Jamiyat | 10:19 / 22.06.2020
17656
7 daqiqa o‘qiladi

«Farzand tarbiyasi uchun ham ayol o‘qishi kerak» - biolog Xurshida Ubaydullayeva bilan suhbat

Xurshida Ubaydullayeva – gen ijyeneriyasi bo‘yicha xalqaro miqyosda tanilgan olima, biologiya fanlari doktori. Paxtaning hosildor «Porloq» navlari yaratilishi ustida ishlagan. «O‘zbegim ayoli – 2020» milliy mukofotining «Ziyoli ayol» nominatsiya sovrindori, «Shuhrat» ordeni sohibasi.

Kun.uz muxbiri Xurshida Ubaydullayeva bilan olimalik mashaqqatlari, ayol uchun ilmning ahamiyati xususida «O‘zbekoyim» ruknida suhbatlashdi.

Ayol olima uchun atrofdagilarning tushunishi muhim

– Ayol sifatida ham oila, ham ilmni qilishda qiyinchiliklar, oilada kelishmovchiliklar bo‘lgan. Ammo ayol kishi ilm qilishida atrofdagilarning qo‘llab-quvvatlashi muhim.

Inson ulg‘aygani sari hamma narsaga ulgursa bo‘ladi, degan ko‘nikma paydo bo‘lar ekan. Ham oilani, ham ilm-fanni baravar olib borishga harakat qilardim. Ilmiy ishlar jarayonida tungi 10-11gacha qolib ketardik. Turmush o‘rtog‘im avvaliga tushunmadilar, tushunishni istamadilar. «Sen uch bolaning onasisan. Oila birinchi o‘rinda bo‘lishi kerak», derdilar. «Oilani ham, ilmni ham qilishga harakat qilaman», derdim. Odamzot o‘z oldiga to‘g‘ri maqsad qo‘ysa, shunga yarasha harakat qiladi. Ertalab biron ish qilmasam, qaynonam xafa bo‘lmasinlar, turmush o‘rtog‘im norizo bo‘lmasin deb ham ulgurishga harakat qilardim.

Yaqinda qaynonam: «Xurshida, balki endi bas qilarsiz, charchadingiz, bolalarni uyli-joyli qilish kerak», deb qoldilar. «Hammasi o‘z vaqtida bo‘ladi. Unisini ham, bunisini ham qilamiz. Men endi doktorlikka erishdim, nechta shogirdim qarab turibdi, qanday qilib bu qorako‘zlarni tashlab ketaman? Davlat oldida qancha qarzim turibdi, davlatimga qancha ishlab berishim kerak», deb tushuntirdim. Tushundilar. Ular tushunganlari uchun ham men bu faoliyatim bilan mashg‘ulman.

«Bolalarimga mehr bera olmadim, lekin ular mustaqillikka o‘rganishdi»

– Bolalarimga to‘laqonli ona mehrini bera oldim, deb o‘ylamayman. 2008 yillarda paxtaning «Porloq» navlari ustida ishlayotgan davrimizda dalalarga chiqib ketardik, kechki payt ham laboratoriyalarda ish davom etar, bolalarim bog‘chada kechki smenada qolib ketishardi. Bog‘cha opasiga qo‘ng‘iroq qilib, hozir ilmiy ishimni tashlab ketishim qiyin, qarab turing, deb iltimos qilardim.

Institutdan chiqib bog‘chaga yetib borgunimcha 10-11 bo‘lib ketardi. O‘sha bog‘cha opaga hozir mingdan-ming rahmat aytgim keladi. «Qizim, hech ham xijolat bo‘lma. Men ilmni yaxshi ko‘raman, bolalaringni ushlab turaman», derdilar.

Farzandlarimga «sizlarga to‘la mehr bera olmadim», desam, «ona, hech unday demang. Qiynalganimiz uchun ham o‘zimiz oyoqqa turdik. Agar siz hamma narsani muhayyo qilganingizda, balki maqsadlarimizga yetishmasmidik», deyishadi. Onamizning vaqti yo‘q, deb ko‘p joylarga o‘zlari borishar, masalalarini mustaqil hal qilishardi.

«Olima ayol uchun to‘siqlar – oilada»

Ayol kishi ilm bilan shug‘ullanishi shart, deb o‘ylayman. Ilm ayol-erkakni tanlamaydi. Dalada ish deyishsa, birinchi bo‘lib ayollar yo‘lga chiqardik. Uskunalarni ishlatishda ham o‘zimiz harakat qilardik. Ayol kishi ilmda erkakdan ko‘ra aqlliroq, mulohazaliroq ish tutadi.

O‘zbekistonda ayol kishining ilm bilan shug‘ullanishi uchun to‘siqlar ko‘proq oilada bor, deb o‘ylayman. Oilada ikki o‘g‘il, ikki qiz bo‘lsa, ikkita o‘g‘ilni o‘qitishadi. Bitta o‘g‘il bo‘lsa ham o‘qitishadi. Ikkita qizni esa o‘qitmaydi. Nega? Turmushga berganim yaxshi, baribir uzatib yuboraman, deydi. Ammo ular ham farzandingiz-ku.

«O‘g‘lim meni boqadi, qiz bola esa birovning xasmi, boshqa oilaga ketadi», deydi. To‘g‘ri, farzandni uyli-joyli qilish ham farz, ham qarz. Lekin farzandlarni – qiz bolami, o‘g‘il bolami, o‘qitish tarafdoriman. Qiz bolani kelajak uchun, farzand tarbiyasi uchun ham o‘qitish kerak.

Farzand tarbiyasida o‘qigan va o‘qimagan ayolning farqi baribir seziladi. Mayli, qiz bolani turmushga uzatgandan keyin sharoiti ishlashni taqozo etmas. Lekin o‘qimishli qiz farzand tarbiyasini boshqacharoq olib boradi. Jamiyat uchun kerakli kadrlarni ham shu qizlar dunyoga keltirib, tarbiyalaydi-ku.

«Ilm yo‘lida eng muhim xususiyat – sabr-toqat»

– Nafaqat ilm yo‘lida, har qanday holatda ham maqsadga erishish uchun shaxsdagi eng muhim xususiyat – sabr-toqat. Cho‘qqiga yetib borish uchun sabr-toqat kerak. Ilmni boshlagandan keyin qanchadan-qancha ayollar tashlab ketdi – erim urishyapti, qaynonam norizo, deydi. Juda ko‘p ayollar oilasi tushunmagani uchun ilmni yo‘lning o‘rtasida tashlab ketdi. Bir kun yengil o‘tadi, keyingi kun og‘ir. Har bir narsaga toqat qilish kerak.

Ikkinchi muhim xususiyat – harakat. Sabr bilan harakat qilgan insongina ko‘zlagan manziliga yetisha oladi.

«Dod solamiz, balki gap odamlarning o‘zidadir?»

– Ilm qilishda juda ko‘p vaqt qog‘ozbozlikka ketib qoladi. «Voy-dod qog‘ozbozlik, voy-dod, mana bunaqa bo‘lib ketdi», deymiz. Lekin balki gap odamlarning o‘zining savodsizligidadir?

Tanqid qilishni yomon ko‘raman, chunki ko‘p narsa odamning o‘ziga bog‘liq. Hadeb muhitdan norozi bo‘lish Allohga xush kelmaydi. Norozi bo‘lavermaganim uchun ham Alloh yo‘limni ochib qo‘yganmikan, deb o‘ylayman.

«Charchadim» degan so‘zni umuman ishlatmayman. Lekin ich-ichimdan charchayman. Ammo shu narsani ko‘rsatishni yomon ko‘raman. «Charchadim» deganim bilan birov mening yukimni yengil qilib qo‘ymaydi-ku.

«Uddalay olmayapman», «qiynalib ketdim» degan shogirdlarimga ham «shunaqa noliganing bilan suhbatdoshing ishingni bitirib bermaydi-ku, undan ko‘ra harakat qil, Xudoga shukr qil va oldinga qarab yur», deb maslahat beraman.

Saodat Abdurahmonova suhbatlashdi.
Tasvirchi – Otaxon Yusupov.

Mavzuga oid