Jahon | 20:46 / 17.06.2020
51442
6 daqiqa o‘qiladi

Koronavirus: Pekin yopildi, hukumat ikkinchi to‘lqinning oldini olishga urinmoqda

Millionlab pekinliklar yana karantin cheklovlari sharoitida yashashiga to‘g‘ri kelmoqda. Chorshanba kuni shaharda yana 31 kishida Covid-19 aniqlandi, so‘nggi bir haftada 137 kishiga virusdan zararlanish tashxisi qo‘yilgan.

Foto: Reuters

Bungacha Xitoy poytaxtida 57 kun davomida aholi orasida birorta ham yangi kasallanish holati qayd etilmagan, faqat xorijdan keluvchilarda virus chiqayotgandi.

Virus tarqalishining yangi o‘chog‘i yirik «Sinfadi» ulgurji bozori bo‘ldi, bu bozor 21 million kishi yashaydigan shahar iste'molining 80 foizini qamraydi.

Pekinning 27 mikrohududida xavfning o‘rta darajasi joriy etilgan, bozor bilan yonma-yon joylashgan Xuasyan kvartali esa yuqori xavf darajasi e'lon qilingan.

Umuman olganda, shahar «favqulodda holat rejimi»da yashamoqda.

Qanday cheklov choralari kiritilgan?
28 mikrohudud aholisiga Pekinni tark etish taqiqlangan. Shaharning qolgan qismi aholisi shahardan chiqishi mumkin, ammo avval koronavirusga test topshirish kerak bo‘ladi.

28 tuman aholisiga shaharni tark etish taqiqlangan, qolganlar faqat koronavirusga test topshirgan holda shahardan chiqishi mumkin

Ammo bu oson bo‘lmaydi: BBC xabariga ko‘ra, shahardagi uchta laboratoriya iyul oyiga qadar yopilgan. Boshqa laboratoriyalar eshigida esa uzundan uzun navbatlar hosil bo‘lgan.

Ayni vaqtgacha Pekindan va Pekinga bo‘lgan aviareyslarning 1255tasi bekor qilindi. Shuningdek, 9 iyulga qadar temir yo‘l aloqasi cheklangan. Taksi haydovchilarining ham yo‘lovchilarni yetkazib qo‘yish uchun shahar tashqarisiga chiqishiga ruxsat berilmayapti.

Shu bilan birga, qo‘shni provinsiyalar Xubey va Shandun bilan shaharlararo qatnovlar vaqtincha bekor qilingan, jumladan, Pekin aeroportiga olib boradigan yo‘nalishlar qisqargan yoki butunlay bekor bo‘lgan.

Maktablar, suzish havzalari va fitnes-klublar yana yopilgan, sport musobaqalari qoldirilgan.

Yo‘llar hozircha ochiq, korxona va kompaniyalar ham odatdagi rejimda ishlamoqda.

Hukumat alohida hududlar uchun alohida cheklovlar joriy etmoqda, bir hududdagi vaziyat ikkinchisinikidan farq qiladi. Hozirda fevraldan farqli jihati - biznes, hukumat binolari va ishlab chiqarish sohalari yopilmaganidadir.

«Ko‘pchilik vaziyat nazorat ostidaligiga va ikkinchi to‘lqin boshlanmasligiga ishonmoqda», deydi BBC muxbiri Stiven Makdonnell.

Hammasi nimadan boshlandi?
O‘tgan haftada «Sinfadi» bozorida import qilingan lososlarni kesishga mo‘ljallangan taxta yuzasida virus aniqlandi. Xuddi shu vaqtda shaharda uzoq vaqtdan keyin aholi orasida ilk zararlanish holati qayd etildi.

Foto: AFP

Bozor darhol yopildi va Pekin hukumati ushbu bozorda bo‘lganlar uydan chiqmasligi kerakligini ma'lum qildi.

Hozircha virus manbasi bozor xodimlari yoki tashrif buyuruvchilar bo‘lgani bo‘yicha aniq ma'lumot yo‘q. Bozorga har kuni bir necha o‘n ming kishi tashrif buyuradi.

Bozor boshqaruvchisi va bir necha mahalliy rahbarlar ishdan olingan.

Pekindagi kasalliklar profilaktikasi va nazorati markazi vakili Yan Pen mahalliy televideniye orqali chiqishida bozorga mahsulotlar va xaridorlar oqimi juda katta bo‘lgani tufayli virus qayerdan kelganini aniqlash deyarli imkonsiz.

Uhan virusologiya universiteti tibbiy bo‘limi professori Yan Chjanszyuning aytishicha, Pekinda aniqlangan koronavirus Uhandagisidan xavfliroq bo‘lishi mumkin.

Uning ta'kidlashicha, evolyutsiya davomida virus zaiflashishi ham, kuchayishi ham mumkin. Ulgurji bozorda virus aniqlanganidan keyin to‘rt kun davomida kasallik 79 kishida tasdiqlangan. Ilgari Uxanda bunday kasallanish soni virus aniqlanganidan bir necha hafta o‘tgachgina qayd etilgandi.

Qolaversa, Uhanda epidemiya qishda boshlangan, hozir esa Pekinda virus tarqalishiga qarshilik ko‘rsatishi lozim bo‘lgan yozgi harorat hukm surmoqda.

Xitoy kasalliklar nazorati va profilaktikasi markazi katta epidemiologi Tszen Guan esa Pekin «ikkinchi Uhan» bo‘lmasligini aytmoqda.

«Hozircha ikkinchi to‘lqin sodir bo‘lishi haqida konsepsiya mavjud emas, bu shunchaki shartli taxmin. Ikkinchi to‘lqin bo‘lish-bo‘lmasligi biz qiladigan profilaktik tadbirlarga bog‘liq. Keyingi kunlar davomida kasallanganlar soni o‘sishi mumkin, biroq keyin virus nazorat ostiga olinadi va yuqori emas, aksincha, past to‘lqin kuzatiladi. Pekin «ikkinchi Uhan»ga aylanmaydi, virus boshqa shaharlarga o‘ta boshlaganidan keyin hududni yopishga to‘g‘ri kelgandi», degan u.

Mutaxassis Pekin aholisini ommaviy test qilishga zarurat yo‘qligini qayd etgan.

«Ayni vaqtda virusning manbasi haqida ma'lumotga ega emasmiz, lososga infeksiya odamdan o‘tganmi yoki baliq birinchi kasallanganmi bilmaymiz. Aniq javoblar olganimizdan keyin baliqni xom holatda yeyish mumkinligi haqida ma'lumot beriladi. Hozircha tekshiruv natijalarini kutishga to‘g‘ri keladi», degan u. 

Xitoyning qolgan qismida vaziyat qanday?
Umuman olganda, Xitoy epidemiyani yenggandi.

Mart oyi boshigacha bu yerda 80 mingga yaqin kishi Covid-19dan zararlandi, so‘nggi uch oyda esa jami 3200 holat qayd etildi.

Seshanba kuni butun Xitoyda jami 32ta yangi holat aniqlangan, shundan 27tasi Pekinda qayd etilgan.

Pekindan 140 kilometr masofada joylashgan, Xebey provinsiyasining 11,5 million kishi istiqomat qiluvchi shahri Baodinda harbiy holat rejimi e'lon qilindi. Hukumat bu qarorni ushbu shahar Pekinga yaqin joylashgani, ikki shahar orasida yuk tashish va fuqarolar harakati juda yaqin bo‘lgani tufayli qabul qilgan.

Shanxay rasmiylari poytaxtdan keluvchilarni ikki haftalik karantinga jo‘natmoqda.

Mavzuga oid