Jamiyat | 09:45 / 09.06.2020
29581
13 daqiqa o‘qiladi

Hazorasplik fermer yerdan mahrum qilindi, u rejalarni ortig‘i bilan bajarib kelgan 

Xorazm viloyati, Hazorasp tumanidagi «Ulug‘bek» fermer xo‘jaligi yerlari davlat zaxirasiga qaytarildi. 66 yoshli fermer hosil rejalarini ortig‘i bilan bajarganini ta'kidlamoqda.

Hazorasp tumani, «Beshta» qishlog‘idagi «Ulug‘bek» fermer xo‘jaligi 1994 yilda Qadamboy Ibodullayev tomonidan chorvachilik yo‘nalishi bo‘yicha tashkil qilingan. Keyinchalik faoliyati paxta-g‘alla yo‘nalishiga o‘zgartirilib, yer maydonlari 113,1 gektarga yetkazilgan.

66 yoshli Qadamboy aka 21 yil davomida fermer xo‘jaligini boshqarib, nafaqaga chiqqanidan so‘ng, rahbarlikni o‘g‘li Ulug‘bek Ibodullayevga topshirgan.

Hokim yerni zaxiraga qaytarish va fermer xo‘jaligini tugatish jarayonini boshlash haqida qaror chiqardi

2020 yil 3 aprel kuni Hazorasp tumani hokimi O‘ktam Masharipov tomonidan «Ulug‘bek» fermer xo‘jaligiga tegishli 113,1 gektar yerni davlat zaxirasiga qaytarilishi, fermer xo‘jaligini qonunchilikda belgilangan tartibda tugatish jarayonini amalga oshirish, yerlarni esa qayta tanlovga qo‘yish haqida qaror chiqarildi.

Bunday qarorning qabul qilinishiga «Yergeodezkadastr» davlat qo‘mitasi Hazorasp tumani bo‘limi taqdimnomasi asos qilib olingan.

Unda 2019 yil hosili uchun (!) asosiy maydonga 48,1 gektar paxta ekish rejalashtirilgan bo‘lib, amalda 57,8 gektar (9,7 gektar ortiqcha) paxta ekilgani, 27,7 gektar g‘alla ekish rejalashtirilgan bo‘lib, amalda 33,1 gektar g‘alla ekilgani (5,4 gektar ortiqcha), 2,7 gektar sabzavot, 1,6 gektar beda ekish rejalashtirilgan bo‘lib, amalda ushbu ekinlar umuman ekilmagani, 1,9 gektar poliz ekish rejalashtirilgan bo‘lib, amalda 3,8 gektar ekilgani (1,9 gektar ortiqcha), rejadagi 2 gektar mosh o‘rniga, 3,2 gektar mosh (1,2 gektar ortiqcha) ekilgani, rejadagi 6,5 gektar ozuqa ekinlari o‘rniga 6,2 gektar (0,3 gektar kam) ekilgani, 4,9 gektar makka silos o‘rniga 6,2 gektar ekilgani (1,3 gektar ortiqcha), 19,6 gektar sholi ekish rejalashtirilgan bo‘lib, amalda 28,9 gektar ekilgani (9,3 gektar ortiqcha) va 2,9 gektar yer maydonidan samarasiz foydalanib kelingani ko‘rsatilgan.

Bundan tashqari, fermer xo‘jaligi rahbari Ulug‘bek Ibodullayev tuman hokimligi bilan uzoq muddatli yer ijarasi shartnomasini tuzmasdan, yer maydonlaridan noqonuniy foydalanib kelayotgani qayd etilgan.

Hazorasp tumani fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi ham «Ulug‘bek» fermer xo‘jaligining ijara shartnomasini bekor qilib, yer maydonlarini tuman hokimligi zaxirasiga qaytarish to‘g‘risida xulosa bergan.

Xulosaning mazmuni «Yergeodezkadastr» davlat qo‘mitasi Hazorasp tumani bo‘limi taqdimnomasidan farq qilmaydi. Qo‘shimchasiga «Ulug‘bek» fermer xo‘jaligi Kengash hisob raqamiga 2,52 mln so‘m a'zolik badalini to‘lamasdan, «Respublikamiz qonun qoidalariga bepisandlik qilib kelayotgani» ko‘rsatilgan.

Hokimning noqonuniy qarori, unga asos qilib olingan taqdimnoma va xulosadagi chalkashliklar

«Ulug‘bek» fermer xo‘jaligiga tegishli 113,1 gektar yer davlat zaxirasiga qaytarilishi bo‘yicha qabul qilingan hujjatlarning sanasi e'tiborni jalb qiladi.

Jumladan, Hazorasp tumani hokimi qarori 2020 yil 3 aprel kuni imzolangan. Ammo bunga asos qilib olingan «Yergeodezkadastr» taqdimnomasi 6 aprel kuni, Kengash xulosasi esa 10 aprel kuni, ya'ni hokim qarori chiqqanidan so‘ng yozilganini qanday tushunish mumkin?

Bundan tashqari, prezidentning 5780-sonli farmoniga ko‘ra, 2020 yil 1 yanvardan boshlab Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, Toshkent shahri, tumanlar va shaharlar hokimlarining qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarini olib qo‘yish va bir fermer xo‘jaligidan boshqasiga o‘tkazish vakolati tegishli xalq deputatlari Kengashlariga berilgan edi.

Qarorning bekor qilinishi va uzoqqa bormagan quvonch

«Ulug‘bek» fermer xo‘jaligi rahbari Hazorasp tumani hokimi tomonidan chiqarilgan qaror ustidan prezidentning virtual qabulxonasiga murojaat yo‘lladi. Adliya vazirligi shikoyat bo‘yicha tekshiruv o‘tkazib, 2020 yil 3 aprel kuni Hazorasp tumani hokimi tomonidan «Ulug‘bek» fermer xo‘jaligiga tegishli 113,1 gektar yerni davlat zaxirasiga qaytarish to‘g‘risidagi qarorni qabul qilishda huquqbuzarlik holatlarga yo‘l qo‘yilganini aniqladi va uni bekor qilish haqida taqdimnoma kiritdi. Natijada, 2020 yil 7 may kuni bu qaror bekor qilindi va yerlar fermerga qaytarildi.

Ammo, qonun ustuvorligi ta'minlangani, adolat qaror topganidan xursand bo‘lgan fermerning quvonchi uzoq cho‘zilmadi.

2020 yil 12 may kuni Xalq deputatlari Hazorasp tumani kengashi bir qator fermer xo‘jaliklari, jumladan «Ulug‘bek» fermer xo‘jaligi bilan tuzilgan yer uchastkasini uzoq muddatli ijaraga berish shartnomasini bekor qilish haqida qaror chiqardi.

Unda «Ulug‘bek» fermer xo‘jaligi shartnomaviy shartlarni bajarmasdan, belgilangan ekin turlarini ekmasdan, yer ijara shartnomasini tuzmasdan hamda agrotexnik tadbirlarni qo‘pol ravishda buzgan holda yerlardan noto‘g‘ri foydalanib kelayotgani» uzoq muddatli ijaraga berish shartnomasini bekor qilishga asos bo‘lishi ko‘rsatilgan.

Fermer yerni qaytarib olish uchun «asos» bo‘lgan holatlarga raddiya bildirmoqda

«Ulug‘bek» fermer xo‘jaligi asoschisi Qadamboy Ibodullayev taqdimnoma va xulosalarda ko‘rsatilgan va yerni qaytarib olishga «asos bo‘layotgan» holatlarga izoh berdi.

Birinchidan, taqdimnoma va xulosada keltirilgan sabablar 2019 yil (!) hosili bo‘yicha ko‘rsatilmoqda. Agar bu sabablar rost bo‘lsa, nega Kengash yerni qishda emas, balki dehqonchilik mavsumi o‘rtasida, may oyida, ya'ni juda katta mablag‘lar evaziga ekish, sug‘orish ishlari amalga oshirilganidan keyin qaytarib olmoqda? Nima uchun bu «kamchiliklar»ga odatda hamma ish sarhisob qilinadigan yanvar, fevral oylarida e'tibor qaratilmadi?

