Fan-texnika | 22:22 / 12.06.2020
5257
3 daqiqa o‘qiladi

Operator va provayderlarga internet xizmatlari uchun tarif bir yilda 34 foizga arzonlashtirilgan - vazirlik

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirishi vazirligi axborot xizmati rahbari Sherzod Ahmatov O‘zbekistonda internet sifati va uning tezligini oshirish bo‘yicha qilinayotgan ishlar haqida ma'lumot berdi.

Ma'lum qilinishicha, ayni paytda O‘zbekistonda 30dan ortiq simli tarmoqlar orqali telekommunikatsiya xizmatlarini ko‘rsatuvchi operator va provayderlar faoliyat olib bormoqda.

«Mobil aloqa tarmoqlari abonentlari soni 24 millionni tashkil etsa, shundan 19 million abonent internet foydalanuvchisi hisoblanadi. Simli tarmoqlar orqali internet xizmatlaridan foydalanuvchilar esa 3 millionni tashkil etadi», deya ma'lumot berdi Sherzod Ahmatov.

Vazirlik vakilining so‘zlariga ko‘ra, 2020 yilning 1 yanvaridan operator va provayderlarga internet xizmatlari uchun tarif o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 34 foizga arzonlashtirilgan. Internet provayderlariga respublikaning turli hududlaridan tarmoqqa ulanish yagona tartibda va bir xil narxda bo‘lishiga erishilgan.

«Mobil aloqa tarmoqlarini rivojlantirish maqsadida 6 mingdan ortiq mobil aloqa baza stansiyasi o‘rnatilib, ularning umumiy soni 26 mingdan ortdi va respublika aholi maskanlarining mobil aloqa bilan qamrovi darajasi 97 foizga, mobil internet tarmog‘iga keng polosali ulanish qamrovi darajasi esa 70 foizga yetkazildi.

2019 yil davomida telekommunikatsiya tarmoqlari qamrovi umuman mavjud bo‘lmagan aholi yashash maskanlari soni deyarli ikki barobarga kamaytirildi», dedi Sherzod Ahmatov AOKAda o‘tkazilgan onlayn brifingda.

Uning qayd etishicha, xalqaro «Ookla» kompaniyasining Speedtest.net servisi 2020 yil 1 iyun holatiga ko‘ra, Covid-19’ning internet global sur'atiga ta'siri bo‘yicha ko‘rsatkichlarni e'lon qilgan. Unga ko‘ra, O‘zbekistonda internet tezligi 6 foizga, mobil internet tezligi esa 18 foizga ko‘tarilgan.

«Internet tezligini ya'nada oshirish maqsadida ko‘plab ishlar amalga oshirilmoqda, 2020 yilda kamida 800 mingta keng polosali Internet portlari yaratilishi, 12 ming kilometr optik tolali aloqa liniyalari yotqizilishi belgilangan.

Shu kunga qadar respublika bo‘ylab jami 1148ta yangi tayanch stansiyalar o‘rnatilib ishga tushirildi. 1483ta obektda joylashgan tayanch stansiyalarni modernizatsiya qilish orqali keng polosali internet xizmatlarini taqdim etish imkoniyati yaratildi», deya qilinayotgan ishlar haqida to‘xtalib o‘tdi Sherzod Ahmatov. 

Mavzuga oid