Jamiyat | 15:07 / 27.06.2020
9337
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda mototsikl va yuk avtomobili ishtirokidagi YTHda mototsiklchi halok bo‘ldi

Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismiga muvofiq jinoiy ish qo‘zg‘atildi.

Joriy yilning 26 iyun kuni soat 05:10da Toshkent shahri Mirzo-Ulug‘bek tumanidagi Kichik halqa avtomobil yo‘lida 35 yoshli B.S. boshqaruvidagi Yamaha YZFR6 rusumli mototsikl va 46 yoshli X.U. boshqargan Shacman yuk avtomobili to‘qnashuvi yuz bergan. 

Poytaxt IIBB xabariga ko‘ra, yo‘l-transport hodisasi sabablari aniqlanmoqda. Taxminiy sabab: yuk avtomobili haydovchisi to‘satdan yo‘nalishni o‘zgartirgan va burilish vaqtida harakat ustuvorligiga ega bo‘lgan mototsiklni payqamay qolgan.

To‘qnashuv natijasida mototsikl haydovchisi tan jarohatlari olib, voqea joyida hayotdan ko‘z yumgan. 

Ushbu fakt asosida O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismiga muvofiq jinoiy ish qo‘zg‘atildi.

“Hurmatli haydovchilar! Burilish yoki qayta burilishlardan oldin niyatingiz yo‘l harakati qoidalariga muvofiq ekanligiga ishonch hosil qiling. Qayd etish joizki, Toshkent shahrida ro‘y berayotgan va haydovchilarning o‘limiga sabab bo‘layotgan ikki g‘ildirakli transportlar ishtirokidagi yo‘l-transport hodisalarining aksariyati yo‘l harakati qoidalarini buzgan holda burilgan transport vositalari sabab bo‘lgan”, - deyiladi xabarda.  

Mavzuga oid