Ikkinchidan, yer maydonlariga ekin turlarining ko‘p yoki kam ekilgani haqidagi ayblovlarda mantiq yo‘q. Chunki fermer 2019 yil hosilining yillik rejasi ko‘rsatilgan shartnomalarni qo‘liga olmagan. Qishloq xo‘jaligi sohasida yillar davomida qo‘llanib kelayotgan amaliyotga ko‘ra, tuman hokimliklarining qishloq xo‘jaligi bo‘limlari fermerning qo‘liga ekin maydonlari va rejadagi hosil ko‘rsatilgan shartnomani bermaydi. Bu ish fermerlarni tizginda ushlab turish, bosim uyushtirish, o‘z yo‘rig‘iga yuritish, mavsum oxirida esa hosil rejasidagi kamchiliklarni «to‘g‘rilab yuborish» uchun qilinadi.

Fermerlar paxta va g‘alla yetishtirish shartnomasining bo‘sh blankasini (ya'ni ekiladigan yer maydoni va rejadagi hosil ko‘rsatilmagan blankani) imzolash va muhrlashga majburlanadi, hujjat uning qo‘liga berilmaydi. Fermerga «falon» gektarga «falon» ekinni ekasan» degan og‘zaki topshiriq bo‘ladi. Yil oxirida hosilning yaxshi yoki yomon bo‘lishidan kelib chiqib, shartnomadagi bo‘sh qoldirilgan katakka ko‘rsatkichlar (yer maydoni yoki rejadagi hosil) oshirib yoki kamaytirib yoziladi. Agar oshirib yozilsa, fermer qo‘shimcha hosil topshirishga majbur bo‘ladi. Agar kamaytirib yozilsa, uning ortiqcha hosili rejani bajarmagan fermerlar hisobiga o‘tkaziladi. Yillar davomida fermerlar mana shunday sharoitda ishlayapti. Ularda huquq yo‘q, faqat majburiyat bor. Fermer mahalliy hokimlarga tom ma'noda qaram holatda ushlab turiladi. Bo‘sh qog‘ozga muhr bosish va imzo chekishni istamagan, «bo‘ysunmas» fermerlar «o‘yindan chiqariladi». 

Amalda «Ulug‘bek» fermer xo‘jaligi rahbari 2019 yil hisobiga qancha paxta, g‘alla, sholi yoki boshqa ekinlarni ekishi lozimligini shartnomadan emas, balki 2020 yil aprel oyida «postfaktum» yozilgan taqdimnoma va xulosalardan bilib turibdi.

Uchinchidan, «Ulug‘bek» fermer xo‘jaligining tuman hokimligi bilan uzoq muddatli yer ijarasi shartnomasini tuzmagani rost. Qadamboy Ibodullayev buning sabablarini tushuntirdi. U «Yergeodezkadastr» davlat qo‘mitasi Hazorasp tumani bo‘limidan o‘ziga ajratilgan yerlarning haqiqiy maydoniga aniqlik kiritishni bir necha marta talab qilgan. Gap shundaki, fermerga taklif qilinayotgan yerlarning ba'zi qismi davlat zaxirasiga o‘z vaqtida qaytarilmasdan turibdi. Hozir ham undan mahalliy aholi tomorqa sifatida foydalanib kelyapti. Ba'zi joylarida esa noqonuniy uy-joy qurishga urinish holatlari bo‘lgan. Qadamboy Ibodullayev bunday nizoli yerlarni o‘z tasarrufiga olishni, bu yerlar uchun javobgar bo‘lishni va boshqalar foydalanib kelayotgan yerlar uchun soliq to‘lashni istamayapti. Fermer bunday yerlar bo‘shatib berilganidan so‘ng shartnoma imzolashni xohlamoqda. Uning hamqishloqlari bilan janjallashish istagi yo‘q. «Yergeodezkadastr» davlat qo‘mitasi Hazorasp tumani bo‘limi bunday yerlarning haqiqiy chegaralari va egalarini aniqlashi, qonuniy holatga keltirishi, shundan keyingina uzoq muddatli shartnoma taklif qilishi lozim emasmi-di? Afsuski, bu ishlar shu kungacha qilinmagan.

