O‘zbekiston | 12:07 / 26.06.2020
38485
7 daqiqa o‘qiladi

Ombudsman Akmal Saidovning tanqidiga javob qaytardi

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) matbuot xizmati Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz direktori Akmal Saidovning Andijondagi qiynoq masalasida Ombudsmanning mintaqaviy vakiliga nisbatan bildirgan tanqidiy fikrlariga javob qaytardi.

«Ma'lumki, Andijon shahar ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan fuqaro A.Abdukarimovga yetkazilgan tan jarohati natijasida u vafot etgan edi. Ayni paytda marhum A.Abdukarimovga nisbatan sodir etilgan jinoyat ishi bo‘yicha surishtiruv-tergov harakatlari shaxsan Bosh prokuror nazoratida.

Shu bilan bir qatorda, ushbu salbiy holat vujudga kelishiga sabab bo‘lgan shart-sharoitlarni o‘rganish va kelgusida bu kabi salbiy holatlarning oldini olish maqsadida, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) tomonidan milliy preventiv mexanizm doirasida Ombudsmanning Mintaqaviy vakili, O‘zbekiston inson huquqlari «Ezgulik» jamiyati hamda «Yuksalish» umummilliy harakatining Andijon viloyati bo‘yicha vakillari ishtirokidagi ekspert guruhi tarkibida Andijon viloyatida joylashgan bir qator ichki ishlar bo‘limlari, shaxslar ushlab turilgan, o‘z erki bilan chiqib keta olmaydigan joylar va tergov hibsxonasida joriy yilning 22-23 iyun kunlari monitoring o‘tkazildi.

Monitoring davomida Andijon viloyatida joylashgan 3-son tergov hibsxona, Andijon viloyati IIB ma'muriy qamoqqa olingan shaxslarni saqlash uchun mo‘ljallangan Maxsus qabulxona va Aniq yashash joyiga ega bo‘lmagan shaxslarni reabilitatsiya etish Markazi, shuningdek, Andijon shahar ichki ishlar boshqarmasi, Baliqchi va Qo‘rg‘ontepa tumanlari ichki ishlar bo‘limlaridagi vaqtincha saqlash hibsxonalari hamda Andijon shahar ichki ishlar boshqarmasining 4- va 6-son ichki ishlar bo‘limlarida ehtiyot chorasi sifatida qamoq qo‘llanilgan yoki vaqtincha ushlab turilgan shaxslar uchun yaratilgan sharoitlar hamda ularga nisbatan qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlari qo‘llanishining oldini-olish uchun ko‘rilayotgan chora-tadbirlar o‘rganildi.

Shuningdek, monitoring jarayonida ekspert guruhi a'zolari marhum A.Abdukarimov yashab kelgan xonadonga tashrif buyurdi va uning yaqin qarindoshlariga hamdardlik bildirishdi. Tashrif jarayonida ombudsman xodimlariga marhum A.Abdukarimovning singlisi M.Ibragimova jinoyat sodir etgan ichki ishlar xodimlariga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘rab murojaat qildi.

Bu haqda biz batafsil ma'lumot bermoqchi edik. Ammo, bugun, Xalqaro press-klubning navbatdagi sessiyasida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati, Tashqi ishlar vazirligi, BMTning O‘zbekistondagi vakolatxonasi tomonidan BMT va uning ixtisoslashgan muassasalari bilan hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar rejasi (Yo‘l xaritasi) yuzasidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz direktori, akademik A.Saidov o‘z chiqishida Ombudsmanning mintaqaviy vakiliga tanqidiy fikrlar bildirdi.

Marhum A.Abdukarimov ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan yetkazilgan tan jarohati natijasida vafot etganligi haqida internet nashrlarida xabar tarqagach, ushbu holat O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) tomonidan o‘rganilib, alohida nazoratga olindi va 14 iyun kuni Ombudsman tomonidan munosabat va marhumning oila a'zolariga hamdardlik bildirildi. Qolaversa, Vakil tomonidan ushbu salbiy holat yuzasidan Gazeta.uz hamda Uzreport va O‘zbekiston 24 jurnalistlariga intervyu berildi. Bu paytda Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz jim edi (saytlarda berilgan munosabatlar sanasidan bilish mumkin). Buning uchun, avvalo, jurnalistlar, internet nashrlari va blogerlarga minnatdor bo‘lishimiz kerak. Davlat rahbarining irodasi bilan mamlakatimizda bugun so‘z va fikr erkinligi qaror topdi. Bu esa inson huquqlarini himoya qilishdagi O‘zbekistonning eng katta yutug‘idir.

Shuni alohida ta'kidlashni istar edikki, Ombudsmanning mintaqaviy vakillari hamon jamoatchilik asosida (maosh olmaydi) faoliyat olib borishadi va ular o‘z ish xonalariga ega emas. Bu haqda Vakil bir necha yillardan buyon parlament palatalariga murojaat qilib keladi. Bundan tashqari, Vakil kotibiyati o‘z binosiga ega emas, balki Metropoliten binosida ijarada faoliyat olib boradi (fursatdan foydalanib metropoliten rahbariyatiga o‘z minnatdorchiligimizni bildiramiz).      

Bu muhim emas! Muhimi Andijondagi voqeaga hammamiz aybdormiz! Ichki ishlar ham, Ombudsman ham, Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz ham!

Eng muhim xulosa, bunday holat boshqa takrorlanmasligi lozim. Inson huquqlari uchun hammamiz mas'ulmiz!», deyiladi Andijon viloyatida olib borilgan monitoring yuzasidan berilgan ma'lumotda.

Eslatib o‘tamiz, Andijonda fuqaro A.Abdukarimov IIBdagi qiynoqdan so‘ng 11 iyun kuni vafot etgach, besh kishi ishdan olindi, 19 kishi jazolandi. Holat yuzasidan Andijon shahar prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Olib borilgan tergov harakatlari davomida uch nafar ichki ishlar organlari xodimiga nisbatan Jinoyat kodeksining 206, 234 va 235-moddalari bilan ayb e'lon qilinib, qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan.

25 iyun kuni Xalqaro press-klubning navbatdagi sessiyasida Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz direktori Akmal Saidov o‘z chiqishida Ombudsmanning mintaqaviy vakiliga tanqidiy fikrlar bildirgandi.

«Xodimim Andijonga bordi. Marhumning oilasida bo‘ldi. Oila a'zolari undan nimani so‘rashganini bilasizmi? «Bizni blogerlar qiynab yuborishdi. Bizning qayg‘umizdan ular nima qilishmoqchi ekanini bilasizmi? Nima qilishmoqchi ekanliklarini bilmaymiz. Bizlarni blogerlardan himoya qiling». Bu marhum oila a'zolarining so‘zlari.

Ombudsmanning mintaqaviy vakilining javobi meni qalbimni xira qildi. Xodimim unga «Siz bu yerdasiz, siz viloyat vakilisiz» deganida u «Menga marhum oila a'zolaridan hech kim javob bermadi» debdi. Bu qanday javob? Men bu kabi holatlarga reaksiya qilish ombudsmanning birinchi darajali majburiyati deb hisoblayman», degandi u.

Mavzuga oid