O‘zbekiston | 20:56 / 08.06.2020
6087
5 daqiqa o‘qiladi

Yangi qonun bilan xalqaro transport yo‘laklari rivojlantirilishi kutilmoqda

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi axborot xizmatining xabar berishicha, shu kunlarda quyi palatada “Transport to‘g‘risida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqish uchun tayyorlanmoqda. Loyihada xalqaro transport yo‘laklarini rivojlantirishda yig‘ilib qolgan jiddiy muammolarni hal qilish ko‘zda tutilgan.

“Qonun loyihasiga mas'ul — Sanoat, qurilish va savdo masalalari qo‘mitasi a'zolarining fikricha, bugungi kunda transport faoliyatini tartibga soluvchi alohida qonun hujjatlari mavjud bo‘lib, bulardan “Avtomobil transporti to‘g‘risida”gi, “Temir yo‘l transporti to‘g‘risida”gi qonunlar, Havo kodeksi va boshqa ko‘plab qonun hujjatlarini keltirish mumkin. Biroq barcha turdagi transportlarning optimal, muvozanatlashgan va uyg‘unlashgan o‘zaro aloqasini ta'minlaydigan, ularni samarali logistika, aralash yo‘nalishlar sonini kengaytirish orqali yagona transport tarmog‘iga integratsiya qilish yo‘llarini aniqlaydigan yagona qonun yo‘q.

Transport turlari — aviatsiya, temir yo‘l, avtomobil, suv transporti — bir-biridan alohida, o‘z sohasiga oid maqsadlarga intilib rivojlangan. Aslida, transport yo‘llarida mazkur transport turlari o‘rtasida o‘zaro muvofiqlashtirish mavjud emas.

Ko‘rib chiqilayotgan “Transport to‘g‘risida”gi qonun loyihasi va tarmoq qonun hujjatlari teng yuridik kuchga ega. Sanab o‘tilgan barcha qonun hujjatlari (rejalashtirilgani ham, amaldagilari ham) bir-biriga zid bo‘lmagan, bir vaqtning o‘zida ishlaydigan, bir-birini to‘ldiradigan va to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiladigan normalarni belgilaydi”, deydi quyi palata axborot xizmati rahbari Hojiakbar To‘laganov.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Sanoat, qurilish va savdo masalalari qo‘mitasi raisi Vahobjon Muratqobilovning qayd etishicha, ushbu qonun loyihasining maqsadi — avtomobil, havo, suv, temir yo‘l, shahar yo‘lovchi transporti faoliyati va hamkorligining huquqiy, iqtisodiy hamda tashkiliy asoslarini belgilashdan iborat.

“Qonun loyihasini ishlab chiqish paytida idoralararo ishchi guruhi tomonidan barcha tarmoq qonun hujjatlarini yagona qonunga birlashtirish masalasi ko‘rib chiqilgani diqqat markazimizda bo‘ldi. Masalan, AQShda katta hajmli Model transport kodeksi bor. Bunday birlashtirish maqsadga muvofiq emas, degan qapop qabul qilingan. Bu qanchalik to‘g‘ri yoki noto‘g‘riligini, albatta, uni yanada muhokama qilish chog‘ida ko‘rishimiz mumkin.

Mazkur qonun loyihasini ishlab chiqishda tashish shartnomasini tuzish, kira haqi, tashish shartnomasidan kelib chiqadigan majburiyatlar bo‘yicha javobgarlik va boshqalar asosida amalga oshiriladigan tijorat transport faoliyatini nazarda tutuvchi Fuqarolik kodeksining yo‘lovchi, bagaj va yuk tashishga oid bobi asos qilib olingan.

Mamlakat transport kompleksi rivoji uchun tranzit siyosati birinchi darajadagi muhim omillardan sanaladi. Taklif etilayotgan qonun loyihasining yana bir muhim jihati xalqaro transport yo‘laklarini rivojlantirishda yig‘ilib qolgan jiddiy muammolarni hal qilish uchun mo‘ljallanganidir”, deydi u.

Qo‘mita raisining ta'kidlashicha, qonun loyihasida transport faoliyatini davlat tomonidan tartibga solish va boshqarish, Vazirlar Mahkamasi, Transport vazirligi, mahalliy davlat hokimiyati organlari, shuningdek, ushbu sohada davlat nazorati, transport faoliyatini litsenziyalash, transport vositalarini sertifikatlash va transport tariflari aks etgan. Shu bilan birga, Vazirlar Mahkamasiga bir qator vakolatlar berish ko‘zda tutilmoqda. Bularning barchasi qonun loyihasi muhokamasi davomida mufassal ko‘rib chiqiladi.

Ushbu hujjat qabul qilingan taqdirda qonunchilikdagi mavjud kamchiliklar bartaraf etilishi, transport faoliyatini, shu jumladan, aralash tashishlarni amalga oshirishda transport tashkilotlari va ular xizmatlaridan foydalanuvchilar o‘zaro hamkorligining huquqiy asoslari yaratilishi, milliy transport tizimining xalqaro transport-logistika tizimiga integratsiyalash jarayonlarini chuqurlashtirish uchun shart-sharoitlar yaratilishi kutilmoqda.

Mavzuga oid