Jahon | 00:56 / 26.06.2020
33953
5 daqiqa o‘qiladi

«Bizni pandemiya davrida qilgan ishlarimiz bilan yodga olishadi»: Bill va Melinda Geyts AQShning harakatsizligi, ikkinchi to‘lqin va vaksinatsiya haqida

Foto: TASS

Bill va Melinda Geyts koronavirus tarqalishini to‘xtatadigan omillardan biri niqob ekanligini ta'kidlamoqda.

COVID-19 pandemiyasi boshlanganidan so‘ng Bill va Melinda Geyts birinchilardan bo‘lib koronavirusga qarshi vaksina va dori ishlab chiqarish borasida harakatga tushdi. Yillar davomida poliomiyelit va boshqa yuqumli kasalliklarga qarshi kurashga mablag‘ ajratib kelgan er-xotin AQSh  ko‘rgan choralarni tanqid qilmoqda.

«Odatda Amerika jahondagi muammolarni hal qilishda muhim rol o‘ynaydi, shuning uchun AQSh Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotidan chiqib ketish o‘rniga aybdorlarni izlamasdan, tashkilot bilan faol hamkorlik qilishi kerak edi. Bu AQSh izolyatsionizm yo‘lidan ketishga qaror qilgan oddiy vaziyat emasdi», — dedi Bill Geyts Forbes’ning to‘qqizinchi marta o‘tkazilgan yillik xayriya sammitida.

«Biz turli mamlakatlarning sa'y-harakatlarini birlashtirishga urinyapmiz. Yevropa davlatlari va hukumatlari rahbarlari AQShning harakatsizligi oqibatida paydo bo‘lgan bo‘shliqni to‘ldirishga urinmoqda», — dedi Microsoft asoschisi 200dan ortiq filantrop ishtirok etgan onlayn-sammitda. «AQShning harakatsizligi boshqa davlatlar bilan munosabatlarimizga putur yetkazmoqda va odamlarning AQShga nisbatan davlat sifatida ko‘rsatgan hurmatiga salbiy ta'sir ko‘rsatmoqda», — deb qo‘shib qo‘ydi milliarder.

Geyts «vaqti kelib sog‘lom fikr g‘alaba qozonishini» qayd etdi. Bundan tashqari, u AQSh baribir boshqa mamlakatlar bilan hamkorlik qilishiga umid bildirdi.

«Bu jarayonda faol qatnashayotganimizning sabablaridan biri shundaki, biz vaksinaning ilk dozalari katta pul taklif qilgan mamlakatlarga berilishini istamaymiz», — dedi Melinda Geyts. 

«Butun dunyo bo‘yicha 60 mln nafar tibbiyot xodimi bor. Ular vaksinani birinchi bo‘lib olishga munosib, zero aynan ular COVID-19ga qarshi kurashning eng oldingi qatorida. Shundan keyin vaksinani turli davlatlar orasida, birinchi navbatda aholi soni va ehtiyojidan kelib chiqib tarqatishga o‘tish mumkin. Masalan, AQShda vaksinani birinchi bo‘lib afroamerikaliklar, tub aholi vakillari, surunkali bemorlar va qariyalar olishi kerak», — deb qo‘shib qo‘ydi u.

Bill va Melinda Geytsning xayriya jamg‘armasi pandemiyaga qarshi kurashishga 350 mln dollardan ortiq mablag‘ni xayriya qildi. Er-xotinlar dori va vaksinalarning rivojlanayotgan mamlakatlarda adolatli taqsimlanishi ishiga ikkita notijorat tashkilotini jalb etishni rejalashtirmoqda. Gap OITS, sil va vaboga qarshi kurashish bo‘yicha global jamg‘arma (The Global Fund) hamda Vaksina va immunizatsiya bo‘yicha global alyans (GAVI) to‘g‘risida bormoqda. Geytslar iyun boshida GAVI alyansiga yana 1,6 mlrd dollar ajratishini e'lon qilishdi.

Ular yigirma yildan buyon birga ishlab kelayotgan Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotini to‘liq qo‘llab-quvvatlashlarini yana bir bor ma'lum qilishdi.

Er-xotinlar kuzda pandemiyaning ikkinchi to‘lqini yuz berishi mumkin deb hisoblashmoqda. Niqoblarni esa buni to‘xtatadigan muhim omil deb atashmoqda. Bill va Melinda Geyts niqob taqish bo‘yicha tavsiyalarga amal qilmayotgan AQSh aholisini tanqid qilmoqda.

«Niqob qimmat emas. Shu  bilan birga unchalik qo‘rqinchli ham emas», — deb ta'kidladi Bill Geyts. 

«Qisqa yo‘riqnoma: test o‘tkazish, muloqotda bo‘lganlarni aniqlash, o‘zini o‘zi izolyatsiya qilish va karantin, niqob taqish. Har bir kishi hech qanday istisnosiz niqob taqishi shart», — deb qo‘shib qo‘ydi uning xotini.

Geytslar o‘n yil ilgari Uorren Baffet bilan birgalikda The Giving Pledge («Ehson qasami») deb nomlangan xayriya tashabbusi bilan chiqqandi. Ular onlayn-sammitdagi chiqishlari yakunida 27 mamlakat filantroplaridan o‘z boyliklarining teng yarmidan kam bo‘lmagan qismini xayriya ishlariga sarflashga va'da berishlarini so‘rashdi. 

«Bu bizning davrimiz. Bizni pandemiya avj olgan paytda qilgan ishlarimiz bilan yodga olishadi. Hozir ehson qilish uchun ko‘plab imkoniyatlar mavjud. Pullaringizni shahringizda oziq-ovqat xavfsizligini oshirish, irqchilikka yoki pandemiyaga qarshi kurashishga xayriya qilishingiz mumkin. Biz ko‘plab filantroplar oldinga qadam tashlagani va o‘zlari yashaydigan joyda kreativ loyihalar yaratish uchun mablag‘ sarflaganini ko‘rdik», — dedi Melinda Geyts.

Дилшод Аскаров
Tayyorlagan Дилшод Аскаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid