Jamiyat | 22:02 / 08.06.2020
10080
3 daqiqa o‘qiladi

Shahrisabz shahridagi mahalla ichimlik suvidan nega uzib tashlangan?

Aholini ichimlik suv bilan ta'minlash shu kunning dolzarb muammolaridan. Ana shunday mazmundagi murojaat Shahrisabz shahrining «Kulollik» mahallasidan tahririyatimizga kelib tushdi.

Biz muammoning asl negizi nimadan iboratligini o‘rganish uchun Shahrisabzga yo‘l oldik. Mahallada bizni shu yerda istiqomat qilayotgan yoshi katta kishilar kutib olishdi. Biz ularga mikrofon tutdik.

Ma'lum bo‘lishicha, bir paytlar mahalladagi xonadonlar vodoprovoddan suv ichishgan. Ammo bundan o‘n yilcha oldin Shahrisabz shahrida qurilish boshlangach, aholi vakillariga ko‘ra, «Kulolchilik» mahallasi suvdan uzilgan. Montaj qilingan vodoprovod quvurlari endi yaroqsiz holatga kelib bo‘lgan.

Murojaatchilarning hikoya qilib berishlaricha, ayni paytda ular narigi ko‘chadagi jo‘mrakdan oqayotgan suvni tashib olib kelib iste'mol qilishmoqda.

Mahallada bir necha nafar ko‘zlari ojiz, birinchi guruh nogironlari bo‘lgan insonlar ham istiqomat qilishar ekan.

Mahalla ahlining hikoya qilib berishlaricha, ko‘chalarida yomg‘ir suvlarining chiqib ketishi uchun drenaj ariqlari ham yo‘q. Bahorda va kuzda ko‘chalarni, hovlilarni suv bosadi.

Bu yerda yer osti suvlarini ichish mumkin emas. Chunki xonadonlar kichkina, hovlilarda bir-biriga yaqin qazilgan hojatxona o‘rasi suv sifatini buzadi. Undan faqat sug‘orish va kir yuvishdagina foydalanish mumkin. Ana shu quduq ham hamma xonadonda yo‘q. Shu sababli ko‘pchilik kir yuvish, cho‘milish uchun ham suvni narigi ko‘chadan tashib keltirishadi.

Mahalla ahli bu haqda mutasaddilarga bir necha bor murojaat etishganini gapirib o‘tishdi.

Fikrimizcha, mahallaga suv o‘tkazish u qadar katta mablag‘ni talab etmaydi. Mahalla ahli Shahrisabz shahri mutasaddilaridan ushbu mahallaga yordam qo‘lini cho‘zib, aholi dardiga quloq solib, mahallani ichimlik suv bilan ta'minlashni yaqin fursatlarda davlat dasturiga kiritib berishini so‘rashmoqda.

«Kulollik» mahallasiga suv qachon o‘tkaziladi? Umuman, mahalla ahlini uzluksiz suv bilan ta'minlashning imkoni bormi? Shahrisabz mutasaddilaridan ushbu savollarga javob kutib qolamiz.

Shuhrat Shokirjonov, Kun.uz maxsus muxbiri.

Faxriddin Hotamov, tasvirchi.

Mavzuga oid