Ayni paytda «Ulug‘bek» fermer xo‘jaligining tuman hokimligi bilan chegaralari aniq bo‘lgan 94 gektar yer maydoni bo‘yicha tuzilgan uzoq muddatli (45 yillik) yer ijarasi shartnomasi bor va u yerlardan qonuniy foydalanib kelmoqda.

To‘rtinchidan, qarorda fermer agrotexnik tadbirlarni qo‘pol ravishda buzgan holda yerlardan noto‘g‘ri foydalanib kelayotgani ko‘rsatilgan. Ammo bu haqda komissiya tomonidan o‘rganish olib borilgani qayd etilib, fermer ishtirokida dalolatnoma imzolanishi shart emasmidi? Fermerga qaysi agrotexnik tadbirlarni buzgani va qaysi holatda yerlardan noto‘g‘ri foydalangani ko‘rsatilishi lozimku? Nega deputatlar fermerning ishtirokida bu masalani o‘rganib chiqishmagan?

Fermer so‘nggi uch yilda rejalarni to‘liq bajargan va yerdan nima uchun mahrum qilinganini tushuntirishlarini istayapti

Yer kodeksi 36-moddasining 7-bandiga ko‘ra, yer uchastkasidan oqilona foydalanilmaganda, bu qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar uchun hosildorlik darajasi uch yil mobaynida normativdan (kadastr bahosiga ko‘ra) past bo‘lishida ifodalanganda yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlar bekor qilinishi nazarda tutilgan.

Ammo «Ulug‘bek» fermer xo‘jaligi so‘nggi 3 yil davomida barcha rejalarni ortig‘i bilan bajarib kelgan. Jumladan, 2017 yilda paxta hosili 103,6 foizga, g‘alla hosili 104,7 foizga bajarilgan. 2018 yilda paxta hosili 100,8 foizga, g‘alla hosili 120,6 foizga bajarilgan. 2019 yilda paxta hosili 102,4 foizga, g‘alla hosili 120 foizga bajarilgan. Buni tasdiqlovchi hujjatlar bor.

Qadamboy Ibodullayev kasbi traktorchi bo‘lgan, umrining aksariyat qismini dalada mehnat qilib o‘tkazgan, 26 yildan beri fermerlik qilmoqda. Hazorasp tumanida hurmat qozongan, ilg‘or fermerlardan biri hisoblanadi. Unda dehqonchilik qilish uchun barcha zarur texnikalar bor. Bir necha yil oldin o‘sha vaqtda bosh vazir bo‘lgan Shavkat Mirziyoyev ko‘magida Xitoydan YTO rusumli zanjirli traktor ham sotib olgan. Qurg‘oqchilik va boshqa tabiiy sharoitlar og‘ir bo‘lmagan yillarda hosil rejalarini ortig‘i bilan bajarib kelgan. «Ulug‘bek» fermer xo‘jaligining bu yilgi g‘alla va paxta ekinlari ham ko‘zni quvontiradigan darajada yaxshi unib chiqqan.

Qadamboy Ibodullayev Hazorasp tumani hokimligi tomonidan o‘z fermer xo‘jaligiga nisbatan qilinayotgan bunday adolatsizlikdan qattiq norozi. Deputatlar kengashi esa qaysi aybiga ko‘ra yerlarni zaxiraga qaytarganini tushunmayapti.

Fermerning murojaatida ko‘tarilgan masalalar yuzasidan izox olish maqsadida tuman hokimining qishloq xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari va tuman yer tuzish va ko‘chmas mulk kadastri davlat korxonasi rahbari bilan bog‘lanishga urindik. Ammo amalga oshirgan barcha qo‘ng‘iroqlarimiz natija bermadi.

Fermer xo‘jaligida mehnat qilib, ro‘zg‘or tebratib yurgan 6 nafar xodim ham ishsiz qolgan. Afsuski, xalqimiz uchun og‘ir bo‘lib turgan bunday vaziyatda ularning va oilasining taqdiri ham mavhumligicha qolmoqda.

Nurmuhammad Said

Mavzuga oid