O‘zbekiston | 17:48 / 12.06.2020
57452
3 daqiqa o‘qiladi

Sergelida taksi haydovchisida virus aniqlangan, Yunusoboddagi bozor sotuvchilari kasallikka chalinmoqda

Sog‘liqni saqlash vazirligi 11-12 iyun kunlari aholi orasida kasallikka chalinish holatlari bo‘yicha qo‘shimcha ma'lumotlarni taqdim etdi. Ma'lum qilinishicha, Yunusobod dehqon bozori koronavirus tarqalishi o‘chog‘iga aylangan, «Media park» savdo majmuasi sotuvchilarida virus chiqishi davom etmoqda, Sergelidagi taksi haydovchisi va uning qarindoshlari ham koronavirusga chalingan.

11 iyun kuni aholi orasida 39ta holat, bugun esa hozircha 21ta holat qayd etildi.

«10 iyun sanasida yurtimizda koronavirus infeksiyasi tasdiqlangan 103 nafar bemorning 27 nafari aholi orasida aniqlangan bo‘lsa, 11 iyun kuni esa koronavirus qayd etilgan 118 nafar bemordan 39 nafari aholi orasida tasdiqlandi. Ikki kunlik ma'lumot, ham umumiy kasallanish, ham aholi orasida koronavirusga chalinish holatlari dinamikasida o‘sish kuzatilayotganini ko‘rsatmoqda.

11 iyun kuni aholi orasida koronavirus aniqlanish holatlarini hududlar kesimida ko‘radigan bo‘lsak, Navoiy viloyatida 18 nafar, Toshkent shahrida 17 nafar, Namangan viloyatida 3 nafar hamda Toshkent viloyatida 1 nafarni tashkil etgan», deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabarida.

Ma'lum qilinishicha, 11 iyun kuni Toshkent shahri Chilonzor tumanida yashovchi fuqaroda (ishga kirish maqsadida tahlildan o‘tgan), Shayxontohur tumanidagi «Media park» savdo majmuasining yana bir sotuvchisida, Yunusobod dehqon bozorining yana 6 nafar sotuvchisida, Sergeli tumanida kasalligi tasdiqlangan taksi haydovchisining otasi va ukasida koronavirus aniqlangan.

Bugun soat 10:00ga qadar kasallik aniqlangan 78 nafar bemordan 7 nafari aholi orasida qayd etilgan. Jumladan, Buxoro viloyatining Shofirkon tumanida yashovchi fuqaro (tana harorati ko‘tarilib, shifoxonaga murojaat qilgan), Jondor tumanida yashovchi fuqaroda (shu tumandagi «VeT-FARM» MChJ sotuvchisi) hamda Vobkent tumanida yashovchi fuqaroda (tana harorati ko‘tarilgani sababli tahlil topshirgan), shuningdek, Samarqand viloyati Urgut tumanida yashovchi 2 nafar fuqaroda ham koronavirus infeksiyasi tasdiqlangan. Ayni paytda ushbu holatlar yuzasidan epidemiologik surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

«Guvohi bo‘lganingizdek, yurtimizning turli hududlarida aholi orasida koronavirus infeksiyasiga chalinish holatlari kuzatilmoqda.

Mazkur holatda, Sog‘liqni saqlash vazirligi, takror bo‘lsa-da, aholini har qadamda hushyor va ogoh bo‘lishlarini, har birimizga yod bo‘lib ketgan karantin va sanitariya qoidalariga qat'iy amal qilishlarini so‘raydi. 

Koronavirus infeksiyasiga qarshi asosiy qalqonimiz, aynan, karantin qoidalariga so‘zsiz amal qilish ekanini aslo unutmasligimiz kerak.

Shu bois, ijtimoiy masofa saqlang, qo‘llarni yaxshilab qayta-qayta yuving, zarurat yuzasidan ko‘chaga chiqqanda niqob taqishni aslo unutmang», deyiladi xabarda.

Mavzuga oid