Jamiyat | 16:09 / 28.06.2020
31979
15 daqiqa o‘qiladi

Umidvorlik holatidamiz. Ustoz jurnalistlar o‘zbek jurnalistikasi buguni, muammolar va zarur islohotlar haqida

Kun.uz muxbiri kasb bayrami munosabati bilan O‘zbekistondagi bir guruh ustoz jurnalistlarni yo‘qladi va ularning bugungi kun jurnalistikasi borasidagi fikrlarini so‘radi. Katta avlod jurnalistikasi vakillari o‘z fikrlarini quyidagi ikki savolga javob berish orqali ifodalashdi:

1. Jurnalistikaning bugungi qiyofasini qanday ko‘rasiz va undagi asosiy muammolar nimalardan iborat?

2. O‘zbek jurnalistikasi qanday islohotlarga muhtoj deb hisoblaysiz?

Karim Bahriyev:

Foto: Karim Bahriyevning Facebook sahifasidan olindi

1. Dunyo bir azaliy maromda yaratilgan va yashaydiganday, yaxlit va mushtarakdir. Havoning bir necha darajaga isishi muzliklar erishiga va ummonlar sathi ko‘tarilishiga, dunyo xaritasi o‘zgarishiga olib kelyapti. Bir insonning Yaratgan insonga harom qilgan luqmasini – ko‘rshapalakni yeganidan paydo bo‘lgan bir tojlivirus butun insoniyatni larzaga solmoqda. Xuddi shunday O‘zbekiston jurnalistikasi ham o‘zbek jamiyatining hayotidan ayro emasdir, mamlakat ahvoli bilan chambarchas bog‘liq.

Jurnalistikaning yuz yildan ziyod yaqin tarixi ham shu jamiyat ahvoliga mushtarakdir. Chorizm davridagi Stolipin islohotlaridan so‘ng paydo bo‘lgan umidlar Davlat dumasi a'zosi bo‘lgan Behbudiylar va jadidlarni yuzaga chiqargandi. Shu bilan birga, Oktabr to‘ntarishini yetiltirdi. O‘zgarishlar umidi Cho‘lpon-u Qodiriylarni oldinga chiqardi, ammo asta-sekin inqilobdan bo‘lgan umidlar puchga chiqdi – qatag‘on-u ta'qiblar boshlandi va jadidlar qirg‘inga uchradilar.

Keyin Xrushchyovning «ili-miliq» islohotlari, shaxsga sig‘inishga qarshi otashin so‘zlari, «O‘tkan kunlar» va «Tong sirlari»ning ochiq o‘qiy boshlanishi yangi umidlar paydo qildi, ammo yana avtoritarizm bosh ko‘tardi va uzoq muddatli turg‘unlik davri boshlandi.

Mixail Gorbachyovning oshkoraligi yana jamiyatni va jurnalistikani uyg‘otdi, gazetalar millionlab adadda chiqa boshladi, yangi jadidlar paydo bo‘ldi va ular mustaqillikni tayyorladilar. Ammo mustaqillikka erishganimizdan so‘ng to‘rt-besh yil ichida yana yakkahokimlik va shaxsga sig‘inish yillari boshlandi, oshkoralik uyg‘otgan navbatdagi jadidlar yo qamaldi, yo yurtni tark etdi, yo sukutga cho‘mdi.

Va nihoyat, 2016 yil oxiridan yana «yangi islohotlar» davri boshlandi. Yangi prezident Shavkat Mirziyoyev oshkoralikka, islohotlarga da'vat etdi. Bugungi jurnalistika ana shu umidvorlik holatidadir. Bir qism men va siz singari romantiklar, jurnalistlar va blogerlar bu islohotlarga ishonyapmiz va yana bir qadar oldinga chiqdik, «ortga qaytish nuqtasi» o‘tilganidan umid qilyapmiz. Yana bir toifa hali hammasi avvalgi holiga qaytadi, bu xalq demokratiyani istifoda eta olmaydi, eskicha qarashli kuchlar o‘zini o‘nglab oladi, deb poylab o‘tirishni afzal ko‘rmoqdalar.

Men o‘zgarishlar bo‘lishiga ishonadiganlar tomonidaman shu bugungi holimda va bu so‘nggi imkoniyat deb bilaman.

Jurnalistika rivoji uchun nimalar kerak?

Eng avvalo, siyosiy iroda kerak. Bu iroda davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev tomonidan aytilmoqda va qayta-qayta da'vat etilmoqda. Agar bu siyosiy iroda bo‘lmaganda, bugungi aytilayotgan haqiqatlarga imkon bo‘larmidi?!

Ikkinchidan, OAV bo‘yicha qonunlar takomillashuvi lozim. Masalan, tuhmat va haqorat jinoyat qonunchiligidan chiqarilishi lozim (shu yil yanvarida AOKA prezident qarori asosida O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksidan tuhmat va haqorat uchun ozodlikdan mahrum etishni chiqarib tashlash bo‘yicha qonun loyihasini ishlab chiqqandi - tahr). Bu qonunbuzarliklarning ma'muriy va fuqarolik kodekslarida bo‘lishi yetarlidir. So‘z uchun, fikr uchun qamoq jazosi bo‘lishi mamlakatda fikr erkinligiga hech qachon yo‘l bermaydi. Biror-bir taraqqiy qilgan, madaniy xalqda va davlatda bunday modda mavjud emas, u faqat avtoritar va totalitar davlatlarda qolgan. Uni mansabdorlar tanqiddan qo‘rqqani uchun ushlab turadi va xalqqa esa shunday deydi: «Nahotki, sizga gazetada yoki internetda tuhmat yo haqorat qilishsa va jazosiz qolsa?!».

