Jahon | 08:05 / 28.06.2020
17959
2 daqiqa o‘qiladi

Dunyoda koronavirusdan kasallanish holatlari soni 10 milliondan oshdi

Yakshanba kuni butun dunyo bo‘ylab koronavirusdan zararlanish holatlari soni 10 milliondan oshdi. Jons Hopkins Universiteti ham, Worldometer portali ham shu haqda ma'lum qilgan. Unga ko‘ra, virus shu vaqtgacha 500 mingdan ortiq kishini hayotdan olib ketgan, 5 milliondan ortiq bemor sog‘ayib chiqqan.

Foto: UNIVERSAL IMAGES GROUP/GETTY IMAGES

Koronavirusga chalinish va undan o‘lim holatlari bo‘yicha AQSh dunyoda 1-o‘rinda turibdi – 2,596 milliondan oshiq zararlanish holati va 128 mingdan ko‘proq o‘lim. Keyingi o‘rinni 1,315 million holat va 57 mingdan ko‘proq o‘lim holati bilan Braziliya egallab turibdi. Kasallanish holatlari soni bo‘yicha 3-o‘rinni Rossiya 627 mingdan ko‘proq holat bilan band etgan. Ammo Rossiyada o‘lim holatlari soni nisbatan kam - 9073 bemor virus qurboniga aylangan. Keyingi o‘rinlarda Hindiston (500 mingdan ortiq) va Buyuk Britaniya (300 mingdan ortiq) joylashgan. 

Portal ma'lumotlariga ko‘ra, dunyoda koronavirusdan o‘lim darajasi 1 million kishidan 64,2 nafarga, AQShda 387 nafarga, Braziliyada esa 269 nafarga yetdi.

Ma'lumot uchun, so‘nggi ikki oy ichida dunyoda kasallanish holatlari soni 1 milliondan 10 millionga chiqdi. Kasallik dunyoga tarqalishi boshlangan vaqtdan (yanvar oyi oxiri) umumiy ko‘rsatkich 1 millionga yetishi uchun (aprel oyi boshi) uch yarim oy vaqt ketgandi.

Mavzuga oid