Jamiyat | 18:14 / 23.06.2020
37699
9 daqiqa o‘qiladi

Maktab psixologlari: samarali ishlashlari uchun ularga nimalar xalal bermoqda?

Maktab psixologi – yosh avlodni katta hayotga to‘g‘ri yo‘naltirishda ota-ona va o‘qituvchi bilan barobar ahamiyatga ega shaxs. Murakkab davr – o‘smirlikka qadam qo‘yayotgan bola, shaxs sifatida shakllanayotgan o‘smirning o‘z olamidagi muammolariga yechim topishi uchun yordam berishda maktab psixologining roli katta.

Foto: Getty Images

Buxoro viloyati G‘ijduvon tumanidagi umumta'lim maktablaridan birida faoliyat olib borayotgan psixolog Sadriddin Shamsiddinov maktab psixologi faoliyatini tashkil qilish (ayniqsa, tuman sharoitida) samarasiz yo‘lga qo‘yilganini aytadi.

U o‘z amaliy faoliyatidan kelib chiqqan holda, tuman maktabida psixologlar duch kelayotgan muammolarni sanab o‘tdi.

Kadrlar muammosi

– Bugungi kunda maktablarda psixologning foydasi amalda juda kam. Birinchidan, bu oliy ta'lim tizimida psixolog kadrlarni tayyorlashdagi muammolar bilan bog‘liq.

Oliy ta'lim sifatsiz psixologlarni tayyorlayapti, psixologik ta'lim eski manbalarga asoslangan, amaliyot bilan bog‘lanmagan. Talaba o‘zi mustaqil izlanishga moyil bo‘lsagina, nimanidir o‘rganib chiqishi mumkin. Hatto o‘zimni ham yaxshi malakali kadr deb aytishga xijolat bo‘laman.

Ikkinchidan, psixologning maktabdagi mavqeyi achinarli – unga keraksiz shaxs sifatida qaraladi. Jinsiy tarbiya, suitsid, ijtimoiy hayotga moslashuvdagi to‘siqlar, kattalar bilan muloqot, kasb tanlashda psixologning o‘quvchi hayotidagi roli katta bo‘lsa-da, bu amalda ko‘rinayotgani yo‘q.

Psixologik testlar yaroqsiz

– Maktabda o‘quvchilar bilan ishlash uchun foydalaniladigan testlar zamondan orqada qolgan, deb hisoblayman. Chunki hozirgi o‘smirlarning psixologiyasi bu testlar ishlab chiqilgan davrnikidan farqli. Har 20-30 yilda avlod almashadi, bu yangicha qarashlar, yangicha ruh paydo bo‘ladi degani. 1996 yildan keyin tug‘ilgan avlod – zet avlod, tabiiyki, o‘zidan avvalgi avlodlarga nisbatan boshqacha fikrlaydi, ularda psixika boshqa. Ammo ular bilan ishlashda boshqa avlod vakillari bilan o‘tkazilgan tajribalarga asoslangan testlardan foydalanilmoqda. Bu testlar ularning ruhiyatini ochib bera olmaydi, shuning uchun ham qo‘llashga yaroqsiz.

Shunday bo‘lsa-da, yuqoridan yuborilgani uchun ham shu testlar aossida ishlashga majbur bo‘lamiz.

Bitta sinfxonada o‘rtacha 30-35 o‘quvchi o‘tiradi. Savollar soni 50tagacha boradigan testlar ham bor. Psixolog ularni har bir o‘quvchiga ishlatib olgach, bittalab hisoblab chiqishi, tavsiflashi lozim. Bunga juda ko‘p vaqt va resurs ketadi. Natijada psixolog nima qiladi? Yoki ishlangan testlarni yolg‘ondan «salbiy-ijobiy» qilib belgilaydi, yoki testni o‘quvchilarga ko‘rsatmasdan, o‘zi shunchaki belgilab qo‘ya qoladi.

Aslida ilmiy nuqtayi nazardan olganda, psixologiyaning asosiy metodi kuzatish va suhbat hisoblanadi. Bu ikki metod bilan aniqlanmagan jihatlarnigina testdan qo‘shimcha metod sifatida foydalangan holda aniqlash mumkin. Shu sababli testlar sonini qisqartirish, depressiya, suitsidga moyillik kabi eng zarurlarini qoldirib, treninglarga ko‘proq vaqt ajratish maqsadga muvofiq.

Shuningdek, psixologiya mashg‘ulotlari davomida o‘quvchilarni kasbga tayyorlash degan metodika bor. Bu borada testlar Yevropa modelidan ko‘chirilgan holda bizga modifikatsiya qilingan, lekin bu modifikatsiya noto‘g‘ri qilingan. Testlarni ko‘rsangiz, bizda uchramaydigan, Yevropadagina bor bo‘lgan kasblardan kelib chiqib berilgan savollar bor. O‘quvchilar tugul, psixologlarning o‘zi ham ularning mohiyatini tushunmaydi.

Psixologiya darslari o‘tilmaydi

– Psixologik mashg‘ulotlarni o‘tkazish uchun alohida soat ajratilmagani psixolog-o‘quvchi munosabatlarini tashkillashtirish uchun imkon qoldirmaydi.

Deylik, psixolog o‘quvchilardan ruhiy holatni aniqlashda test olishi kerak bo‘lsa, qaysidir o‘qituvchining darsini buzishiga to‘g‘ri keladi. Ham dars buziladi, ham test o‘lda-jo‘lda o‘tkaziladi. Yoki 20 daqiqaga mo‘ljallangan (undan ham yuqorilari bor) testlarni 5 daqiqada nomigagina belgilatib oladi. Bu, albatta, testlarning ishonchligiga, natijaviyligiga ta'sir etadi. Ya'ni o‘quvchidagi real ruhiy holatni bilishga to‘siq bo‘ladi.

Alohida soat ajratilmagan bo‘lsa, psixolog o‘quvchi bilan qaysi paytda shug‘ullansin? Olti soat darsdan so‘ng ham ruhan, ham jismonan charchagan o‘quvchiga psixolog treningi yoqarmidi?

Shu nuqtayi nazardan, psixologning o‘quvchilar bilan shug‘ullanishi uchun dars soatlari jadvalga kiritilishi maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Psixolog xonasi talabga javob bermaydi

– Psixolog xonasi 15-20 kishi sig‘imida bo‘lishi lozim. Nega? Chunki oddiy dars xonalari trening o‘tkazishga mo‘ljallanmagan. Bundan tashqari, psixolog xonasi keng, yorug‘, shinam, o‘quvchini o‘ziga jalb etadigan bo‘lishi lozim. Tinch, xotirjam muhitda o‘quvchi bilan suhbat qura olish uchun sharoit bo‘lishi kerak.

Masalan, xonada akvarium bo‘lishi o‘quvchilarni qiziqtiradi, qandaydir siri bor bo‘lgan o‘quvchi psixologga aytsammi-aytmasammi deb ikkilanib turgan paytda ko‘z oldida akvarium paydo bo‘lib, bu uni psixolog xonasiga borishga undaydi. Bu esa qandaydir salbiy holatning oldi olinishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Maktab psixologi o‘quvchilarga ustoz emas, do‘st bo‘lishi kerak. O‘quvchilar o‘z sirlarini psixologga qo‘rqmay ayta olishlari, unga ishonishlari lozim. Buning uchun o‘quvchilar bilan individual yoki jamoaviy ishlashda psixologning xonasi talabga javob berishi lozim.

Yana bir muhim jihat: psixolog xonasi maktabning birinchi qavatida joylashishi lozim. Bu ota-onalar bilan suhbatlarni tashkil qilish uchun qulaylik yaratadi.

