O‘zbekiston | 17:31 / 16.06.2020
56787
3 daqiqa o‘qiladi

Qoraqalpog‘istonda IIB xodimi niqobsiz taksichiga kuch ishlatdi. Vazirlik munosabat bildirdi

Ijtimoiy tarmoqlarda ichki ishlar organi xodimi hamda Milliy gvardiya harbiy xizmatchisi bir fuqaroni majburlab «Gazel»ga solib olib ketishga uringani tasvirlangan video tarqaldi. 

Ushbu hodisa Qoraqalpog‘iston Respublikasi markazi Nukus shahrida ro‘y bergan bo‘lib, videoda ichki ishlar organi xodimi yosh yigitga kuch ishlatib, uni yerga yotqizgani va bo‘g‘ayotganini, atrofdagi odamlar esa huquq-tartibot xodimlariga e'tirozlarini bildirib, yigitni qutqarib olishga urinayotganini ko‘rish mumkin.

Ichki ishlar vazirligi ushbu hodisa yuzasidan munosabat bildirdi. Ma'lum qilinishicha, ishchi guruh tekshiruvi vaqtida 23 yoshli taksi haydovchisi tibbiy niqobini taqmagani va taksi haydovchilari uchun belgilangan maxsus kombinezon kiymagani aniqlangan. Ayni vaqtda unga nisbatan Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining tegishli moddalari bilan bayonnoma rasmiylashtirilgan.

Shuningdek, videoda taksi haydovchisiga kuch ishlatgan Nukus shahar IIO FMB huquqbuzarliklar profilaktikasi guruhi tayanch punkti profilaktika inspektori katta leytenant R.Bekimbetovning xatti-harakatlariga huquqiy baho berish yuzasidan xizmat tekshiruvi tayinlangan.

«Qoraqalpog‘iston Respublikasi IIV axborot xizmatining xabar berishicha, joriy yilning 14 iyun kuni Nukus shahri hududida aholi orasida karantin qoidalariga rioya etilishini nazorat qilish maqsadida Qoraqalpog‘iston teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanitariya epidemiologik nazorati davlat inspeksiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘limi, Milliy Gvardiya hamda Nukus shahar IIO FMB huquqbuzarliklar profilaktikasi guruhi tayanch punkti profilaktika inspektori katta leytenant R.Bekimbetovlardan iborat guruh, soat 11:30larda Nukus shahri «X.Abdambetov» ko‘chasi bo‘yidagi «Eski shahar» mahallasi hududidagi avtoturargoh atrofida tekshiruv ishlari olib borayotgan vaqtlarida, shu yerda to‘xtab turgan, «Matiz» rusumli taksi avtomashinasi haydovchisi, Nukus shahrida yashovchi, 1997 yilda tug‘ilgan fuqaro U.M.ning tibbiy niqobini taqmagan va taksi haydovchilari uchun belgilangan maxsus kombinezon kiymagan holda karantin qoidalariga amal qilmay faoliyat olib borayotganligi aniqlangan.

Holat yuzasidan Sanitariya epidemiologik nazorati davlat inspeksiyasi xodimi surishtiruv olib bormoqchi bo‘lganda, U.M. xodimlarning qonuniy talablariga bo‘ysunmasdan, ularga faol qarshilik ko‘rsatib o‘zining harakatlari bilan shu yerda bo‘lgan boshqa shaxslarning e'tiborini jalb qilgan. Aynan shu holat videotasvirda aks ettirilgan.

Oxir-oqibat vaziyat barqarorlashtirilib, qoidabuzarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining tegishli moddalari bilan bayonnoma rasmiylashtirilgan.

Hozirda, Nukus shahar IIO FMB huquqbuzarliklar profilaktikasi guruhi tayanch punkti profilaktika inspektori katta leytenant R.Bekimbetovning xatti-harakatlariga huquqiy baho berish yuzasidan xizmat tekshiruvi tayinlangan», deyiladi IIV axborot xizmati xabarida.

Mavzuga oid