O‘zbekiston | 17:09 / 17.06.2020
49244
8 daqiqa o‘qiladi

«Davlat qarzi: tahlil va erkin fikr almashinuvi». «Munozara klubi»dan maxsus reportaj

13 iyun kuni O‘zbekiston hukumati iqtisodiy blokining «Munozara klubi»da ilk uchrashuv tashkil etildi. Kun.uz jurnalisti Alisher Ro‘zioxunov moderatorligida o‘tgan uchrashuvda davlat qarzi masalasi muhokama etildi. 

«Munozara klubi» mamlakat taraqqiyotiga oid masalalar yuzasidan iqtisodiy munozara o‘tkazish, islohotlar samarasini keng jamoatchilikka yetkazish va turli soha vakillari jonli muloqotini tashkil etish maqsadida tuzilgan. Unda iqtisodiy blokning barcha rahbarlari, xalqaro tashkilotlar va reyting agentliklari, ilmiy soha vakillari hamda nufuzli mutaxassislar faol ishtirok etishdi.

Uchrashuvda barchani ruhlantirgan ikki holat yaqqol sezilib turdi: klub a'zolari dolzarb masala yuzasidan erkin fikr almashib, konstruktiv bahsga kirisha olishdi. Bu esa prezident Shavkat Mirziyoyev boshlagan islohotning kuchli siyosiy iroda bilan davom etishiga dalolat qiladi. Shuningdek, so‘z erkinligi iqtisodiy masalalarni ham erkin muloqotlar asosida tahlil etish imkonini bergani alohida qayd etildi. 

Jamshid Qo‘chqorov

«Tashqi qarzni qo‘ya turaylik, oddiygina budjet xarajatlari ham yopiq edi. Budjet siyosati haqidagi ko‘plab dissertatsiyalar ham hech qanday budjet raqamlari, statistikalarsiz himoya qilinganiga guvohman. Bundan bor-yo‘g‘i 3-4 yil avvalgi gaplarni gapiryapman. 50 yoki 60 yil avvalgi gapni emas», deya ta'kidladi bosh vazir o‘rinbosari, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri Jamshid Qo‘chqorov. 

Loyiha bosh axborot hamkori bo‘lmish Kun.uz nashri jurnalisti Alisher Ro‘zioxunovning uchrashuvda moderator sifatida ishtirok etgani, hech kim avvaldan tayyorlangan qog‘ozdagi matnni o‘qib bermagani, qolaversa, turli mazmundagi tanqidlarni murosa bilan tinglash – so‘z erkinligi rasmiy doiralarda yana bir pog‘ona oshganini ko‘rsatmoqda. 

Ahadbek Haydarov moliya vaziri o‘rinbosari

Uchrashuvga qadar klub a'zolari muhokama uchun joriy davrda dolzarb iqtisodiy masalalar qatorida davlat qarzini tanlagani ham bejiz emasdi. Negaki, 5 iyun kuni «S&P» xalqaro reyting agentligi O‘zbekiston suveren kredit reytingi bo‘yicha kutilmasini «barqaror»dan «salbiy»ga o‘zgartirgandi. Aynan «S&P» vakili Maksimilan Makgrou ham munozaralarda ishtirok etib, agentlikning mazkur qaroriga sharh berib o‘tdi. 

«Reytingni BB- darajasida qoldirdik hamda prognozni barqarordan salbiyga o‘zgartirdik. Amaldagi reytingda hech qanday o‘zgarish yo‘q, reyting hanuz bir xil darajada, shunchaki, kelgusi 12-24 oy ichida reytingni tushirishimiz ehtimoli ko‘proq. Shunday qilib, kelgusi yilda biz buni diqqat bilan ko‘rib chiqamiz, ammo hozircha reyting avvalgidek», deydi u.

Makrouning aytishicha, joriy yil oxiriga borib, agentlik mamlakatning likvid tashqi aktivlari yalpi tashqi qarzni qoplamasligini kutmoqda. U islohotlar va erishilgan barcha yutuqlarni e'tirof etib, salbiy prognozni to‘g‘ridan to‘g‘ri davlat qarzi o‘sib borishi bilan bog‘ladi. 

Yana bir nufuzli xalqaro reyting agentligi – «Fitch» esa O‘zbekistonning reyting pozitsiyasini BB- «barqaror» kutilma bilan saqlab qolgan. Agentlik vakili Erik Arispe «S&P» farqli reyting bahosini izohladi.

«Islohotlar ikki sababga ko‘ra ahamiyatli deb o‘ylaymiz: birinchidan, islohotlar COVID-19 inqirozidan keyingi jadal sur'atlar bilan tiklanish uchun O‘zbekistonning mustahkam asoslarini qo‘llab-quvvatlash uchun muhimdir. Ushbu inqirozga qarshi kurashish qiyin bo‘lishiga qaramay, tarkibiy islohotlar davom etmoqda, masalan, moliya sektorida islohotlar hukumat tomonidan davom ettirilmoqda, bu esa o‘z navbatida bizni quvontiryapti», deydi u.

Arispening so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonning davlat qarzi katta emas, ammo bu mutlaq ma'noda pastligini ham anglatmaydi. Shuning uchun qarz bu yil YaIMning 35 foizigacha ko‘tarilishi prognoz qilinmoqda. 

Timur Ishmetov

«Munozara klubi»ning ilk yig‘ilishida Moliya vaziri Timur Ishmetov O‘zbekistonda joriy yilda tashqi qarz olish dinamikasi birmuncha faollashgani, ichki zaxiralar bo‘laturib, birinchi navbatda tashqi qarzga murojaat etishdan maqsad va rejalar qanday bo‘lgani haqidagi savolga javob berdi.

Uchrashuv ishtirokchilari tashqi qarz masalasiga deyarli ijobiy qaradi, ammo undan samarali foydalanish masalasida xavotir va e'tirozini bildirgan. Masalan, mustaqil ekspert Abdulla Abduqodirov bu haqda shunday deydi:

– Tashqi qarz olishdan avval uni samarali ishlatadigan biror dastur bormi yoki yo‘qmi? Menimcha, agar shunday dastur bo‘lsa va unda u yoki bu yo‘nalishga aniq pul miqdori belgilangan bo‘lsa, bu pullarni topish mexanizmi (tashqi qarz yoki emissiya) ikkinchi masala bo‘lardi. 

Mamarizo Nurmuratov

Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmuratov ichki qarzlar bo‘yicha savollarga javob berib, MB tomonidan bevosita davlatga, hukumatga qarz berish inflatsiyaga olib kelishini bildirdi. 

«Markaziy bank to‘g‘risida»gi qonunlarimizda, shuningdek, hamma rivojlanayotgan mamlakatlarda ham, rivojlangan, bozor tamoyiliga asoslangan davlatlarda ham Markaziy bankning bevosita hukumatga, davlat budjetiga bevosita kredit berishlari bu inflyatsion omil sifatida baholanib kelgan. Shu nuqtayi nazardan biz ham bu narsani tan olamiz.

Abdulla Abduqodirov mustaqil ekspert

Buni kundalik hayotimizda ham bilib boryapmiz. O‘tgan yili, undan oldingi yillarda imtiyozli kreditlar berilgani, undayam Markaziy bank hisobidan berilmagan bo‘lsa-da, bank-moliya sohasiga, kredit siyosatiga ma'lum darajada ta'sirini o‘tkazdi. Shu nuqtayi nazardan olib qaraydigan bo‘lsak, ichki bozorimizda pul massasi ko‘payishi o‘z-o‘zidan albatta inflatsiyani olib kelishga juda katta omil bo‘lgani munosabati bilan biz bu instrumentdan foydalanishni lozim ko‘rmaganmiz», deya qayd etgan MB raisi. 

Garchi munozara bir soat ichida o‘tishi rejalashtirilgan bo‘lsa-da, qariyb uch soat davom etgan uchrashuvda barcha tomonlar chinakamiga munozaraga kirishib ketishdi. Klubning ilk uchrashuvini Kun.uz'ning Youtube sahifasida to‘liq tomosha qilish mumkin.

Mavzuga oid