O‘zbekiston | 22:29 / 07.06.2020
33249
2 daqiqa o‘qiladi

Andijonda svetofor to‘siniga chiqib, viloyat hokimini chaqirib berishlarini talab qilgan fuqaro 15 sutkaga qamaldi

Andijon shahrida noqonuniy qurgan uyi buzilishga tushgan 42 yoshli erkak svetofor to‘siniga chiqib, viloyat hokimini chaqirib berishlarini talab qildi. Shifokor xulosasiga ko‘ra, u mast holda bo‘lgan. Endilikda fuqaro 15 sutkani panjara ortida o‘tkazadi.

Kun.uz'ga ma'lum bo‘lishicha, voqea 6 iyun kuni soat 10:00 atrofida, Andijon shahrining Amir Temur va Bobur shox ko‘chalari kesishgan chorrada ro‘y bergan.

Sud qarorida bayon qilinishicha, O.R. mast holda svetoforning temir ustuniga chiqib olib, jamoat joyida niqobsiz yurib, uyatli so‘zlar bilan so‘kingan; viloyat hokimini chaqirib berishlarini talab qilib, aks holda o‘z joniga qasd qilishini aytgan.

Shu kunning o‘zida ma'muriy ishlar bo‘yicha Andijon viloyat sudida sud majlisi o‘tkazilgan va unda sudlanuvchi aybiga iqror bo‘lgan.

O.R.ning so‘zlariga ko‘ra, u hokimlik vakillari 15 kun avval kelib, Andijon shahar Sanoat MFYda noqonuniy qurib olgan uyi buzilishga tushishini aytganidan keyin shunday yo‘l tutgan.

Ma'lum bo‘lishicha, chorrahadagi svetoforning ustuniga chiqib olgan fuqaro IIB xodimlarining pastga tushish talabiga bo‘ysunmagan. Ma'lum vaqt o‘tgach, Milliy gvardiya va FVV xodimlari ham yetib kelib, qutqaruv setkasini yozishgan va u sakrab pastga tushgan.

Shundan so‘ng O.R. tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish uchun olib borilgan va shifokor uning mast ekani haqida xulosa bergan.

Sud qarori bilan, sudlanuvchiga MJtKning 183-moddasi bilan 15 sutka ma'muriy qamoq jazosi, 54-modda 1-qismi bilan BHMning 2 baravari miqdorida (446 ming so‘m) jarima va 194-modda 1-qismi bilan BHMning 1 baravari miqdorida (223 ming so‘m) jarima jazolari tayinlangan.

Sud O.R. vaqtincha ishsizligi, qaramog‘ida ikki nafar voyaga yetmagan farzandi borligi va moddiy ahvolini hisobga olib, uni maxsus qabulxonada saqlash bilan bog‘liq xarajatlar undirilishidan ozod qilgan.

Mavzuga oid