Jamiyat | 09:50 / 23.06.2020
22276
4 daqiqa o‘qiladi

Choshtepada metro qurilishi aholi uylariga jiddiy xavf solmoqda. Ular nega boshqa joyga ko‘chirilmadi?

Toshkentda yer usti metrosi qurilishi davom etmoqda. Shu bois metro liniyalari o‘rnida joylashgan qator xonadonlar buzilgan. Lekin qizil chiziqdaligi sabab «snos»ga tushgani aytilgan uylarning hammasi ham buzilgani yo‘q. Natijada qurilish ishlari bu uylardagi fuqarolarning halovatini o‘g‘irlagan.

Yer usti metrosining «Choshtepa» bekati Sergeli tumanidagi Choshtepa 11-berk ko‘chasi yaqinida qurilmoqda. Shu hududda yashayotgan fuqaro Botir Roziqov tahririyatimizga murojaat qildi.

Fuqaroning aytishicha, 2-3 yil oldin bu hududdagi uylar «snos»ga tushgani aytilgan, ammo hozircha faqat metro liniyasida joylashgan uylar buzilgan. Botir Roziqovning uyi esa liniyaga juda yaqin masofada joylashgan: davom etayotgan qurilish ishlari u va shu hudud aholisiga katta tashvish tug‘dirmoqda.

«Ushbu hududdagi bir nechta uylar 2-3 yil oldin «snos»ga tushgan. O‘tgan yili hokimlikdan mutasaddilar kelib, uylar snosga tushgani, o‘rniga boshqa uy berilishini aytib, oila a'zolarimizni ro‘yxatga ham olib ketishgan. Lekin hozirgacha hech qanday natija yo‘q.

Uyimiz o‘zi bir ahvolda. Mahallaga kirish yo‘li abgor ahvolda. Buning ustiga yer ustki metrosining qurilish ishlari davom etmoqda. Har kuni shu ahvol. 60-80 tonnalik texnikalarda tuproqni jipslash (trambovka) ishlarini olib borishmoqda.

To‘g‘risi, qo‘rqib yashayapman. Tuproq uyumlari uyimning devorigacha kelib qolgan. Natijada yomg‘irli kunlarda uy devorlari zax olib ketgan.

Bu uyda 3ta oila yashaymiz. Ikki o‘g‘limning ham oilasi, ikkitadan farzandlari bor. Men shu yosh bolalardan qo‘rqaman. Qattiroq silkinish bo‘lsa, uylar qulab tushishi mumkin.

Uy snosga tushgan, lekin shuncha yildan beri nima qilishni bilmaymiz. Remont ham qila olmaymiz. Shahar hokimligiga, munitsipal idorasiga murojaat qildik. Lekin natija yo‘q», – deydi biz bilan suhbatda uyi abgor ahvolda qolgan fuqaro.

Kuzatishlarimizga ko‘ra, Botir Roziqov haqiqatan ham mushkul ahvolda: uyiga kiradigan ko‘cha juda abgor, uyi eski bo‘lgani sababli yer usti metrosining qurilish ishlarida ishlatiladigan texnikalarning ta'siri natijasida uy qulab tushishi ham mumkin.

Ayniqsa, uyda yosh bolalarning borligi odamni yanada qo‘rqitadi. Tun-u kun davom etayotgan katta va og‘ir qurilish ishlarining shovqinidan esa mazkur uy va unga yaqin uylarda istiqomat qiluvchi fuqarolarning tinchi buzilgan.

Metro qurilishi sabab uyi qizil chiziqqa tushgan Botir Roziqovga mutasaddilar kelib, «Uy beramiz» deb aytishgan va uyda yashayotganlar haqida dalolatnoma ham tuzib ketishgan. Afsuski, metro qurilishi boshlanib, murojaatchining uyiga zarari tegyapti hamki, hech qanday chora ko‘rilmayapti.

Holat yuzasidan Sergeli tumani hokimligidan izoh olgani borganimizda, tuman hokimining yordamchisi Oybek Jalilov bizdan kerakli ma'lumotlarni olib qolib, ma'lumotnoma qilib berishini aytdi. Keyinroq yana bog‘landik, lekin unda keyinroq aloqaga chiqishini aytib, go‘shakni qo‘ydi. Afsuski, ma'lumotnoma ololmadik.

Aslida yer usti metrosi qurilishi boshlanishidan oldin bu hududda yashayotgan aholi ko‘chirilishi kerak emasmidi? Nega ancha oldin qizil chiziqqa tushgani aytilganiga qaramay, uy egasiga aniq javob berilmayapti?

Yer usti metrosining qurilishi, insonlarga qulaylik yaratish yaxshi, albatta. Lekin u kimningdir halovatini o‘g‘irlash, uni qiyin ahvolda qoldirish evaziga bo‘lmasligi kerak.

Rahmatillo Isroilov

Раҳматилла Исроилов
Tayyorlagan Раҳматилла Исроилов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid