Jamiyat | 09:27 / 18.06.2020
43780
4 daqiqa o‘qiladi

Shifobaxsh suvi pullanayotgan «Omonxona» sihatgohi: bu ishda hammasi qonun-qoidalarga mosmi?

Surxondaryo viloyatining Boysun tumanidagi Omonxona shifobaxsh suvi ancha mushhur. Sayt tahririyatiga mazkur qishloqda istiqomat qiluvchi ayrim fuqarolardan suv ta'minoti borasida murojaat kelib tushdi.

O‘z nomi oshkor bo‘lishini istamagan fuqarolarning e'tiroz qilishlaricha, asrlar osha ota-bobolari iste'mol qilib kelgan suv 2 yildan buyon aholiga pullanmoqda. Sihatgoh oldiga chiqarilgan quvurlardan suvlar qadoqlangan idishlarga quyib berilmoqda — hech qanday yorliqlarsiz. Holbuki, 2017 yilgacha bu suvni qishloqliklar va bu yerga kelgan mehmonlar tekinga, bemalol tashib ichishgan.

Sayt muxbirlari masalani joyiga borib o‘rgandi. Sog‘lomlashtirish majmuasi karantinga olingani uchun uning hududiga kirib bo‘lmadi.

«Omonxona» sihatgohi direktori o‘rinbosari Abror Jabborov bilan aloqaga chiqqanimizda u hukumatning 2014 yil oktabr oyidagi farmoyishiga ko‘ra, «Omonxona» sihatgohi «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ ixtiyoriga berilganini aytib o‘tdi.

Mazkur farmoyishdan so‘ng sihatgoh atrofi o‘ralgan. Xususan, suv chiqadigan buloq muhofaza zonasi yaratilgan. Shifobaxsh suv sifati nazoratga olingan. 2017 yilda undan quvur tortilib, suv sihatgoh darvozasi oldigacha chiqarilgan. Chunki, sihatgohga davolanish uchun keluvchi doimiy 200-300 atrofidagi bemorlar ham shu suvdan iste'mol qilishadi.

Farmoyish ijrosi ta'minlanishi asnosida 2015 yilda shifobaxsh suvning sarfi hisobi yuritilib, uning har bir litriga 56 so‘m narx belgilangan. Bugungi kunda qayta hisoblash natijasida uning bir litri barchaga 200 so‘mdan sotilmoqda.

Sihatgohda shifobaxsh suv realizatsiyasiga mas'ullaridan biri — «Omonxona» sihatgohi kassiri Sharif Jalolovning aytishicha, shu buloqdan suv qadoqlash fabrikasiga ham uzatiladi. Fabrikada gazlangan va gazlanmagan holda, 1,5 litrlik plastik idishlarga quyiladi. Aynan o‘sha sanoat usulida qadoqlanadigan suvlarga o‘rnatilgan tartibda yorliqlar yopishtiriladi. Oddiy fuqarolar esa darvoza oldidagi quvurlardan chiqayotgan suvni o‘zlari uchun xarid qilishadi.

Omonxona qishlog‘i bo‘ysunadigan «Inkabod» mahalla fuqarolari yig‘ini raisi Ahmad Qurbonov bilan bog‘landik.

Raisning aytishicha, 230 xo‘jalik, 1100dan ziyod aholi istiqomat qiladigan Omonxona qishlog‘iga Boshbuloq chashmasidan ichimlik suvi tortib kelingan, biroq 29-maktabgacha tortib keltirilishi kerak bo‘lgan suvni tortish ishlari mablag‘ yetishmovchiligi tufayli oxirigacha yetkazilmagan. Lekin rais qishloqning bir qismiga Boshbuloq chashmasidan ichimlik suvi kelgani, undan odamlar tekin foydalanishayotganini ham aytib o‘tdi.

Rostdan ham katta ko‘chalarda yorliq yopishtirilmagan 5 va 10 litrlik plastik idishlarda sotilayotgan «Omonxona» suviga ishonsa bo‘ladimi? Ha, biz bunday idishlarga suv Omonxona sihatgohi darvozasi oldida quyib olinayotganiga guvoh bo‘ldik.

Demak, ko‘chada katta idishlarda sotuvga chiqarilgan Omonxona suvi sanoat usulida emas, shu yerlik aholi tomonidan qadoqlab sotilayotgani uchun ularning idishida yorliq yopishtirilmagan.

Shifobaxsh suvning sotilayotgani masalasiga kelsak, unga belgilangan narx o‘zboshimchalik bilan emas, hukumat farmoyishiga asosan qo‘yilganini bilib oldik.

Lekin murojaatchilar bir masaladada haq: boysunlik mutasaddilar boshlangan ishni oxirigacha yetkazishlari, bu borada kerak bo‘lsa omonxonaliklarning qadimiy bulog‘ini ihotalab olib, suvini sotayotgan «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJdan aholini ichimlik suvi bilan bepul ta'minlash masalasini hal qilishlari adolatdan bo‘lar edi.

Shuhrat Shokirjonov, Kun.uz maxsus muxbiri.
Faxriddin Hotamov, tasvirchi.

Mavzuga oid