Jamiyat | 22:15 / 13.06.2020
8673
5 daqiqa o‘qiladi

Sirdaryo viloyati hokimligi: Sardoba fojiasidan zarar ko‘rmagan o‘nlab fuqarolar 40 millionlik sertifikat talab qilgan

Foto: Sirdaryo viloyati hokimligi

YouTube'dagi «BBC Uzbek» kanalida sirdaryolik Saida Rahmatova toshqin uyiga jiddiy zarar yetkazgani, ammo mahalliy mas'ullar «sening uying yaroqli», deya uni yordamga muhtojlar ro‘yxatiga qo‘shmayotgani haqida xabar tarqaldi. «To‘g‘ri, 1-sovxoz, Uchtomdagidek uyimiz qulab ketmagan, lekin molxona, devorlar qulab ketgan, pollarimiz cho‘kib ketgan», degan unda Saida Rahmatova.

Rahmatovaning so‘zlariga ko‘ra, uyiga jiddiy zarar yetmagan ayrim «cho‘ntagi baquvvat» qo‘shnilariga yordam puli ajratilgan. «Sening uying qulamagan, deydi. Mana, yonimizdagi fermer ikka-uchtalab mashinasi bor odam olgan. Ikki metr devori qulagan. Ko‘rib ketishlaring mumkin», deydi Rahmatova. U Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari uyini kelib ko‘rib, oilaning yordamga muhtoj ekanligini e'tirof etib ketgan bo‘lsa ham, mahalliy hokimlik bunday fikrlarni inobatga olmayotganini aytgan.

Shu o‘rinda prezidentimiz boshchiligida amalga oshirilayotgan oqilona siyosat natijasida, suv toshqini talofatlari zudlik bilan bartaraf etilgani, talafot ko‘rgan har bir xonadonga g‘amxo‘rlik ko‘rsatilayotganligi, qisqa fursatlarda aholini uy-joy bilan ta'minlash ishlari olib borilayotganligini dunyo hamjamiyati ham e'tirof etayotganligini ta'kidlash joiz.

Sirdaryo viloyati Sardoba suv ombori toshqinida talofat ko‘rgan Oqoltin tumani «Ahillik» mahalla fuqarolar yig‘inidagi mavjud uy-joylarni suv toshqinidan keyingi holatini xatlovdan o‘tkazish bo‘yicha tuman Kengashining 8/32-06 sonli qarori asosida Oqoltin tuman hokimi o‘rinbosari O.Abdullayev rahbarligidagi tuman Kengashi deputatlari, moliya, kadastr va bandlikka ko‘maklashish markazi mutaxassislaridan iborat ishchi guruh tuzildi.

Ular tomonidan «Mirzacho‘l» ko‘chasidagi 14ta xonadon, «Tutzor» ko‘chasidagi 3ta xonadon, «Birlashgan» ko‘chasidagi 13ta xonadon, «Tiklanish» ko‘chasidagi 4ta xonadon, «Birlik» ko‘chasidagi 3ta xonadon, «Xaloskor» ko‘chasidagi 1ta xonadon qayta xatlovdan o‘tkazilib o‘rganilganda, ushbu xonadonlarga toshqin natijasida xonadonlarning tomorqasiga suv kirgan bo‘lsa-da, zarar ko‘rmaganligi, shunga qaramay 40 million so‘mlik sertifikat talab qilayotgani aniqlandi. Ishchi guruh hamda mutaxassislar xulosasiga ko‘ra, ushbu xonadonlar talofat ko‘rmagan deb topilgan.

Jamolova Shahnoza xonadoni. Ushbu xonadon ishchi guruhi tomonidan o‘rganilganda, xonadon egasi Jamolova Shaxnoza suv toshqinidan 15 kun o‘tib, ya'ni joriy yilning 16 may kuni qurilishi bitmagan xonadonga 40 million so‘mlik sertifikat undirish maqsadida kelib joylashadi, bundan maqsad qurilish ishlarini yakuniga yetkazib olib, o‘zining moddiy manfaatini ko‘zlagan.

Bu kabi holat Rahmatova Saida xonadonida ham kuzatildi. Ishchi guruhi tomonidan olib borilgan surishtiruvga ko‘ra, ushbu devor toshqindan ancha oldin ham shunday holatda bo‘lganligini qo‘shnilari ham tasdiqlashdi.

Ta'kidlash joiz, ushbu oilalar davlatimiz tomonidan doimiy e'tiborda bo‘lib, moddiy ko‘mak olib kelganiga qaramay, o‘zi ishonch bildirib saylagan mahalla raisini, g‘amho‘rlik ko‘rsatib kelgan mahalliy hokimiyatni yomon otliqqa chiqarayotganligini nima bilan izohlash mumkin?

Boqimandalik kayfiyati vujudimizga o‘rnashib qolmaganmikan? Ba'zi fuqarolarimiz hammasiga mas'ul rahbarlarni ayblashga o‘rganib qolgan. Barcha muammolarni «tepadagilar» hal qilib berishi kerakdek, go‘yo.

Ushbu masalalar Sirdaryo telekanali ijodkorlari tomonidan tasvirga olish ishlari davomida yanada oydinlik kiritilib, ayrim insonlarning asl maqsadi davlat tomonidan ajratilayotgan mablag‘lardan shaxsiy ehtiyoj yo‘lida foydalanib qolish ekanliklari to‘liq o‘z isbotini topdi. 

Sardoba suv toshqinida shuni guvohi bo‘ldikki, prezidentimiz atrofida butun xalqimiz birlashdi, o‘zbek xalqidek bir-biriga suyanchiq, yelkadosh, og‘ir kunida koriga yaraydigan xalq ekanligimizni yana bir bor isbotladik.

Guruch kurmaksiz bo‘lmagani kabi mana bunday shukronalik kayfiyatidan yiroq bo‘lgan fuqarolarimizning uchrayotgani kishining dilini xira qiladi. Xulosa qilish o‘zingizdan...

Sirdaryo viloyati hokimligi axborot xizmati

Mavzuga oid