Shtat masalasi

– Ilmiy manbalarda har 250 nafar o‘quvchiga bir psixolog shtat bo‘lishi lozimligi belgilangan. Men ishlayotgan maktabda esa 1000 nafardan ortiq o‘quvchi tahsil oladi, ammo 2 nafar psixolog ishlashi uchun shtat berilgan. Vaholanki, bu maktabda 4 nafar psixolog bo‘lishi kerak, 2 nafar psixolog hamma o‘quvchilar bilan ishlashga jismonan ham ulgurmaydi.

Psixologlar soni o‘quvchilar soniga muvofiq bo‘lmasa, tabiiyki, qamrov ham, o‘quvchilar bilan ishlash sifati ham shunga yarasha bo‘ladi.

Bundan tashqari, qiz bolalarning ham, o‘g‘il bolalarning ham psixolog bilan muloqotida komplekslar bo‘lmasligi uchun maktabda erkak va ayol psixolog bo‘lishi maqsadga muvofiq.

Maktab psixologi mustaqil emas

– Ilmiy manbalarda psixolog mavqe jihatdan maktab direktoriga teng bo‘lishi, rahbariyat u bilan maslahatlashgan holda ish ko‘rishi kerakligi ko‘rsatilgan. Ammo o‘quvchilar psixologga maktabdagi mayda-chuyda ishlarni qilib yuradigan keraksiz xodim sifatida qaraydi.

Chunki direktor, direktor o‘rinbosarlari maktab faoliyati bilan bog‘liq nimaiki mayda yumush bo‘lsa, psixologga yuklaydi. Davomat olish, o‘qituvchilarning dars o‘tayotgan-o‘tmayotganini tekshirish kabi ishlar ham ba'zida psixologga buyuriladi. Natijada, psixolog o‘z faoliyatini samarali tashkil qila olmaydi.

Hujjatbozlik

– Hamma joyda bo‘lganidek, qog‘ozbozlik maktab psixologi faoliyatini ham chetlab o‘tmagan. Maktabda psixolog qog‘ozbozlik bilan ovora bo‘lib asosiy ish faoliyati qolib ketadi. Hozirda bajarilgan ishni ko‘rsatish uchun telefonga suratga olish yetarli. Lekin psixolog ko‘p vaqtini qog‘oz to‘ldirish bilan o‘tkazadi. Kunlik qilingan ishlarini daftarga yozib borishga majbur.

Yillik, oylik va haftalik ish rejalarini yuritish bo‘yicha vazirlikdan topshiriqlar bo‘ladi – har bir qilingan ishning dalolatnomasi bo‘lishi kerak, test o‘tkazilsa, uning statistikasini yuritish, har bir o‘quvchining ma'lumotlarini papkalarga jamlab qo‘yish kerak. Bu qog‘ozlar hech kim foydalanmasa ham o‘quvchilar bitirib ketganidan keyin yana uch yilgacha turadi.

Endi ayting-chi, shuncha ishdan ortib psixolog qachon o‘quvchi bilan suhbatlashadi? Qog‘oz to‘ldirish, direktor buyurgan mayda-chuyda ishlarni qilishdan bo‘shab, o‘quvchining muammosini tinglashga kuch, vaqt, hafsala top oladimi?!

Umuman olganda, maktablarda psixologning mavqeyini oshirish, uning o‘z faoliyatini samarali tashkil qila olishi uchun muhit yaratish masalasi, ayniqsa, e'tibor kamroq bo‘lgan tuman hududlarida tubdan qayta ko‘rib chiqilishi kerak.

Chunki psixolog o‘z oldiga qo‘yilgan vazifalarni chindan ham uddalay olsa, keyinchalik kattalashib ketishi mumkin bo‘lgan ko‘plab ijtimoiy muammolarni birinchi bosqichlardayoq profilaktika qilish mumkin bo‘ladi.

Saodat Abdurahmonova yozib oldi.

Mavzuga oid