Karantin markazidagi fuqaro o‘zini osdi, holat yuzasidan surishtiruv o‘tkazilmoqda
21 iyun kuni soat 4:00-5:00 oralig‘ida Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumani hududida joylashgan O‘rtasaroy karantin markazida bir kishi o‘zini osib qo‘ygan holda topilgan. Prokuratura dastlabki tergov ishlarini olib bormoqda.
Ma'lum bo‘lishicha, asli Farg‘ona viloyatidan bo‘lgan, koronavirus pandemiyasi tufayli Moskva shahridan qaytib, karantinga olingan 42 yoshli shaxs karantin uchun maxsus moslangan konteyner ichida o‘z joniga qasd qilgan.
Ism-sharif oshkor etilmagan bu fuqaro O‘zbekistonga yetib kelganidan so‘ng koronavirusni aniqlovchi test topshirgan, lekin bu testning natijalari hali chiqib ulgurmagan bo‘lgan.
Kun.uz karantin markazida sodir bo‘lgan bu voqea bo‘yicha tegishli vazirliklar bilan bog‘landi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot kotibi Furqat Sanayev:
– Vazirligimiz karantin hududlaridagi epidemiologik vaziyat, bemorlarning ahvoli, zarur davo vositalari ta'minoti bo‘yicha javobgar. Bu holat sodir bo‘lganini tasdiqlasak-da, hodisa yuzasidan rasmiy ma'lumot berish surishtirish ishlari olib borayotgan Ichki ishlar vazirligi vakolatida. Ayni paytda shuni aytishimiz mumkinki, vazirlik tomonidan o‘tkazilgan dastlabki o‘rganishlarimizga ko‘ra bu holat sodir bo‘lishiga tibbiyot xodimlarining aloqasi yo‘q.
Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati rahbari Shohrux G‘iyosov:
– Bu holat chindan ham sodir bo‘ldi. Hozir maxsus guruh hodisa tafsilotlarini o‘rganmoqda. Bir narsani aytish mumkinki, marhum va tibbiyot xodimlari yoki sheriklari bilan biror ziddiyatli vaziyat bo‘lmagan. Dastlabki taxminga ko‘ra, marhum ruhiy holatiga ko‘ra shiftdagi ventilyatorga o‘zini osgan. Ammo aniq xulosa faqat tergov-surishtiruv ishlari yakuniga ko‘ra berilishi mumkin.
Ayni vaqtda mazkur holat yuzasidan Yuqori Chirchiq tumani prokuraturasi dastlabki tergov ishlarini olib bormoqda.
Ma'lumotlarga ko‘ra, 3 nafar farzandning otasi bo‘lgan marhum 15 iyun kuni O‘zbekistonga yetib kelgan va karantin hududiga joylashtirilgan.
Mavzuga oid
21:59 / 27.11.2022
Xitoyda koronavirus cheklovlariga qarshi namoyishlar bo‘lib o‘tmoqda
00:22 / 26.11.2022
Pekinda koronavirus avj olgani tufayli yangi cheklovlar kiritilmoqda
22:24 / 07.11.2022
Angliyada uy parrandalariga lokdaun e’lon qilindi
12:45 / 19.07.2022