Jamiyat | 20:03 / 04.06.2020
34527
11 daqiqa o‘qiladi

Nishonda 4 mlrd so‘mga suv inshooti qurilgan hududda aholi suvsizlikdan qiynalyapti. Qanday qilib?

Qashqadaryoning qator hududlarida ichimlik suvi jiddiy muammo. Ammo Kun.uz bu safar o‘rgangan masala suv tarmoqlari yo‘qligi, inshootlar eskirib ketgani yoki uni yangilash uchun katta mablag‘ talab etilishi bilan bog‘liq emas.

Chunki shundoqqina aholi darvozasi oldigacha vodoprovod tarmog‘i yetib kelgan. Odamlarga suv yetkazish uchun allaqachon davlat tomonidan tegishli mablag‘ ajratilganidan keyin ham qurilish korxonasining aybi, o‘z ishini bajarmagani sababli aholi suvsizlikdan aziyat chekyapti.

Nishon tumanining «Baynalminal» mahallasida yashovchi aholi Qashqadaryodagi aksariyat tumanlar qatori ichimlik suvini hovuzda (quduq) saqlaydi. Har bir xonadonning shaxsiy hovuzi bo‘lib, ular ichimlik suvi uchun oyiga kamida 60 ming so‘m mablag‘ ajratadi.

Darvoqe, «Baynalmilal»da xarid qilinadigan suvning narxi ham ikki xil: Qarshi shahridan mashinada keltiriladigan «chuchuk suv» 120 ming so‘m. Shu tumanning suv inshootlaridan olib kelinadigani esa — 60 ming. Aholi vakillarining so‘zlariga ko‘ra, keyingisining sifati pastroq, lekin arzon...

Mahallada o‘tgan asrning 70-yillarida qurilgan ikki qavatli uylar bo‘lib, yuqori qavatda yashovchilar uchun suv masalasi juda og‘ir bo‘lyapti. Chunki, suv saqlash mumkin bo‘lgan quduqni havo bo‘shlig‘ida qurib bo‘lmaydi-da.

Shokir bobo Kenjayev 79 yoshda. U kishi ko‘p qavatli uyda yolg‘iz turadi. Har kuni uyiga chelaklab suv tashiydi. Suvsiz va kanalizatsiyasiz yashash tarzidan norozi otaxon bizga alam bilan savol qo‘ymoqda: «Nechanchi asrda yashayapmiz?!»

Hovuzda oylab saqlanadigan suvni iste'mol qilish sanitariya me'yorlariga zid. Qolaversa, mahalladagilar suvdan hali qurbaqa, hali kaltakesak chiqishidan ham bezor bo‘lishgan.

Mahallaga suv tarmog‘i o‘tgan yili «Obod qishloq» davlat dasturi doirasida tortib kelingan. Fuqarolarning aytishicha, hududga toza ichimlik suvi o‘tgan yili parlament va mahalliy kengashlarga deputatlar saylanishida bir marta, keyingisi esa joriy yilda, mart oyining boshida kelgan.

Tuman «Suvoqova» ishlab chiqarish korxonasi boshlig‘i Ravshan Babayev holatga izoh berdi.

«Tarmoqlardan ichimlik suvi yuborish uchun katta mablag‘ kerak, elektr energiyasi sarflaymiz va boshqa xarajatlar bor. Shuning uchun, ichimlik suvi olish uchun aholi biz bilan shartnoma imzolashi lozim. Belgilangan to‘lov tartibi va qoidalari bor. Agar shartnoma imzolansa, aytaylik, hisoblagich bo‘lmagan taqdirda ham 5 kishilik oila taxminan oyiga 20 ming so‘m to‘lov qilishiga to‘g‘ri keladi. Ammo odamlar shartnoma qilishni istamaydi. Shuning uchun ichimlik suvi berishni to‘xtatib turibmiz. Aholi shartnomaga rozi bo‘lgan kuni ichimlik suvi muammosi hal bo‘ladi», deydi u.

Babayevning fikriga tayanadigan bo‘lsak, «ayb odamlarning o‘zida», «ular pul to‘lashni xohlamaydi». Bir qaraganda, muammo juda sodda va yechimi ham bordek. Shu tarzda aholiga shartnoma haqda tushuncha berib, o‘rganish va maqolaga nuqta qo‘yilishi ham mumkin edi. Lekin, bir mantiqiy savol xulosa chiqarishga to‘sqinlik qilib turibdi: Nahotki, oyiga 60 ming so‘m to‘lab, hovuzdan suv ichishga rozi bo‘lib yashayotgan aholi quvurlardan muntazam oqib keladigan, markazlashgan toza ichimlik suvidan bahramand bo‘lishni istamaydi? Kim toza va arzon suv turganda, qimmat va sifatsizini tanlaydi?

G‘alati.

Buni qarangki, o‘rganish davomida aholi biror marta ham shartnoma haqida taklif olmaganini ma'lum qildi. Nishon tumani hokimi va uning sohaga mas'ul o‘rinbosari ham Ravshan Babayevning vajini inkor etdi. Muammo aslo shartnomaga bog‘liq emasligi, aholi jon deb shartnoma tuzishi mumkinligini bildirishdi.

Tuman hokimli ayni vaqtda mavjud inshootlardan iste'molchilar ehtiyojiga yarasha suv yuborishning texnik imkoniyati yo‘q ekanini aytmoqda. Ya'ni, bu ishga qodir nasos o‘rnatilmay, qolib ketgan. Xolbuki, qurilish tashkilotlari bu ish uchun davlatdan katta miqdorda mablag‘ olgan. Ammo qurilish ishlari oxiriga yetkazilmagan.

Sohaga mas'ul viloyat tashkilotlaridan biri, «Qashqadaryo suv ta'minoti» MChJ direktori Shavkat Murodovdan holat bo‘yicha izoh oldik.

Sh.Murodov Yangi Nishon shaharchasi va uning atrofidagi mahallalarda ichimlik suv ta'minotini yaxshilash maqsadida «Navro‘z» MFY hududidagi suvtaqsimlash inshootini rekonstruksiya qilish 2018 yildayoq investitsiya dasturiga kiritilganini aytdi.

Bosh pudratchi sifatida «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ maxsus mexanizatsiyalashgan yo‘l stansiyasi MChJ tanlangan. Qurilish-montaj ishlarini yordamchi pudratchi «Neftgaz kapital montaj qurilish ta'mir» MChJ amalga oshirgan. Ammo belgilagan ishlar haligacha ham to‘liq bajarilmagani sababli aholi hamon suvdan mahrum.

Aniqroq aytadigan bo‘lsak, loyihada ikkita yuqori bosimli nasos o‘rnatilishi va ishlatilishi ko‘zda tutilgan. Amalda esa faqat bitta nasos ishlamoqda.

«Qashqadaryo suv ta'minoti» MChJ tomonidan Kun.uz’ga taqdim etilgan dalolatnomada ham bir qator tashkilot vakillari tomonidan mazkur muammo o‘rganilgani ma'lum bo‘lmoqda. Dalolatnomada ikki yuqori bosimli nasosning bittasi ishlamayotgani tasdiqlangan. Ayni kunlarda uni elektr tarmoqlariga ulash ishlari ketayotgani oydinlashadi. Dalolatnoma ishtirokchilari mazkur ishlarni tez kunlarda tugatish yuzasidan yordamchi pudratchidan kafolat xati olishgani ham ma'lum qilingan. Mazkur hujjat 2020 yil 30 may kuni imzolangan (ijodiy jamoa muammoni o‘rgangan kuni).

2020 yil 29 may kuni esa «Qashqadaryo suv ta'minoti» MChJ tomonidan ayni muammo yuzasidan Uy-joy, kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligiga ham murojaat xati chiqarilgan. 8 may kuni esa Qashqadaryo viloyat suv ta'minoti va oqova suv obektlari qurilishi bo‘yicha injiniring kompaniyasi Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudiga «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ maxsus mexanizatsiyalashgan yo‘l stansiyasi MChJ ustidan da'vo arizasi kiritgan.

