘zidan ma'lum, iqtisodiyot o‘tirib qoladi. Majburiy karantin asta-sekin yengillashtirilgani sari kasallikka chalingan ko‘payib boraveradi.

Immun tizim kuchsiz odamlarda kasallik og‘ir kechadi. Qisqa qilib aytganda, tabiiy tanlanish yuzaga keladi. Agar vaksina topilsa yoki bu kasallikni batamom tuzatadigan preparat kashf qilinsa, bu taxmin yo‘qqa chiqishi mumkin.

Bu albatta mening shaxsiy fikrim. Hozircha kasallikka chalinmaslikning yagona yo‘li – o‘zi va yaqinlarini ehtiyot qilish, gigiyena qoidalariga amal qilish. Hammaga sihat-salomatlik tilayman.

Abror Zohidov suhbatlashdi.

Mavzuga oid