O‘zbekiston | 20:20 / 08.06.2020
27962
2 daqiqa o‘qiladi

Charter reys orqali qaytayotganlar orasida virusga chalinganlar bo‘lsa, u samolyot salonidagi barchaga yuqishi mumkin - aviatsiya muhandisi

Kun.uz muxbiri bilan suhbatlashgan aviatsiya muhandisi Ravshan Sunnatillayevning aytishicha, charter reyslar orqali O‘zbekistonga qaytayotganlar orasida kimdir virusga chalingan bo‘lsa, samolyotning konditsioner tizimi orqali salondagi barcha yo‘lovchilar kasallanishi mumkinligini aytdi.

“Boshqa davlatlarda qolib ketgan, charter reys orqali O‘zbekistonga olib kelinishini kutayotgan hamyurtlarimiz kasallik yuqmasligi uchun barcha xavfsizlik choralarini ko‘rishlari lozim. Ya'ni samolyot bortiga chiqishdan avval tibbiy niqoblar, ko‘zoynaklar va qo‘lqoplarni taqib olish, iloji bo‘lsa, kiyim ustidan maxsus kombinezonlarni kiyib olishlari tavsiya etiladi. To‘g‘ri, bir necha soatlik parvoz davomida bunday holatda o‘tirish osonmas, lekin chidasa bo‘ladi.

Bunday deyayotganimning sababi, bordi-yu xorijdan olib kelinayotgan yurtdoshlarimizning orasida kimdir koronavirusga chalingan bo‘lsa, virus samolyotning konditsioner tizimi (Air condition system) orqali butun salonga tarqalishi, natijada hech qanday infeksiyaga chalinmagan odamlar ham kasallikni osongina yuqtirib olishlari mumkin. Deylik, oxirgi qatordagi o‘rindiqda o‘tirgan bemor odamning nafasi orqali samolyotning biznes-klassida ketayotgan yo‘lovchilar ham zararlanadi.

Samolyotning konditsioner tizimi – bortdagi havoni salon bo‘ylab bir xilda ta'minlab turadigan tizim. Ushbu tizim orqali tarqalgan havo zarrachalari tufayli hattoki samolyotni boshqarib ketayotgan uchuvchilar, ekipaj a'zolari ham koronavirus bilan kasallanishi mumkin. Bundan hech kim sug‘urtalanmagan. Shuning uchun charter reyslar orqali uyga qaytayotganda hamma xavfsizlik choralariga rioya qilib ehtiyotini qilishsa, virus yuqishining oldini olgan bo‘lishardi”, deya Ravshan Sunnatillayevning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi boshlig‘i, Respublika bosh davlat sanitariya inspektori Nurmat Otabekov ham 8 iyun kuni AOKAda bo‘lib o‘tgan brifingda ishxonalarda ijtimoiy masofani saqlagan xolda ishlangan taqdirda ham markazlashgan, ya'ni umumiy ventilyatsiya tizimi orqali sovitiladigan binolarda koronavirus infeksiyasi havo orqali yuqishi mumkinligini tasdiqladi.

Mavzuga oid