Jamiyat | 18:33 / 09.06.2020
11605
8 daqiqa o‘qiladi

Bo‘stonliq tuman hokimligi tadbirkor tarafida. «O‘zbekgidroenergoqurilish» AJning maqsadi nima?

Bo‘stonliq tuman ma'muriy sudida tuman hokimining 2019 yildagi qarorlarini bekor qilishni so‘rayotgan «O‘zbekgidroenergoqurilish» AJning shikoyati bo‘yicha sud ishi davom etmoqda. Davlat idoralarining o‘zaro murosasi kelishmasligi ortidan mulkni onlayn auksionda sotib olgan tadbirkor ham ishga jalb etilgan.

«O‘zbekgidroenergo» aksiyadorlik jamiyatining quyi organi hisoblangan «Energoqurilishindustriya» unitar korxonasi (har ikkala tashkilotning yuz foizlik aksiyalari davlatga tegishli) 2019 yil 15 avgust kuni Bo‘stonliq tuman hokimiga xat yo‘llab, hokimlik balansidagi, Iskandar MFY hududida joylashgan, qurilish osti maydoni 952,2 kv.m bo‘lgan bino inshootlarini 3,7 gektar umumiy yer maydonlari bilan birga hokimlik zaxirasiga olishni so‘ragan.

Xususan, xatda prezidentning 2018 yil 4 sentyabrdagi PQ-3928-sonli qarori ijrosi doirasida korxonaga tegishli hududda joylashgan ishlab chiqarish jarayoni uchun ahamiyati qolmagan va kelajakda foydalanish ko‘zda tutilmagan 3,7 gektar yer maydoni va shu maydonda joylashgan 7ta eski ta'mirtalab bino uchun korxona yillik 58,7 mln so‘mlik soliqlar to‘lab kelayotganini inobatga olib, ushbu mulkni korxona balansidan chiqarish va Bo‘stonliq tumani hokimligi zaxirasiga olish so‘ralgan.

Ushbu xatga asosan, tuman hokimining 2019 yil 16 sentyabrdagi 187-sonli farmoyishi qabul qilinib, «Energoqurilishindustriya» UKga tegishli bino-inshootlar hamda yer maydoni hokimlik zaxirasiga olingan.

Ta'kidlash joizki, qariyb 20 yildan buyon qarovsiz va tashlandiq holatda bo‘lgan va ixtiyoriy ravishda tuman hokimligi zaxirasiga berilgan ushbu obekt davlat mulki obektlaridan oqilona foydalanish, foydalanilmayotgan yoki samarasiz foydalanilayotgan bino-inshootlar va yer uchastkalarini ishlab chiqarish faoliyatiga jalb etish, shu jumladan ularni hokimliklar balansiga olish va keyinchalik investitsiyaviy va ijtimoiy majburiyatlar asosida tadbirkorlik sub'yektlariga realizatsiya qilishga oid prezident va hukumatning farmon va qarorlariga asosan onlayn auksion savdolariga chiqarilgan.

2020 yil 19 fevral kuni o‘tkazilgan davlat onlayn auksion savdolarida «Kavsar madad» xususiy korxonasi g‘olib chiqib, Bo‘stonliq tumani Iskandar MFY hududida joylashgan, tuman hokimligi balansidagi, qurilish osti maydoni 952.2 kv.m bo‘lgan bino inshootlarini 3,7 gektar umumiy yer maydonlari bilan birga sotib olgan.

Hozirga qadar tadbirkor tomonidan u yerga investitsiya loyihasi doirasida 6 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ yo‘naltirilgan.

Lekin «O‘zbekgidroenergoqurilish» AJ 2020 yil 12 mart kuni Bo‘stonliq tuman ma'muriy sudiga javobgar Bo‘stonliq tuman hokimligiga nisbatan hokimning xatti-harakatlarini g‘ayriqonuniy va chiqarilgan qarorlarini haqiqiy emas deb topish to‘g‘risida shikoyat kiritgan.

Voqeaning tafsilotlari haqida avvalgi maqolada batafsil bayon qilingan edi.

Sud ishi yakuniy pallaga kirdi

Karantin tufayli tanaffus e'lon qilingan sud ishi joriy yilning 5 iyun kuni davom ettirildi va taraflarning muzokara nutqi tinglandi.

«O‘zbekgidroenergoqurilish» AJning ishonchli vakili va «Energoqurilishindustriya» unitar korxonasi manfaatini himoya qilgan advokat muzokara nutqida «Energoqurilishindustriya» UK o‘z mol-mulkini tasarruf etish huquqga ega bo‘lmaganini, «O‘zbekgidroenergoqurilish» AJ kuzatuv kengashining roziligi bo‘lmasdan turib mol-mulklarini begonalashtirish huquqiga ega emasligini, shu boisdan ham Iskandar MFYdagi yer uchastkasi va bino-inshootlarni hokimlik zaxirasiga olish to‘g‘risidagi farmoyishni haqiqiy emas deb topish, haqiqiy emaslikning oqibatlarini qo‘llash lozimligini so‘radi.

