O‘zbekiston | 21:40 / 26.06.2020
59131
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston Transport vazirligi fuqarolardan turli xabarlarga ishonib aviachiptalar sotib olmaslikni so‘radi

Ijtimoiy tarmoqlar va internet saytlarida ayrim xorijiy aviakompaniyalar 1 iyuldan O‘zbekistonga muntazam parvozlarni qayta tiklashi va shu munosabat bilan aviachiptalar sotuvi boshlangani to‘g‘risidagi xabarlar tarqalmoqda.

Transport vazirligining ma'lum qilishicha, Respublika maxsus komissiyasining qaroriga muvofiq, respublika hududida kuchaytirilgan sanitariya-gigiyena nazorati 1 avgustga qadar saqlanib qolishi belgilangan.

Bunda kuchaytirilgan sanitariya-gigiyena nazorati davrida Respublika maxsus komissiyasining qarorlari bilan joriy etilgan koronavirus infeksiyasi keng tarqalishining oldini olishga qaratilgan barcha cheklovchi choralar saqlanib qoladi.

«Shu munosabat bilan Transport vazirligi tomonidan xorijiy davlatlar aviatsiya ma'muriyatlariga O‘zbekiston Respublikasiga aviakompaniyalarning muntazam parvozlarni amalga oshirishga hali ruxsat berilmaganligi to‘g‘risidagi notalar yuborilgan», - deyiladi vazirlik xabarida.

Ayni damda Respublika maxsus komissiyasining 29-son bayoniga muvofiq, sanitariya-epidemiologik vaziyat barqaror bo‘lgan hamda koronavirus infeksiyasi bilan kasallanish holatlari kamaygan mamlakatlar bilan “yashil”, “sariq” va “qizil reyslar”ga ajratilgan holda muntazam parvozlarni qayta tiklash ustida ish olib borilmoqda. 

Vazirlik yuqoridagilardan kelib chiqib, turli aviakompaniyalarning O‘zbekistonga muntazam parvozlarni boshlashi to‘g‘risida tarqalayotgan rasman tasdiqlanmagan xabarlarga ishonib aviachiptalarni sotib olmaslikni so‘ramoqda.

«Muntazam reyslar tiklanguniga qadar faqat Respublika maxsus komissiyasi tomonidan tasdiqlangan parvozlar jadvaliga muvofiq charter reyslarigina amalga oshiriladi. O‘zbekiston Respublikasiga muntazam aviaqatnovlarning aynan qachondan boshlab tiklanishi yuzasidan Respublika maxsus komissiyasi qaror qabul qiladi», - deyiladi Transport vazirligi xabarida.

Avvalroq Qozog‘iston O‘zbekiston bilan aviaqatnovlarni tiklayotgani xabar qilingandi.

Дилшод Аскаров
Tayyorlagan Дилшод Аскаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid