Jahon | 13:44 / 07.06.2020
21071
4 daqiqa o‘qiladi

Aktyor Dueyn Jonson o‘z nutqidan keyin prezidentlik uchun «jiddiy nomzod»ga aylandi

Amerikalik mashhur aktyor Dueyn Jonson AQSh prezidenti lavozimiga da'vogarlar orasida mashhurlik bo‘yicha uchinchi “nomzod”ga aylandi. Aktyorga bu borada jiddiy ishonch bildirilmoqda, vaholanki u o‘z nomzodini AQSh prezidenti lavozimiga hattoki ilgari surmagan.

Foto: Getty Images

Newsweek nashrining xabar berishicha, Jonsonning reytingi ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida AQShdagi namoyishlarni qo‘llab-quvvatlab so‘zlagan nutqidan keyin yuqorilab ketgan.

Britaniya bukmekerlik idoralarida AQSh prezidenti lavozimiga nomzodlar reytingida uni faqatgina AQSh prezidenti Donald Tramp va Jo Bayden ortda qoldirmoqda. 

“Davlatimiz tiz cho‘kib, iltimos qilayotgan, iltijo qilayotgan, g‘azablangan, umidsizlikka uchragan, azoblanayotgan, shunchaki uni eshitishlarini istayotgan bir paytda yetakchimiz qani? “O‘rningdan ko‘taril, men sen bilan. Men seni eshitmoqdaman, men senga quloq tutmoqdaman”, deydigan yetakchimiz qani?”, deb aytgan aktyor o‘z nutqida.

Aktyorning yozishicha, mamlakat majruhlangan, uni eshitishlarini va o‘zgarishlar yuz berishini istamoqda. “Qani bizning kuyunchak rahbar? Eng og‘riqli, biz unga eng ko‘p muhtoj bo‘lgan damda mamlakatimizni birlashtirib, bizni ilhomlantiradigan yetakchi. Davlatimiz uchun butun javobgarlikni o‘z zimmasiga oladigan va undagi barcha ranglarni qabul qiladigan. Davlatimizni oyoqqa turg‘azib va “sizga so‘z beraman, biz birgamiz, o‘zgarishlar yuz beradi” deydigan yetakchi. Qayerdasiz? Chunki biz bu yerdamiz. Balki bunday yetakchi qachondir paydo bo‘lar. Nima bo‘lganda ham, o‘zgarishlar jarayoni boshlandi”, deb qo‘shimcha qilgan aktyor. 

Aktyor nutqi videosini ikki kun ichida 13,5 mln kishi ko‘rgan.

Dueyn Jonson siyosat bilan shug‘ullanmaydi, biroq dolzarb muammolar bo‘yicha muntazam o‘z fikrlarini bildirib, bir necha bor AQSh hukumatini tanqid ostiga olgan. 

Aktyor 2018 yilda Rolling Stone nashriga bergan intervyusida kelgusida siyosiy faoliyatni boshlashi mumkinligini aytgan.

Mavzuga oid