Jamiyat | 12:38 / 26.06.2020
16989
10 daqiqa o‘qiladi

Shovotdagi bolalar bog‘chasi yerlari qaytarib olindi, bog‘chaning kelgusi faoliyati ham so‘roq ostida

Xorazm viloyatining Shovot tumanidagi «Komiljon Otaniyazov» mahallasida joylashgan «Go‘zaloy» nodavlat bolalar bog‘chasi yerlari davlat zaxirasiga qaytarildi. Muassasa rahbari Otaboy Kurambayev adolat istab, sudlarda sarson bo‘lyapti.

Xorazm viloyati, Shovot tumani, «Komiljon Otaniyazov» mahallasidagi «Go‘zaloy» nodavlat bolalar bog‘chasi «Oydin» xususiy firmasi qoshida 2000 yilda tashkil qilingan. 50 o‘ringa mo‘ljallangan maktabgacha ta'lim muassasasini shu mahallada istiqomat qiluvchi Otaboy Kurambayev o‘z mablag‘lari hisobiga qurib bitkazgan.

68 yoshli Otaboy aka ko‘p yillar davomida IIV tizimida, so‘ngra qurilish sohasida ishlagan, hozir nafaqada. U bog‘chaning qurilishi tarixi haqida gapirib berdi.

«Qishlog‘imiz viloyatning chekka hududlaridan biri hisoblanadi. Bundan 20 yil oldin mahallamiz bolalari tarbiyasi, kelajagiga qayg‘urib, bog‘cha tashkil qilishga erishdim. O‘zim ko‘p yillar davomida Ichki ishlar vazirligi tizimida ishlaganman. Aksariyat jinoyatlarning ildizi bolalarning tarbiyasi, ta'lim olishiga e'tiborsizlik tufayli yuz berishini yaxshi bilaman. Shu sohadagi tajribamdan kelib chiqqan holda mahallada bolalar bog‘chasi qurishga qaror qildim. Rafiqamning shu sohada ishlash tajribasiga ega ekani ham menga qo‘l keldi. Qizlarim ham shu soha bo‘yicha o‘qidilar, kasbli bo‘ldilar», deydi Otaboy Kurambayev.

2001 yilda muassasaning tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston mustaqilligining 10 yilligiga bag‘ishlab, qishloq bolalarining ta'lim-tarbiya olishi 5 yil davomida bepul qilib belgilandi.

Otaboy Kurambayevning so‘zlariga ko‘ra, o‘sha paytda «Go‘zaloy» maktabgacha ta'lim muassasasi O‘zbekistondagi birinchi nodavlat bog‘cha bo‘lgan. Buni ruxsatnomalarni olish, hujjatlarni tayyorlash, rasmiylashtirish jarayoni juda qiyin kechganidan sezgan. O‘zbekiston tarixida bu ishlar birinchi marta qilinayotgani sababli, rasmiylashtirish ishlari juda qiyin bo‘lgan.

2002 yilda Xorazm viloyati hokimligi tomonidan «Go‘zaloy» bolalar bog‘chasi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash maqsadida 10 gektar yer ajratib beriladi.

«Viloyat hokimi qabulida shuni iltimos qildim. Mahalla atrofidagi tashlandiq yerlardan bering, ekin ekib, obod qilaman. Hosilini, foydasini shu bog‘chaning ehtiyojlari uchun sarflayman, dedim. Viloyat hokimi bu tashabbusni qo‘llab-quvvatladi va shu yerning o‘zidayoq yer ajratish haqidagi qarorni imzolab berdi», deydi Otaboy Kurambayev.

Bog‘cha rahbari 10 gektar maydonli tashlandiq, o‘t-o‘lanlar bosib yotgan yerlarni tarbiyalab, ishlov berib, epaqaga keltirgan, ekin ekib, unumdorligini oshirgan. Olingan hosil va uning foydasini yillar davomida bog‘chaning ehtiyojlari, yer va mulk solig‘i, jihozlari, oziq-ovqat mahsulotlari, kommunal to‘lovlari uchun sarflagan.

Otaboy Kurambayevning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi yillarda vaziyat tubdan o‘zgardi.

«So‘nggi 4-5 yil ichida menga paxta va sholi ekish, hosilini topshirish bo‘yicha topshiriq berila boshlandi. Albatta bu ishlarni hech kim rasmiylashtirmaydi, «stolni mushtlagan holda qilinadi». Fermer bo‘lmasam-da, bog‘chaning kelajagiga qayg‘urib, uni saqlab qolish maqsadida paxta va sholi ekib, hosilini topshirib keldim. Hammasini bog‘cha faoliyatini to‘xtatmasligi uchun qildim. Ammo oxir-oqibatda baribir yersiz qoldim», deydi u.

2019 yil mart oyida Otaboy Kurambayev davolanish uchun Toshkentga ketganida, Shovot tumani hokimligi xodimlari uning qiziga yerni davlat zaxirasiga qaytarish haqida ariza yozdirib olishgan. Shu arizaga asosan hokimning qarori chiqib, yerlar davlat zaxirasiga qaytarilgan.

Shovot tumani hokimining qishloq va suv xo‘jaligi ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Bahrom Shukurov voqea yuzasidan izoh berdi.

«Xususiy firmalarga paxta va sholi ekish haqida topshiriq berolmaymiz, kontraktatsiya shartnomasini tuzishga ham majburlay olmaymiz. Ammo ular o‘z ixtiyori bilan shu ishlarni qilishi, ekin ekib, hosilini topshirishi mumkin.

«Oydin» xususiy firmasining 10 gektar yeri rahbarining arizasiga ko‘ra davlat zaxirasiga qaytarib olindi», dedi u.

 «Go‘zaloy» bolalar bog‘chasi arxividan olingan fotosurat

Shovot tumani hokimligi Otaboy akaning qizi N.Kurambayeva «otasi yo‘qligida xususiy firma rahbari vazifasini bajaruvchi bo‘lib ishlagan, arizasi qonuniy kuchga ega», deb hisoblamoqda. Otaboy Kurambayev esa «xususiy firma rahbari o‘zi ekanini, arizani o‘z qo‘li bilan yozmagani, qiziga esa bunday vakolatni bermagani, hokimlik xodimlari o‘zi yo‘qligidan foydalanib, bosim uyushtirgan holda ariza yozdirgani, unga asoslangan qaror esa qonuniy emasligi»ni ta'kidlamoqda.

2020 yil 5 may kuni Shovot tumani ma'muriy sudida Otaboy Kurambayevning tuman hokimi qarorini haqiqiy emas deb topish to‘g‘risidagi arizasi ko‘rib chiqildi. Sud hay'ati arizachining qiziga imzo chekish uchun hech qachon ishonchnoma bermagani yoki buyruq chiqarmaganini ta'kidlashiga qaramay, arizasini qanoatlantirishni rad qiladi. 2020 yil 27 may kuni o‘tkazilgan Xorazm viloyati ma'muriy sudi apellyatsiya instansiyasi bu qarorni o‘zgarishsiz qoldiradi.

«Go‘zaloy» bolalar bog‘chasining arxividan olingan fotosurat

«Go‘zaloy» nodavlat bolalar bog‘chasining 20 yillik faoliyati davomida «Komiljon Otaniyazov» mahallasidagi minglab bolalar ta'lim-tarbiya olib, maktabga kuzatilgan. Hatto xususiy bog‘chaning faoliyati va tajribasini o‘rganish maqsadida, Xalq ta'limi vazirligi tomonidan shu joyda seminar ham o‘tkazilgan.

Hozirgi vaqtda «Go‘zaloy» bolalar bog‘chasida 30 nafardan ortiq bola tarbiyalanmoqda (karantin sababli bog‘cha faoliyatini vaqtinchalik to‘xtatib turibdi). Ularning badal puli oyiga 60 ming so‘mni tashkil qiladi. Bir oyda badal pulidan 2 mln so‘m atrofida mablag‘ to‘planadi. Bu qiymatga muassasa xarajatlarini qoplash mumkinmi?

«Go‘zaloy» bolalar bog‘chasining arxividan olingan fotosurat

Otaboy Kurambayev bolalar bog‘chasini barpo qilib, uning faoliyatidan foyda olishni maqsad qilmaganini ta'kidlayapti.

«Agar foyda olishni maqsad qilganimda, chekka qishloqda emas, katta shaharda bog‘cha qurgan bo‘lardim. Shu qishlog‘imning, shu mahallamning bolalari tarbiyasi, ta'lim olishi, kelajagi uchun bu ishni qilganman. Menga bu bog‘chadan moddiy foyda yo‘q. Davlatimizga keltirilayotgan ma'naviy foydani esa afsuski hech narsa bilan o‘lchab bo‘lmaydi. O‘zim tarbiyalagan, unumdorligini oshirgan yerlarning qaytarib olinishini noqonuniy deb hisoblayman», deydi u.

So‘nggi yillarda «Go‘zaloy» bolalar bog‘chasi biroz eskirib, ta'mirtalab bo‘lib qoldi. Jihozlarini yangilashga ham ehtiyoj sezilmoqda. Otaboy Kurambayev uni ta'mirlash, jihozlash ishlarini rejalashtirib, 600 mln so‘mlik smetasini ishlab qo‘ygan edi. Biroq, Shovot tumani hokimligi tomonidan yerning qaytarib olinishi bu ishlarni ham orqaga surib tashladi.

«Go‘zaloy» nodavlat maktabgacha ta'lim muassasasining qayg‘uli hikoyasi shunday. Mustaqillik yillaridan boshlab hisob-kitob qilinsa, O‘zbekiston aholisi soni deyarli 2 baravar oshgani ma'lum bo‘ladi. Biroq, so‘nggi 20-25 yil davomida bog‘cha, maktablar deyarli qurilmadi. Buning mevasini hozir tatiyapmiz: bolalarni bog‘chaga joylash uchun uzundan uzoq navbatlar, maktablarda to‘lib-toshgan sinflar...

2018 yilda O‘zbekiston Respublikasi prezidentining «Maktabgacha ta'lim tizimini yanada rag‘batlantirish va rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi. U avvalo maktabgacha ta'lim tashkilotlari moddiy texnika bazasini yaxshilashni, bolalarning ta'lim va tarbiya olishi uchun yangi imkoniyatlarni ochishni, bunda xususiy sherikchilik asosida, tom ma'noda bolalarga mehr qo‘ygan, kelajak avlod uchun qayg‘uradigan baquvvat tadbirkorlar, homiylarni jalb qilishni ko‘zda tutadi.

Hozirgi vaqtda qanchadan qancha qishloqlar, mahallalar aholisi bog‘cha qurib berilishini, farzandlari ta'lim-tarbiyali bo‘lishini orzu qilishmoqda. Ammo afsuski, bunday ishga qo‘l urgan, o‘z mablag‘ini beg‘araz sarflayotgan tadbirkorlar qo‘llab-quvvatlanishi o‘rniga, bunday noxush holatlarga tushib qolgani, sudma-sud yurib sarson bo‘layotganini ko‘ryapmiz.

Nima ham derdik, yurt istiqboli uchun mas'ul mulozimlarda kelajagimizni kimlarga ishonib topshirishni tanlash imkoniyati bor: tarbiyali, ilm-ma'rifatli, yetuk avlodgami yoki savodsiz, omi, johillargami... Tanlov sizdan muhtaram rahbarlar.

Nurmuhammad Said

Mavzuga oid