O‘zbekiston | 07:36 / 27.06.2020
4984
4 daqiqa o‘qiladi

Davlat ishtirokidagi korxonalar to‘g‘risidagi ma'lumotlarni oshkor etish tizimi o‘zgaradi

Davlat ishtirokidagi korxonalar to‘g‘risidagi ma'lumotlarni oshkor etish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari qabul qilinadi.

Vazirlar Mahkamasining “Davlat ishtirokidagi korxonalar to‘g‘risidagi ma'lumotlarni oshkor etish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi muhokama uchun joylashtirildi.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni rivojlantirish vazirligining:

vazirlik va idoralarning rasmiy veb-saytlarida aksiyador (ta'sischi va ishtirokchi) funksiyalari amalga oshirilayotgan davlat ishtirokidagi korxonalarning ustav fondi (ustav kapitali), davlat ulushi, yil yakunlari bo‘yicha buxgalteriya balansi va moliyaviy natijalari, ishlab chiqarish ko‘rsatkichlari, ishchi o‘rinlari soni, korxonalar boshqaruv va nazorat organlari tarkibi (cheklangan holda tarqatiladigan va tijorat siri mavjud bo‘lgan hujjatlar bundan mustasno) to‘g‘risidagi ma'lumotlarni joylashtirish;

2020 yil yakunlari bo‘yicha davlat ishtirokidagi korxonalar faoliyatining iqtisodiy va moliyaviy natijalari, shuningdek boshqa statistik ma'lumotlar faoliyat natijalari to‘g‘risidagi yig‘ma hisobotni Davlat aktivlarini boshqarish agentligi rasmiy veb-saytida joylashtirish;

2021 yil 1 yanvardan boshlab davlat ishtirokidagi korxonalarning rasmiy veb-sayti bo‘lishi, unda iqtisodiy, moliyaviy va boshqa statistik ma'lumotlarning joylashtirilishi;

davlat ishtirokidagi korxonalarning rasmiy veb-saytlarida ularning ulushi mavjud bo‘lgan korxonalar, bo‘sh turgan, foydalanilmayotgan, nosohaviy aktivlari va asosiy ma'lumotlarni joylashtirish talabini kiritish to‘g‘risidagi takliflari ma'qullanadi.

Belgilanishicha:

davlat nomidan mulkdor (aksiyador, ta'sischi) funksiyalarini bajaruvchi vazirlik va idoralar, shuningdek davlat ishtirokidagi korxonalarning rahbarlari tegishli rasmiy veb-saytlarda joylashtirilishi belgilangan ma'lumotlarning to‘liq va to‘g‘ri joylashtirilishi uchun shaxsan mas'ul hisoblanadi;

Agentlik talabiga ko‘ra davlat ishtirokidagi korxonalar tomonidan ular faoliyati to‘g‘risidagi ma'lumot va tegishli hujjatlar uch ish kuni ichida taqdim etilishi shart. Bunda, ushbu ma'lumotlar va tegishli hujjatlar “Davlat mulki” axborot tizimiga elektron raqamli imzo orqali taqdim etilishi mumkin;

davlat ishtirokidagi korxonalar rasmiy veb-saytlarida ma'lumotlarning muntazam ravishda (ikki va undan ortiq marta) o‘z vaqtida va to‘liq joylashtirilmaganligi va Agentlikka taqdim etilmasligi ijro etuvchi organ rahbari bilan mehnat shartnomasini bekor qilish tashabbusi bilan chiqishga olib keladi.

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi:

ikki oy muddatda “Davlat mulki” axborot tizimi davlat ishtirokidagi korxonalar to‘g‘risidagi ma'lumotlar va hujjatlarni elektron raqamli imzo orqali taqdim etish imkoniyatini yaratadi;

2020 yil 1 dekabrga qadar Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda Davlat ishtirokidagi korxonalarning veb-saytlariga qo‘yiladigan talablar to‘g‘risida nizomni tasdiqlaydi va davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishini ta'minlaydi;

2021 yil 1 yanvarga qadar xalqaro moliya institutlari va chet el ekspertlarini jalb qilgan holda davlat ishtirokidagi korxonalarning faoliyat natijalari to‘g‘risidagi yig‘ma hisobot shaklini ishlab chiqadi va tasdiqlaydi.

Vazirlar Mahkamasining 2013 yil 31 dekabrdagi 355-son qarori bilan tasdiqlangan Davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlarining rasmiy veb-saytiga qo‘yiladigan asosiy talablarning 1-bandi quyidagi mazmundagi “t” kichik band bilan to‘ldiriladi:

“t) davlat organlari, shu jumladan mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan mulkdor (aksiyador, ta'sischi) funksiyalari amalga oshirilayotgan davlat ishtirokidagi korxonalarning ustav kapitali, davlat ulushi, yil yakunlari bo‘yicha buxgalteriya balansi va moliyaviy natijalari, ishlab chiqarish ko‘rsatkichlari, ishchi o‘rinlari soni, boshqaruv va nazorat organlari tarkibi (cheklangan holda tarqatiladigan va tijorat siri mavjud bo‘lgan hujjatlar bundan mustasno) to‘g‘risidagi ma'lumotlar”.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid