Fan-texnika | 22:27 / 11.06.2020
22571
2 daqiqa o‘qiladi

Dunyoning eng qimmat avtomobil kompaniyalari ma'lum qilindi 

Amerikalik tadbirkor Ilon Maskning Tesla kompaniyasi aksiyalari yarim yil ichida 2,5 marta qimmatlab, kompaniya kapitallashuvi 190 mlrd dollarga yetdi

Bu esa Tesla’ni dunyoning eng qimmat avtomobil kompaniyasiga aylantirdi. Tesla aksiyalari savdolar vaqtida ming dollardan oshgan. Mutaxassislar buni Xitoyda elektromobillarga talab oshgani bilan tushuntirishmoqda.

Yil boshida kompaniya aksiyalari 420 dollar turgan. Hozirda esa ularning narxi 1025 dollarni tashkil qilmoqda. Bor-yo‘g‘i yarim yil ichida kompaniya aksiyalari narxi 2,5 marta oshib ketgan.

2-o‘rinni Yaponiyaning Toyota kompaniyasi 182 mlrd dollarlik kapitallashuv bilan egallamoqda. 3-o‘rinni Germaniyaning Volkswagen kompaniyasi egallamoqda. Nemis kompaniyasining bozor qiymati 75 mlrd dollarni tashkil qilmoqda.    

4-o‘rinni yana bir yapon kompaniyasi Honda 48 mlrd dollar bilan egallamoqda. Eng qimmat avtomobil kompaniyalari yetakchi beshtaligini Daimler AG nemis kompaniyasi 41 mlrd dollar bilan yakunlagan.

Avtomobillar sohasidagi mutaxassislarning fikricha, Tesla aksiyalari Xitoyda elektromobillarga talab keskin oshgani sababli qimmatlashgan. Bunda kompaniyaning Shanhayda zavod ochishi ham muhim ahamiyat kasb etgan. Bu zavodda yil oxirigacha 100 mingta avtomobil ishlab chiqarish rejalashtirilmoqda. 

Mavzuga oid