O‘zbekiston | 15:22 / 18.06.2020
30666
3 daqiqa o‘qiladi

«O‘zbekiston havo yo‘llari»ning ikki mutaxassisida koronavirus qayd etildi

Bundan tashqari, Toshkent shahridagi ichki ishlar tergovchisida, Buxoro viloyati ko‘z kasalliklari shifoxonasining 3 nafar tibbiyot vakilida, Boysun tumani Xalq banki filiali xodimida, Sirdaryo viloyatidagi elektr stansiyasi ishchisida, Mirobod va Chirchiq tumanlarida yashovchi fuqarolarda koronavirus aniqlandi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi kecha, 17 iyun kuni aholi orasida koronavirus aniqlangan 13 kishi haqida qo‘shimcha ma'lumot berdi.

«O‘tgan kunlar davomida aholi orasida koronavirusga chalinish holatlarini kuzatadigan bo‘lsak, odamlar ko‘p murojaat etadigan tashkilotlarda va ijtimoiy faol fuqarolarda kasallik qayd etilayotganini ko‘rish mumkin. Bu esa jamoat joylari hamda odamlar serqatnov tashkilotlarda kasallikni yuqtirib olish xavfi yuqori ekanini ko‘rsatmoqda.

Avval xabar qilganimizdek, 16 iyun sanasida yurtimizda koronavirus infeksiyasi tasdiqlangan 230 nafar bemorning 20 nafari aholi orasida aniqlangan bo‘lsa, kecha, 17 iyun kuni esa 189 nafar bemordan 13 nafari aholi orasida tasdiqlandi.

Ikki kunlik ma'lumotga ko‘ra, umumiy kasallanish ko‘rsatkichi ham, aholi orasida koronavirusga chalinish holati ham kishida xavotir uyg‘otishi tabiiy.

17 iyun kuni aholi orasida koronavirus aniqlanish holatlarini hududlar kesimida ko‘radigan bo‘lsak, Toshkent shahrida 5 nafar, Buxoro viloyatida 3 nafar, Toshkent viloyatida ham 3 nafar, Surxondaryo viloyatida esa 2 nafarni tashkil etdi.

Jumladan, Toshkent shahri ichki ishlar tizimi tergovchisida, Mirobod tumanida yashovchi fuqaroda (ikkalasida ham tana harorati ko‘tarilgan va tomoqda og‘riq kuzatilgani sababli o‘zlari borib namuna topshirgan), «O‘zbekiston havo yo‘llari» AJning 2 nafar mutaxassisida (ishga chiqish uchun namuna topshirgan) kasallik qayd etilgan.

Bundan tashqari, Surxondaryo viloyati Boysun tumani Xalq banki filiali xodimi va uning onasida, Sirdaryo viloyatidagi elektr stansiyasi ishchisi va uning o‘g‘lida (tana harorati ko‘tarilgan va Bekobod tumanidagi shifoxonaga yotqizilgan), Chirchiq tumanida yashovchi fuqaroda (tana harorati ko‘tarilgan va tez tibbiy yordam xizmati orqali yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yotqizilgan), Buxoro viloyati ko‘z kasalliklari shifoxonasining 3 nafar tibbiyot xodimida ham infeksiya aniqlangan.

Mazkur holatda, Sog‘liqni saqlash vazirligi, takror bo‘lsa-da, aholini har qadamda xushyor va ogoh bo‘lishlarini, karantin va sanitariya  qoidalariga qat'iy amal qilishlarini so‘raydi.

Koronavirus infeksiyasi kutilmagan salbiy asoratlar va oqibatlarga olib kelishi, unga qarshi asosiy qalqonimiz aynan sanitariya va karantin qoidalariga so‘zsiz amal qilish ekanini aslo unutmasligimiz kerak», – deyiladi vazirlik axborotida.

Mavzuga oid