«Ataylab qilasizmi, bilmasdan qilib qo‘yasizmi, farqi yo‘q» – Norboyeva majburiy mehnatga yo‘l qo‘yish oqibatlari haqida ogohlantirdi
Oliy Majlis Senati raisi, Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasi raisi Tanzila Norboyeva majburiy mehnat holatlarining yuzaga kelishi qanday sabablar bilan bog‘liqligini izohladi.
«Bularning hammasi oldingi davrdan qolib ketgan ishlar. Ilgari obodonlashtirish ishlariga davlat tomonidan mablag‘ ajratilmasdi. Daraxt ekish, daraxt oqlash, ko‘chalarni tozalash uchun pul berilmasdi. Hozir buning uchun jamoatchilik fondi tashkil etilgan.
Lekin baribir o‘qituvchi, tibbiyot yoki boshqa xodimlar olib chiqilyapti. Chunki jamoatchilikning ishsiz vakillarini ishga taklif qilish uchun yurish kerak, mahalladan aniqlash kerak. Bu esa mehnatni talab qiladi, shu mehnatdan qochib, tayyor, «xo‘p bo‘ladi» deydigan xodimlarga ko‘cha supurtirishga o‘rganib qolishgan. Bundan mutlaqo voz kechish kerak.
Biz hozir qonunlar ustuvorligi zamonasida yashayapmiz. Pul berilmayotgan bo‘lsa ham mayli edi, hozir davlat rahbari pul beryapti, jamg‘arma doimiy ravishda davlat budjeti hisobidan moliyalashtirilyapti. Hozir mablag‘, sharoit nuqtayi nazardan muammo yo‘q, faqatgina tashkillashtirish kerak xolos», dedi Tanzila Norboyeva Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyaning navbatdagi majlisida.
Shuningdek, komisssiya raisi majburiy mehnat holatlarining xalqaro reytinglarga ta'siri xususida to‘xtalib o‘tdi.
«Majburiy mehnat masalasi bilan dastlab shug‘ullana boshlaganimizda dunyoning muammosi bor edi. Hozir arzimagan bir-ikki tumanda harbiylarning ishlashi, obodonlashtirish ishlariga odamlarni jamoatchilik asosida jalb qilmasdan, osongina budjet tashkiloti xodimlarining chiqarilishini hal qilish qoldi, xolos.
Xalqaro reyting va indekslarda O‘zbekiston imijini yaxshilash bo‘yicha ish boshlandi. Komissiya shug‘ullanayotgan masalalar – odam savdosi, inson huquqlari, majburiy mehnat esa reytinglarga ta'sir qiladigan ko‘rsatkichlar hisoblanadi.
Ataylab qilasizmi, bilmasdan qilib qo‘yasizmi, bu borada qaysi sektor rahbari qonun buzilishiga qo‘l uradigan bo‘lsa, biz uni egallab turgan lavozimiga loyiq emas, deb masalani davlat rahbariga kiritamiz. Bundan keyin bunaqasi ketmaydi», deya Tanzila Norboyevaning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.
Mavzuga oid
16:12 / 22.11.2024
Tanzila Norboyeva Rossiyada MDH davlatlari Parlamentlararo Assambleyasida ishtirok etdi
13:56 / 19.11.2024
Tanzila Norboyeva Senat raisi lavozimiga qayta saylandi
13:10 / 17.11.2024
O‘zbekiston parlamenti a’zolari Bokuda o‘tayotgan BMTning iqlim o‘zgarishi bo‘yicha konferensiyada ishtirok etdi
22:55 / 16.11.2024