Shuhrat G‘aniyev bilan matbuot anjumani qanday o‘tdi?
25 iyun kuni Farg‘onada OAV vakillari uchun press-tur, viloyat hokimi Shuhrat G‘aniyev ishtirokida matbuot anjumani tashkil etildi.
Jurnalistlar kunning birinchi yarmida Marg‘ilon va Farg‘ona shaharlaridagi bir nechta sanoat obektlari, korxonalar, o‘quv muassasalari bilan tanishdilar.
Tushdan so‘ng Vodil qishlog‘idagi anjumanlar zalida viloyat hokimi ishtirokida «Farg‘onaning tadbirkori – Farg‘onaning islohotchisi» mavzusida matbuot anjumani o‘tkazildi.
Tadbir avvalida viloyat hokimligi axborot xizmati rahbari Muhammadjon Obidov Matbaa va ommaviy axborot vositalari kuni bilan tabriklab, so‘zni viloyat hokimiga berdi.
Shuhrat G‘aniyev o‘z ma'ruzasida pandemiya sharoitida iqtisodiyotdagi o‘sishni saqlab qolish, sekinlashuviga yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan viloyatda olib borilayotgan ishlarga to‘xtaldi.
«Viloyat aholisining soni 4 million nafarga yaqinlashdi. Hududimizda 4ta shahar va 15ta tuman mavjud. Yalpi hududiy mahsulot ishlab chiqarish hajmi 2020 yilda qariyb 44 trillion so‘mga yaqinlashishi kutilyapti. Viloyatimizda hunarmandlar bilan birga hisoblaganda, 59 mingdan ortiq tadbirkor mavjud.
Ijtimoiy faol aholi 1,7 mln atrofida, yiliga mehnat bozoriga kirib kelayotgan yoshlarimiz soni o‘rtacha 62-63 ming nafarni tashkil qilyapti», – dedi hokim.
YaHMda xususiy tadbirkorlar ulushi 70 foizdan oshdi
Shuhrat G‘aniyev viloyatda so‘nggi yillarda tadbirkorlar soni oshib borayotganini ta'kidlab, ba'zi raqamlarni keltirib o‘tdi.
«Men bir misolni keltiraman: uzoqqa bormaylik, bundan to‘rt yil oldin 2016 yilda Farg‘ona viloyatida yalpi hududiy mahsulotning 80 foizdan ortig‘ini tadbirkor emas, davlat ulushi bor korxona, tashkilotlar ishlab chiqargan. Mana bugunga kelib, oradan uch-to‘rt yil o‘tib, viloyatda hozir YaHMning qariyb 71 foizi xususiy kichik va o‘rta biznes, tadbirkorlarimiz ulushiga to‘g‘ri kelyapti», dedi Farg‘ona viloyati rahbari.
Marg‘ilonda Turkiya bilan hamkorlikda universitet ochiladi
Shuhrat G‘aniyevning so‘zlariga ko‘ra, Marg‘ilonda Turkiyaning Bursa universiteti bilan universitet ochilishi kutilmoqda.
«Hozirda muloqotlar olib boryapmiz. Turkiya Respublikasining Bursa xalqaro universiteti bilan – u yerda 75 ming talaba o‘qiydi – Marg‘ilon shahrida to‘qimachilik texnologiyasi va hunarmandchilik yo‘nalishlari bo‘yicha universitet ochish yuzasidan bitimga imzo chekdik», – dedi u.
Viloyat rahbari Qo‘qon erkin iqtisodiy zonasi haqida ham to‘xtalib o‘tdi.
«Qo‘qon iqtisodiy zonasi endi shakllanyapti, hali ishlarimiz ko‘p. Bu yerda 96ta korxona tashkil bo‘ldi, o‘rtacha 13 mingga yaqin fuqarolarimiz ish bilan band bo‘ldi. Qo‘qon iqtisodiy zonasining bir yillik tovar ishlab chiqarish hajmi bir yilda 3,5 trillion so‘mga boryapti.
Endi tadbirkor ishlab chiqargan mahsulotning bozorini topish kerak. Shuning uchun muhtaram prezidentimiz Beshariq tumanida erkin savdo maydoni tashkil qilish bo‘yicha topshiriq berdilar. Demak, Qo‘qon erkin zonasining bozori Beshariqda tashkil etiladi», – dedi G‘aniyev.
«So‘x voqealari» deb talqin qilinishiga qarshiman»
Shuhrat G‘aniyev may oyi oxirida So‘x eksklavida ro‘y bergan mojarodan so‘ng tumanga ajratilgan mablag‘lar haqidagi savolga javob berdi.
«Men «So‘x voqealari» deyilishiga mutlaqo qarshiman, uni bunday atamaslik kerak. Chunki men o‘zim o‘sha yerda bo‘ldim, yetib bordim. Albatta, anklav hudud bo‘lganidan keyin, uning o‘ziga yarasha muammolari bo‘ladi. Anklav hudud bilan ishlab ko‘rgan rahbar, ishlab ko‘rgan boshqa soha vakillari buni biladi. Shuning uchun «So‘x voqealari» deb talqin qilmasliklaringni iltimos qilaman.
Chunki bu yerda ikki mamlakat fuqarolari ming yillardan beri ahil-inoq bo‘lib yashab keladi. Qo‘shni Qirg‘iziston Respublikasi bilan tilimiz ham, dinimiz ham, bozorimiz ham, mozorimiz ham bir.
So‘xda bugun katta ishlar amalga oshirilyapti. Muhtaram prezidentimiz so‘xlik yoshlarga oliy o‘quv yurtlariga kirish uchun 500ta imtiyozli o‘rin berdilar.
So‘xda iyun oyining o‘zida 2563ta yangi ish o‘rinlari yaratildi. Bu o‘z-o‘zidan bo‘layotgani yo‘q. Tumanga jami 290 milliard mablag‘ sarflanishi ko‘zda tutilgan bo‘lsa, bu mablag‘lar oyma-oy, bosqichma-bosqich ishlatiladi», dedi viloyat hokimi.
Matbuot anjumani davomida Shuhrat G‘aniyev So‘x tumaniga oid savol bermaslikni so‘rab, bu boradagi savollarga yozma tarzda javob berishga tayyorligini aytdi.
Elmurod Ermatov, Kun.uz muxbiri
Tasvirchi – Ahrorbek Yoqubjonov
Mavzuga oid
11:20 / 22.11.2024
“Qani deputatlar, nega qaramayapti?” - propan narxidan haydovchilar xavotirda
19:02 / 21.11.2024
Farg‘ona aeroportida havo kemalarini qabul qilishga vaqtinchalik cheklovlar joriy etildi
11:28 / 21.11.2024
Farg‘onada sodir bo‘lgan YTHda voyaga yetmagan qiz halok bo‘ldi
10:16 / 12.11.2024