O‘zbekiston | 14:47 / 08.06.2020
87369
2 daqiqa o‘qiladi

7 iyun kuni aholi orasida 217 holat aniqlandi – Otabekov vaziyat murakkablashayotgani haqida

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi boshlig‘i, Respublika bosh davlat sanitariya inspektori Nurmat Otabekov koronavirus bilan bog‘liq vaziyat murakkablashgani haqida gapirdi.

«Mamlakatimizda koronavirus infeksiyasiga chalingan fuqarolar soni 4 ming 352 nafarga yetdi. 7 iyun kuni 86, kasallik qayd etilgandan buyon esa 3 ming 354 nafar, ya'ni 77 foiz bemor to‘liq sog‘aygan. Sog‘liqni saqlash vazirligi taqdim etgan ma'lumotga ko‘ra, shifoxonalarda 981 bemor davolanmoqda, 6 nafarining ahvoli og‘ir, 2 nafarining ahvoli o‘ta og‘ir. 45 mingdan ko‘proq fuqaro karantin tadbirlari bilan qamrab olingan. Ularning 22 mingga yaqini statsionar sharoitda karantinga joylashtirilgan.

Hurmatli yurtdoshlar! Koronavirus kasalligi bo‘yicha epidemik vaziyat o‘ta murakkabligicha saqlanib turibdi. Kuni kecha qayd etilgan Toshkent shahridagi 195 nafar, Toshkent viloyatidagi 10 nafar, Xorazm viloyatidagi 8 nafar va Sirdaryo viloyatidagi 4 nafar bemor aholi orasidan qayd etilgan.

Bundan ko‘rinib turibdiki, vaziyat murakkablashib bormoqda. Har birimiz ko‘chaga chiqish, muloqotga kirishish orqali kasallanish ehtimolimiz borligini unutmasligimiz kerak. Karantin tadbirlariga to‘liq rioya qiling. Doka niqobda bo‘ling, muloqotlarda oraliq masofani saqlang, uyga qaytganingizdan keyin antiseptik vositalardan foydalaning.

Ming afsuski, aholi orasida bu kabi tavsiyalarga panja orasidan qarayotgan, befarq munosabatda bo‘layotganlar ko‘payib ketyapti. Vaziyat murakkablashib borayotganini bilib turibsiz. Uni ijobiy yoki salbiy tomonga o‘zgartirish har birimizning harakatimizga bog‘liq ekanini unutmang», degan bosh davlat sanitariya inspektori o‘z bayonotida.

Ma'lumot uchun, 8 iyun kuni tongida ham jami 21 kishida virus aniqlandi, shundan 8tasi aholi orasida qayd etilgan (Navoiy viloyatida 5, Toshkent viloyatida 3 holat).

Mavzuga oid