«Kavsar madad» xususiy korxonasi vakillari esa o‘z muzokara nutqida «Energoqurilishindustriya» unitar korxonasining 2019 yil 15 avgustdagi Bo‘stonliq tuman hokimiga yo‘llagan 01-05/44-sonli xati bir tomonlama bitim maqomida ekani, arizachi shikoyat talablarini qo‘llovchi dalil va isbot taqdim etmagani, aksincha muqaddam o‘zining davriy hisobotlarida mulkning Bo‘stonliq tuman hokimligi balansiga o‘tishi faktini tan olgan va ma'qullagan, qolaversa buning evaziga soliqlar va boshqa ajratmalardan ozod bo‘lganini ko‘rsatib o‘tdi.

Shuningdek, shikoyatning aksariyat talablari ma'muriy sud emas, iqtisodiy sudning vakolatiga taalluqli ekani, arizachi tomonidan sudga shikoyat kiritish muddati uzrsiz o‘tkazib yuborganini ta'kidlab, Oliy Sud Plenumining 2019 yil dekabragi «Ma'muriy organlar va ular mansabdor shaxslarining qarorlari, harakatlari (harakatsizligi) ustidan shikoyat qilish to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish bo‘yicha sud amaliyoti haqida»gi 24-son qarori 18-bandiga ko‘ra, ma'muriy organlar va ular mansabdor shaxslari qarorlari, harakatlari (harakatsizligi) ustidan shikoyat berish to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rishda, sud Fuqarolik kodeksining da'vo muddati to‘g‘risidagi normalarini qo‘llashga haqli emas va faqat Ma'muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeks hamda tegishli huquqiy munosabatlarni tartibga soluvchi qonunlarda nazarda tutilgan muddatlargagina asoslanishi kerakligiga oid normalardan iqtibos keltirdi.

Bundan tashqari, shikoyatning pirovardida xususiylashtirish natijasini bekor qilishga qaratilgani tufayli «Davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish to‘g‘risida»gi hamda «Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida»gi qonun talablari asosida ko‘rmay qoldirilishi lozimligi ta'kidlandi.

Bo‘stonliq tuman hokimligi tadbirkor tarafida

Sudda javobgar sifatida ishtirok etgan Bo‘stonliq tuman hokimligi yuristi Yoqubjon Qayumov esa, garchi muzokaraga tayyor emasligini ma'lum qilib, sud ishini boshqa kunga qoldirishni so‘ragan bo‘lsa-da, Kun.uz vakiliga bergan intervyusida «O‘zbekgidroenergoqurilish» AJ talablarining asossizligini, mulkni hokimlik zaxirasiga olish bilan bog‘liq harakatlar qonuniy amalga oshirilganini, shuning barobarida «O‘zbekgidroenergoqurilish» AJ ma'muriy sudga shikoyat kiritish uchun belgilangan muddat o‘tkazib yuborganini, navbatdagi sud majlisida taqdim etajak muzokara nutqida albatta ushbu holatlarni aks ettirishini ta'kidladi.

Sud ishni Bo‘stonliq tuman hokimligi vakilining muzokara nutqini eshitish uchun 12 iyun – juma kuniga qoldirdi.

Mavzuga aloqador bo‘lmagan ikkita fakt

«Yangiobod» turbazasining Oliy sud tomonidan o‘z egasiga qaytarilishi va «SULTON TEX GROUP» xususiy korxonasi bo‘yicha sud ishining tadbirkor foydasiga yakunlanganiga oid xabarlar shu kunlarning yaxshi yangiliklari sifatida ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari o‘rtasida keng muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.

Aksariyat fuqarolar shu ikki ish sabab sud organlari mustaqilligining ta'minlanayotgani va sudyalarning adolatli va qonuniy qarorlar qabul qilayotganini olqishlagan.

«O‘zbekgidroenergoqurilish» AJning maqsadi hamon ma'lum emas

Avvalgi maqolada «O‘zbekgidroenergoqurilish» AJga tahririyat va jamoatchilikni qiziqtirayotgan bir qator savollar qo‘yilgan edi.

Oradan shuncha vaqt o‘tgan bo‘lishiga qaramay, kompaniya uzoq yillar tashlandiq holda yotgan binosini investitsiya kiritib, yuzlab ish o‘rinlari yaratmoqchi bo‘layotgan tadbirkordan tortib olishidan ko‘zlagan maqsadi nima ekani hanuz mavhum bo‘lib qolmoqda.

Voqealar rivojini kuzatishda davom etamiz.

Dilshod Abduqodirov

Дилшод Абдуқодиров
Tayyorlagan Дилшод Абдуқодиров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid