Jahon | 21:25 / 03.06.2020
7955
2 daqiqa o‘qiladi

Pentagon rahbari isyonlarni harbiylar yordamida bostirish to‘g‘risidagi qonundan foydalanishga qarshi chiqdi

Mazkur qonundan oxirgi marta 1992 yilda Los-Anjyelesdagi tartibsizliklar vaqtida foydalanilgan. Tartibsizliklarga politsiyaning afroamerikalik Rodni Kingga nisbatan zo‘ravonlik ishlatishi sabab bo‘lgan.

AQSh mudofaa vaziri Mark Esper mamlakatdagi norozilik namoyishlari sababli 1807 yilda qabul qilingan isyonlarni qurolli kuchlar yordamida bostirish to‘g‘risidagi qonundan foydalanishga qarshi chiqdi.  

"Men mamlakat ichidagi bunday vaziyatlarda hukumatga eng yaxshi yordamni milliy gvardiya beradi deb hisoblab kelganman va shunday deb hisoblashda davom etaman. Eng og‘ir va kechiktirib bo‘lmaydigan holatlardagina muntazam qo‘shinlardan huquqni himoya qilish organlari sifatida foydalanish mumkin. Biz hozir unday holatda emasmiz. Isyonlarni bostirish to‘g‘risidagi qonundan foydalanishni qo‘llab-quvvatlamayman", - dedi Esper.

Avvalroq Oq uy matbuot kotibi Keyli Makineni AQSh prezidenti Donald Tramp afroamerikalik Jorj Floydning o‘limidan so‘ng mamlakatda boshlangan norozilik namoyishlari sababli ushbu qonundan foydalanishi mumkinligini aytgandi. 

Mazkur qonundan oxirgi marta 1992 yilda Los-Anjyelesdagi tartibsizliklar vaqtida foydalanilgan. Tartibsizliklarga politsiyaning afroamerikalik Rodni Kingga nisbatan zo‘ravonlik ishlatishi sabab bo‘lgan.

Ayni paytda AQSh milliy gvardiyasining 20,4 ming nafar askari 29ta shtat va Kolumbiya okrugiga safarbar qilingan. Mamlakatdagi 40ga yaqin shaharda komendantlik soati joriy etilgan. Key-ti-el-ey telekanalining xabar berishicha, tartibsizliklar davomida 11 kishi halok bo‘lgan.

Mavzuga oid