Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Moliya vazirligi: Gulnora Karimovaning qaytarilgan mablag‘lari umumbelgilangan tartibda sarflanmoqda
Moliya vazirligi boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari Sherzod Muhammedov chet elga noqonuniy olib chiqilgan aktivlarning O‘zbekistonga qaytarilishi borasida olib borilayotgan ishlarga bag‘ishlangan brifingda Gulnora Karimovaning Parijdagi ko‘chmas mulk sotuvidan tushgan 10 mln dollardan ortiq mablag‘ qayerlarga sarflangani haqida ma'lumot berdi.
«Moliya vazirligida mol-mulklarning O‘zbekistonga qaytarilishi yoki mamlakatimiz ichida mol-mulklar musodara qilinishi bo‘yicha har bir sotilgan mol-mulk egasining familiya va ismi bo‘yicha hisob yuritilmaydi.
To‘g‘ri, joriy yilning 14 may kuni Fransiyadan 9,8 mln yevro (10,2 million AQSh dollari) miqdoridagi aktivlar O‘zbekistonga qaytarilgan va davlat budjetiga (Yag‘ona g‘azna hisob raqamiga) kelib tushgan.
O‘zbekiston Respublikasi Budjet Kodeksining 51-moddasiga muvofiq, davlat daromadiga o‘tkazilgan mol-mulkni realizatsiya qilishdan tushgan tushumlar Respublika budjeti daromadlari manbayi hisoblanadi.
Shu sababdan, yuqorida aytib o‘tilgan mablag‘lar O‘zbekiston Respublikasi davlat budjetiga (Yag‘ona g‘azna hisob raqamiga) daromadlar sifatida kirim qilindi.
Mazkur mablag‘lar umumbelgilangan tartibda, ya'ni 2020 yil uchun O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti to‘g‘risidagi qonunida belgilangan tadbirlar uchun (ish haqi, ijtimoiy obektlar va boshqa muassasalarni saqlash, davlat dasturlari doirasidagi xarajatlarga) yo‘naltiriladi.
Boshqacha tushuntiradigan bo‘lsak, Davlat budjeti xarajatlari miqdori o‘zgarmagan holda uning daromadlari oshadi, ya'ni budjet defitsiti kamayib, o‘z-o‘zidan ushbu summaga chetdan kamroq qarz jalb qilamiz», dedi Sherzod Muhammedov o‘z chiqishida.
Bundan oldinroq Adliya vazirligi Gulnora Karimovaning Fransiyadan qaytarilgan 10 mln dollarlik aktivlari Parij markazidagi uyini sotishdan kelib tushgani va mablag‘lar davlat budjetiga o‘tkazib berilgani haqida ma'lumot bergandi.
Mavzuga oid
23:08 / 24.04.2025
O‘zbekistonga Shveytsariya va Belgiyadan Gulnora Karimovga tegishli jami 290 mln dollar qaytarilishi mumkin
15:54 / 24.04.2025
Gulnora Karimovaning Shveytsariyada musodara qilingan mablag‘laridan 95 mln dollar O‘zbekistonga qaytarilgan
12:03 / 03.04.2025
Belgiya hukumati «korrupsiya va pul yuvish» jinoyatlari doirasida musodara qilingan 108 mln dollarni O‘zbekistonga qaytarmoqchi
16:53 / 06.02.2025