Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Teatrlarda marketing tizimi rivojlantiriladi - Hukumat qarori loyihasi
Davlat teatrlari faoliyatida marketing tizimini rivojlantirish hamda teatr san'ati targ‘ibotini yanada kuchaytirish mo‘ljallanmoqda.
Vazirlar Mahkamasining “Davlat teatrlari faoliyatida marketing tizimini rivojlantirish hamda teatr san'ati targ‘ibotini yanada kuchaytirish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.
Quyidagilar davlat teatrlari faoliyatida marketing tizimini rivojlantirish hamda teatr san'ati targ‘ibotini yanada kuchaytirishning asosiy yo‘nalishlari etib belgilanadi:
davlat teatrlarida mamlakatimiz tarixi, buyuk allomalari va bebaho ne'matlari, bunyodkorlik ishlari, zamon qahramoni va yoshlar obrazi, oila munosabatlari va qadriyatlari, ijtimoiy muammolar va boshqa obrazlar aks etgan dolzarb mavzulardagi spektakllarni sahnalashtirish;
davlat teatrlarining faoliyatini e'lonlar, kataloglar, bukletlar, plakatlar, flayerlar, ramzlar va logotiplarni o‘z ichiga olgan mahsulotlar, ommaviy axborot vositalari (televideniye, radio, internet), shuningdek, tashqi reklama (bilbord, panno, videoekran va boshqalar) obektlari (konstruksiyalari) orqali reklama qilish;
jismoniy va yuridik shaxslar uchun taqdimot, rag‘batlantirish dasturlari va maxsus tadbirlarni tashkil etish mexanizmini yo‘lga qo‘yish;
davlat teatrlarining imijini yaratish, rivojlantirish va saqlash bo‘yicha piar (PR) (press-relizlar, ma'ruzalar, seminarlar, yillik hisobotlar, homiyliklar, nashrlar, aholi va matbuot bilan aloqalar bo‘yicha) dasturlarini ishlab chiqish;
davlat teatrlariga tomoshabinlar tashrifini amalga oshirish va qo‘shimcha sharoitlar yaratish maqsadida tanlovlar, ko‘rgazmalar, shou-dasturlari, imtiyozli chegirmalar va boshqa aksiyalarni tashkil etish usullaridan foydalanish.
O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi:
ikki oy muddatda mamlakatda yoshlarni teatr san'atiga qiziqishini oshirish, kelgusida davlat teatrlari tomoshabinlarini yetishtirish va tomoshabinlarni estetik va madaniy didlarini shakllantirish maqsadida “Qo‘g‘irchoq teatri, yosh tomoshabinlar teatri, yoshlar teatri, drama, musiqali hamda opera va balet teatrlari” tizimini joriy etish bo‘yicha taklif kiritadi.
2022-2025 yillar davomida madaniyat markazlari va bolalar musiqa va san'at maktablarida teatr san'ati yo‘nalishi bo‘yicha to‘garaklarni tashkil etish hamda ularni jihozlash ishlari doirasida teatr rekvizitlari va jihozlar bilan ta'minlanish choralarini ko‘radi;
2021 yilning 1 apreliga qadar teatr sohasi bo‘yicha malakali marketologlarni jalb qilgan holda davlat teatrlari faoliyatida marketing tizimini rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqadi va amalda tatbiq etilishini ta'minlaydi;
uch oy muddatda davlat teatrlarining logotipini (har bir teatrning yo‘nalishi va hududlarning xususiyatlaridan kelib chiqqan holda) ishlab chiqadi;
teatr san'ati sohasidagi mutaxassislar ishtirokida tayyorlangan davlat teatrlarining logotip loyihalarini muhokama qilib, belgilangan tartibda tasdiqlaydi.
Belgilanishicha:
2021 yildan boshlab, spektakllar, reklama, teatrlashtirilgan tomoshalar, ijodiy uchrashuvlar, turli shou-dasturlar, festivallar, tomoshalarning shakli va janridan qat'i nazar boshqa madaniy tadbirlar hamda suvenirlar, bukletlar, tabriknomalar, kalendarlar va reklama mahsulotlarini ishlab chiqarishda belgilangan logotiplardan foydalaniladi;
2021 yil 1 fevraldan boshlab davlat teatrlariga teatr logotipi, teatrga bog‘liq suratlar tushirilgan kanselyariya va bosma mahsulotlari, kitob, suvenir mahsulotlari, spektakllarning video va audio yozuvlari, informatsion va teatr faoliyati bilan bog‘liq boshqa materiallarni o‘z ichiga olgan suvenirlarni sotish yo‘lga qo‘yiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi, Madaniyat vazirligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda 2021 yildan boshlab teatr san'ati targ‘ibotini yanada kuchaytirish, yoshlarni teatr san'atiga bo‘lgan qiziqishini oshirish, o‘quvchi yoshlarning iste'dodi va ijodiy qobiliyatini namoyon qilish, qobiliyatli yoshlarni rag‘batlantirish tizimini yanada takomillashtirish maqsadida har yili uch bosqichli (tuman (shahar), viloyat va respublika bosqichi) “Maktab teatrlari” havaskorlik teatri respublika tanlovi o‘tkazishni yo‘lga qo‘yadi.
O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi:
spektakllarning g‘oyaviy-badiiy saviyasini, ta'sirchanligini kuchaytirish, iste'dodli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning ijodiy salohiyatini oshirish, malakali teatr rejissyorlarini tayyorlash hamda yosh rejissyorlarni spektakl sahnalashtirishlarida amaliy yordam ko‘rsatish maqsadida “Yosh ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash va axborot-multimedia markazi” davlat muassasasi qoshida “Individual rejissura” ustoz-shogird ijodiy laboratoriyasini tashkil qiladi.
Bunda, laboratoriya faoliyatida yosh rejissyorning spektakl sahnalashtirish jarayoni boshlanishidan premeraga qadar ustoz rejissyor tomonidan nazorat qilinishi va faqat amaliy yordam ko‘rsatilishini;
laboratoriyada, Madaniyat vazirligi qoshidagi Badiiy kengash bilan hamkorlikda, yosh rejissyorlarning teatrlarda sahnalashtirilgan spektakllarning rejissyorlik yechimlarini, badiiy-g‘oyaviy jihatlarini ijodiy tahlili bo‘yicha monitoring o‘tkazish tizimini joriy qilishni;
Madaniyat vazirligi qoshidagi Badiiy kengashi va O‘zbekiston Teatr arboblari uyushmasining dramaturgiya va teatrshunoslik seksiyalari bilan hamkorlikda “dramaturg - rejissyor - spektakl - tahlil” doimiy ijodiy hamkorlik tizimini yo‘lga qo‘yishni nazarda tutadi.
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan birgalikda “Individual rejissura” ustoz-shogird ijodiy laboratoriyasi a'zolari (rejissyorlar va yosh rejissyorlar)ni moddiy rag‘batlantirish va ularning xizmat safari bilan bog‘liq xarajatlarni “Yosh ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash va axborot-multimedia markazi” davlat muassasasining xarajatlar smetasida nazarda tutilishini ta'minlaydi.
2021 yildan boshlab Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat va san'atni rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan rejissyorlar tomonidan sahnalashtirgan eng yaxshi spektakllar uchun har yili “Yuksak badiiy spektakl sahnalashtirgani uchun” mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 50 barobari miqdorida bir martalik pul mukofoti bilan taqdirlash tizimini joriy qiladi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari:
bir oy muddatda O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi bilan kelishilgan holda davlat teatrlarining reklama lavhalari va pannolar, bannerlar o‘rnatish uchun Toshkent shahrining markaziy ko‘chalarida har bir teatr uchun 5 tadan hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar markazlarida 5 tadan va tuman (shahar) markazida 1 tadan yer maydonlari ajratish dislokatsiyasini tayyorlaydi;
ikki hafta muddatda kelishilgan dislokatsiyalar asosida reklama pannolari va elektron tablolar o‘rnatish uchun maxsus yer maydonlarni ajratish bo‘yicha tegishli qarorlarini qabul qiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi 2021 yil yakuniga qadar reklama pannolari va elektron tablolarni o‘rnatish bo‘yicha davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshirilishini ta'minlaydi.
Belgilab qo‘yilishicha:
o‘rnatilgan pannolar va elektron tablolardan foydalanish tartibi hamda davlat xususiy-sheriklik shartlari Madaniyat vazirligi tomonidan tasdiqlanadi;
2025 yil 1 yanvarga qadar davlat teatrlari uchun tashqi reklama (konstruksiyalari) o‘rnatish va joylashgan hudud bo‘yicha har oyda to‘lanadigan yig‘imlardan ozod etiladi;
davlat teatrlarining marketing va reklama xizmatlari uchun xarajatlari O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti mablag‘lari, Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat va san'atni rivojlantirish jamg‘armasi, teatrlarning budjetdan tashqari va homiylik xayriya mablag‘lari hamda boshqa qonun hujjatlarida taqiqlanmagan manbalar hisobidan amalga oshiriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda:
davlat teatrlarida zamonaviy axborot kommunikatsiya tizimlarini joriy etish va tashrif buyuruvchilar uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratish maqsadida 2021-2022 yillarda bosqichma-bosqich har bir davlat teatrida bepul Wi-Fi xizmatini joriy etishni;
2021 yil 1 iyunga qadar turli toifadagi tomoshabinlar uchun mo‘ljallangan teatrlarning maxsus elektron mobil ilovasi “UzTheatres”ni yaratish va uni “AppStore”, “Google Play Market” kabi ilovalarga joylashtirishni;
jahonning mashhur teatrlari bilan hamkorlikda respublikada xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyalar, seminarlar va mahorat darslari o‘tkazishni;
teatrlarning texnik va ijodiy kadrlar faoliyatini kengaytirish maqsadida oliy malakali, ilmiy salohiyatli kadrlarning xorijda tajriba almashish va malaka oshirish tizimini yo‘lga qo‘yishni;
teatr sohasidagi xalqaro va respublika miqyosidagi ilmiy-amaliy seminarlar, konferensiyalar, festival, ko‘rik-tanlovlarda ijodiy jamoalar va sohaning yetuk mutaxassislari ishtirokini ta'minlashni amalga oshiradi.
O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi va Elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasining 2021 yildan boshlab:
“Madaniyat va ma'rifat” telekanalida katta yoshdagi tomoshabinlar uchun teatr san'ati haqida, sahnalashtirilgan spektakllar to‘g‘risidagi tahliliy hamda “Bolajon” telekanalida bolalar uchun teatr san'ati bilan tanishish va o‘rganishga asoslangan muntazam namoyish qilinadigan turkum ko‘rsatuvlarni tashkil qilish;
barcha telekanallarda har kuni uch marta (ertalab, kunduzgi va kechki) teatrlar to‘g‘risida videoroliklarni namoyish etish;
markaziy va mahalliy teleradio kanallarda teatr repertuarlari, afishalari va spektakllar haqidagi qisqa annotatsiya va anonslarini har haftada bir marotaba yoritish uchun maxsus vaqtlar ajratish;
davlat teatrlarida sahnalashtirilgan eng sara spektakllarni bosqichma-bosqich to‘liq yozib olish hamda barcha teleradio kanallar orqali bepul namoyish etish tizimini joriy etish to‘g‘risidagi takliflari ma'qullanadi.
Mavzuga oid
19:45 / 18.03.2025
Parijda politsiya migrantlar egallab olgan teatr binosida operatsiya o‘tkazdi
20:36 / 17.12.2024
Rossiyalik rejissyor O‘zbekiston DAKT badiiy rahbari etib tayinlandi
18:47 / 04.12.2024
Dramaturglar uchun Mahmudxo‘ja Behbudiy, yosh rejissyorlar uchun Bahodir Yo‘ldoshev nomidagi mukofotlar ta’sis etiladi
14:50 / 16.09.2024