Jamiyat | 16:04 / 08.06.2020
100675
5 daqiqa o‘qiladi

«Avto 60 oy»dan «Avto 70 oy»ga: yana yuzlab odamlar chuv tushirildi

Yuzlab fuqarolar biror bir foizlarsiz, bo‘lib to‘lash sharti bilan 70 oyda avtomashina olib berishga va'da qilgan ucharlarga aldangan bo‘lishi mumkin.

Illyustrativ foto

Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti tomonidan «Avto oltmish oy» mas'uliyati cheklangan jamiyatining mansabdor shaxslari va boshqalarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 188-1-moddasi birinchi qismi, ya'ni pul mablag‘larini va boshqa mol-mulkni jalb etishga doir noqonuniy faoliyatini tekshirish maqsadida jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani xabar qilingandi.

Tergovda «Avto 60 oy» tomonidan 18 ming 818 nafar odamdan jami 57 milliard so‘mdan ortiq pul yig‘ib olingani ma'lum bo‘lgandi.

Ammo buni qarangki, ayrim sodda hamyurtlarimiz peshona teri bilan ishlab topgan pullarini uzoq muddatga bo‘lib to‘lash sharti bilan avtomobil olish ilinjida navbatdagi firibgarlarga qo‘shqo‘llab topshirishgan ekan.

Tahririyatga kelgan murojaatlardani birida bayon etilishicha, faoliyatini Jizzax viloyatida tashkil qilgan «Almaz Super Avto» MChJ rahbari X.D. nomidan 70 oyga bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan avtomobil yetkazib berish mazmunida yuzlab fuqarolar bilan shartnomalar tuzib kelgan. Navbatdagi firibgarlikning o‘ziga xos jihati shundaki, dastlab fuqarolar bilan avtotransport vositasini sotib olish uchun navbatga turish shartnomalari imzolangan va shartnomaning asosiy shartlaridan biri sifatida mijozlarga navbatda turish uchun MChJning reklama flayerini sotib olish majburiyati yuklangan.

Qizig‘i, shartnomalarda ushbu MChJ Jizzax shahrida ro‘yxatdan o‘tgani ko‘rsatilgan bo‘lsa-da, unga aldanganlar respublikaning deyarli barcha hududlaridan topiladi. Jumladan, Namangan viloyatida yashovchi fuqaro Uvaysxon Avliyayevning Kun.uz tahririyatiga ma'lum qilishicha, MJChning «Namangan filiali» uni jami 3 200 AQSh dollari (28 981 000 so‘m)ga chuv tushirgan. Ya'ni, 2019 yil 12 avgust kuni u bilan avtotransport vositasini sotib olish uchun navbatga turish shartnomasini tuzish va MChJning reklama flayerini sotib olish uchun 9 100 000 so‘m va keyinroq, o‘zini «Almaz Super Avto» MChJning boshlig‘i E.I. sifatida tanishtirgan shaxs unga, agar shartnomada belgilangan 120 kunlik navbatda turish muddatini kutishni istamasa, avtomobilni muddatidan avval ham chiqarib berishlari mumkinligini aytib, bu xizmat uchun 2019 yilning 1 noyabr kuni «Andijondagi filial»ga qo‘shimcha 19 881 000 so‘m to‘lov qildirgan.

Andijon viloyatida istiqomat qiluvchi fuqaro Tashbayev Ibodulla Lutbidinovich esa o‘zining tahririyatga murojaatida avtotransport vositasini sotib olish uchun navbatga turish shartnomasi doirasida reklama flayeriga 8 000 000 so‘m to‘laganini ma'lum qilgan.

Yuqoridagi fuqarolarning hech biriga avtomobil yetkazib berilmagan.

Firibgarlar go‘yoki o‘zlarining qonuniy faoliyat yuritayotganini bildirish uchun mijozlar bilan belgilangan namunadagi shartnomalar tuzgan, to‘lovlari uchun kvitansiyalar ham bergan. Demak, ushbu holatda firibgarlikdan tashqari hujjatlarni qalbakilashtirish jinoyati ham sodir etilgan bo‘lishi ehtimoldan xoli emas.

Shuningdek, shartnomalarda «Almaz Super Avto» MChJning Jizzax shahar tadbirkorlik sub'yektlariga yagona darcha tamoyili bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatish yagona markazidan 1000-son bilan ro‘yxatdan o‘tgan Nizom asosida faoliyat ko‘rsatishi iddao qilingan.

Bulardan tashqari, jamiyat egalari mijozlarga quyidagi ko‘rinishdagi sertifikatlarni ham taqdim etishgan:

Ushbu vaziyat bo‘yicha «Almaz Super Avto» MChJ bilan bog‘lanish uchun uning mijozlar bilan tuzgan shartnomasida ko‘rsatilgan telefon raqamlariga qo‘ng‘iroq qilganimizda ushbu raqamlar ishlamayotgani, shuningdek tashkilotning internet tarmog‘ida biror bir sahifasi mavjud emasligi  ma'lum bo‘ldi.

«Hozirda E.I.ni qamashgan. Jizzax shahar IIB tomonidan hamma viloyatlardagi IIBlarga ariza berishimiz kerakligi aytilgan edi. Biz arizalarimizni noyabr oyida berganmiz. Yanvar oyida tergov tugatildi hamda ish sudga chiqariladi, deganigayam mana 5 oy bo‘ldi, haligacha daragi yo‘q», – deydi Uvaysxon Avliyayev.

Tahririyat ko‘p sonli fuqarolarni qiziqtirayotgan mazkur masalada rasmiy idoralardan tegishli munosabat kutib qoladi.

Abbos Salaydinov

Mavzuga oid