Da'vo arizada Nishon tumanidagi «Navro‘z» MFY hududida joylashgan suv inshootini rekonstruksiya qilish uchun «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ maxsus mexanizatsiyalashgan yo‘l stansiyasi MChJ hisob raqamiga 4 milliard 102 million so‘mdan ziyod mablag‘ ko‘chirilgani aytilgan. Mana shuncha mablag‘ ko‘chirilganiga bir yildan ziyod vaqt o‘tib ham mahalladagilar o‘zlarining tili bilan aytganda, «qurbaqali», «kaltakesakli» suvni ichishmoqda.

Odatda, yirik loyihalar o‘sha soha bo‘yicha tajribaga ega, sinovdan o‘tgan, oldingi loyihalarni o‘z vaqtida bajarib qo‘ygan qurilish korxonalariga beriladi. Ammo Qashqadaryoda yana bir qator loyihalarning aynan «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ maxsus mexanizatsiyalashgan yo‘l stansiyasi MChJga berilganiga guvoh bo‘lish mumkin. Holbuki, boshqa loyihalarning ham aksariyati o‘lda-jo‘lda.

2018 yil 28-29 yanvar kunlari Qashqadaryoga tashrif buyurgan prezident Shavkat Mirziyoyev viloyat ahlining ichimlik suv muammosini tilga olgan. Bu bo‘yicha qator topshiriqlar bergan. Aniqrog‘i, Chiroqchi tumanida davlat rahbari ishtirokida o‘tkazilgan yig‘ilishda viloyat bo‘yicha 54ta aholi punktida ichimlik suv tarmoqlari va quduqlari qurish, rekonstruksiya qilish yuzasidan aniq topshiriqlar berilgan.

Shu maqsadda viloyat budjetidan 5 milliard so‘m mablag‘ ajratilib, Kitob, Chiroqchi tumanlari va Shahrisabz shahrida suv inshootlari qurilish-ta'mirlash ishlari amalga oshiriladi. Buyurtmachi «Suv ta'minoti va oqava suv obektlari qurilishi bo‘yicha injiniring kompaniyasi» Samarqand mintaqalararo filiali, bosh pudratchi – «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ maxsus mexanizatsiyalashgan yo‘l stansiyasi MChJ etib tayinlanadi.

«O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ maxsus mexanizatsiyalashgan yo‘l stansiyasi MChJ tomonidan tanlangan yordamchi pudratchilar yuqorida aytilgan shahar, tumanlarda 4ta obektda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlarni oxiriga yetkazmagan. Bu tabiiyki, ushbu hududlar aholisining haqli e'tiroziga sabab bo‘lmoqda (Bu haqda ham «Qashqadaryo suv ta'minoti» MChJ ayni muammo yuzasidan Uy-joy, kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligiga yuborgan xatida ma'lum qilgan va bosh pudratchi bu ishlarni nazorat qilmagani aytilgan).

Xullas, davlat tomonidan milliardlab mablag‘ ajratilgan bo‘lsa-da, ichimlik suv tarmoq va inshootlarida chala qoldirilgan ishlar sababli aholi aziyat chekmoqda. Og‘irlik ularga tushyapti.

Aslida, bu kabi murojaatlarda aholi va hokimlik yoki biror mas'ul eshitiladi. Ammo anglashilyaptiki, bu vaziyatda butun mexanizm, tizim zararlangan. Murakkabliklarning barchasi sun'iy. Arqon juda uzun. Javobgar va mas'ulni topdingiz ham deylik, ishni tugallab qo‘yish, sud orqali davlat mablag‘ini joyiga qo‘ydirishni oylab, yillab kutasiz. Aholi esa kutaveradi, kutaveradi.

Shu o‘rinda yana bir gap. Nishondagi «Baynalminal» mahallasi «Obod qishloq» dasturiga kiritilgan. O‘tgan yili hududda nimalardir qilingan. Ayni vaqtda tuman e'tiborini boshqa loyihaga qaratgani uchun baynalminalliklar unutilgan. Aniqrog‘i, u yerda davlat dasturi bilan amalga oshirildi, deb maqtanadigan deyarli hech narsa yo‘q.

Kun.uz hududdagi suv inshootlari taqdiri va «Obod qishloq» dasturi bilan bog‘liq mazkur vaziyatni kuzatishda davom etadi.

Anvar MUSTAFOQULOV, Isomiddin PO‘LATOV,
Kun.uz muxbirlari.

Tasvirchi: Faxriddin HOTAMOV. 

Mavzuga oid