O‘zbekiston | 17:15 / 08.06.2020
34132
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda yana 18 kishida virus aniqlandi. Namangan viloyat IIBning ikki xodimi shifoxonaga yotqizildi

Sog‘liqni saqlash vazirligi mamlakatda yana 52 kishiga koronavirusdan zararlanish tashxisi qo‘yilganini ma'lum qildi.

«2020 yil 8 iyun soat 17:00 holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 4404 (+52) nafarni tashkil etmoqda.

Yangi kasallanish holatlarining 29 nafari Karantin markazidagi (barchasi xorijdan kelgan) fuqarolar orasida, 18 nafari Toshkent shahrida (jumladan, «O‘rikzor» savdo majmuasi sotuvchisining qarindoshlari va qo‘shnilari, «Ravnaq bank»ning Shayxontohur filiali xodimi), 3 nafari Namangan viloyatida (shundan 2 nafari viloyat ichki ishlar boshqarmasi xodimlari), 1 nafari Toshkent viloyatidan («O‘rikzor» savdo majmuasi sotuvchisining qarindoshi) aholi orasida, qolgan 1 nafari Sirdaryo viloyatida Rossiyadan chegara post orqali kirib kelgan xalqaro yuk tashuvchi avtomashina haydovchisida aniqlangan.

Ayni paytda yurtimizda 3357 (+3) nafar koronavirus infeksiyasiga chalingan fuqarolar (2 nafari Samarqand viloyatida, 1 nafari Toshkent shahridagi Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy-tekshirish instituti klinikasida) sog‘aydi», – deyiladi xabarda.

Hozirda O‘zbekistonda Covid-19`dan davolanayotgan bemorlar soni 1030 nafarni tashkil etmoqda.

Bugun soat 10:00 holatiga bemorlar soni 21 nafarga ortgani xabar qilingandi.

Eslatib o‘tamiz, kecha – 7 iyun kuni kunlik yangi holatlar rekord darajada ko‘p qayd etildi: bemorlar soni bir kunda 237 nafarga ortib ketdi. Ulardan 217tasi aholi orasida, 195 nafari Toshkent shahrida qayd etildi.

Namanganda bir nafar ichki ishlar xodimida virus aniqlangani haqida 6 iyun kuni xabar berilgan edi. O‘sha kuni «O‘rikzor» bozori virus o‘chog‘iga aylangani aytilgandi.

Mavzuga oid