Avvalo, jazosiz qolmaydi – ma'muriy va fuqarolik kodekslariga ko‘ra jazolanadi, jarima to‘laydi, OAV yopilishi mumkin, qolaversa, OAV qonunchiligiga ko‘ra yolg‘on ma'lumotlarga raddiya qilinadi va fikrlarga javob bera oladi. Faqat so‘z uchun qamoq jazosi bo‘lmaydi, xolos. Agar bir jurnalist so‘zi uchun qamalar ekan, qolgan minglab jurnalistlar tanqiddan tiyiladi, jim o‘tirishni yoki maqtashni afzal ko‘radi. Maqtov esa «tiz cho‘kib qilinadigan qaroqchilik»dir.

Uchinchidan, OAV menejmenti bozor iqtisodi sharoitiga o‘tishi kerak. Qonunchilikka ko‘ra, istalgan sohaga sarmoya kirita olasiz, lekin OAV sohasida chegara bor, nizom jamg‘armasida xorij sarmoyasi 30 foizdan oshmasligi kerak, bevosita biror matbuot xorijdan mablag‘ jalb eta olmaydi, avval «umumiy o‘ra»ga – Fondga tushishi kerak va u kimga berishni hal qiladi. Sarmoyador esa muayyan, aniq loyihaga pul beradi. Ko‘ryapsizki, matbuot sohasi bozor iqtisodining raqobat sharoitiga kira olmaydi. Tushunaman, bu cheklovlar avvalgi «qo‘rquv davri»dan qolgan. Jamoatchilik fikriga xorij ta'sir o‘tkazmasin deyilgan. Biz endi adolatli va halol ish yuritsak, nimadan qo‘rqamiz?!

To‘rtinchidan, aynan xalqning oshkora fikrlashi va ongli qarorlar qabul qilishi – haqiqiy barqarorlik va xavfsizlikning asosidir. Ongsiz olomon – xavfsizlikning dushmanidir.     

2. Albatta, o‘zbek jurnalistikasi jiddiy islohotlarga muhtojdir. Davlat, jamiyat va inson – bir mushtarak ijtimoiy organizmdir. Jurnalistikaning o‘zi alohida liberallasha olmaydi. Masalan, odamning qo‘li yechilsa-yu, oyog‘i bog‘liqligicha qolsa, u yura olmaydi yoki og‘zi ochiq bo‘lsa, gapira olsa-yu, burni yopilsa, nafas ololmasa, qay holga tushadi...

Jurnalistikaning so‘z erkinligi sharoitida rivojlanishi davlatdagi ma'muriy-siyosiy islohotlarga bog‘liqdir, mediabiznes, ya'ni jurnalistika menejmenti yuksalishi, chinakam moliyaviy erkinligi yurtda real raqobat sharoiti yaratilishiga, monopolistik iqtisod o‘rniga haqqoniy bozor munosabatlari qaror topishiga bog‘liqdir, ya'ni iqtisodiy baquvvat bo‘lishi uchun muxlisi ko‘p bo‘lishi kerak, muxlisi ko‘p bo‘lishi uchun haqiqatni yozishi va yoza olishi kerak, haqiqatni yozgandan keyin omonlikda yashashi qonun ustuvorligiga, adolatga bog‘liqdir. Adolat esa insonparvar qonunlar yaratilishiga, ya'ni mustaqil parlamentga bog‘liq, bunday parlament esa erkin va haqqoniy muqobillik asosidagi saylovlarga ehtiyoj sezadi. Shunday erkin parlament qabul qilganlarga rioya etilishi uchun faqat qonunga itoat qiladigan huquq-tartibot tizimi va mustaqil sud tizimi lozim.

Ko‘ryapmizki, bularning barchasisiz faqat jurnalistikaning o‘zini rivojlantirib bo‘lmaydi.

Xurshid Do‘stmuhammad:

1. Jurnalistikamizning bugungi qiyofasini chizish uchun yorqin bo‘yoqlarimiz juda oz. Bugungi muammolar ildizi – 30 yillik daraxtlarning mevasi hisoblanadi. Bu daraxtlarni asrab-avaylab sug‘organ, parvarish qilgan maslahatgo‘ylar, yo‘l-yo‘riq ko‘rsatuvchilar aybdorlar safini boshqarib turishibdi. «E, baraka topgurlar, shuncha yo‘l-yo‘riq ko‘rsatdik, soha orqaga ketsa ketmoqdaki, ro‘shnolik ko‘rayotgani yo‘q, kelinglar, bas qilaylik!» demadi-ya, birortasi, loaqal insof, diyonat nuqtayi nazaridan.

Jurnalistlarimiz-chi? Bosh muharrirlarimiz-chi? O‘sha «dono» yo‘riqnomalarga vatanparvarlik, mustaqilparvarlik to‘nini kiydirib bajonidil ijro etdilar. Ozgina diyonati, g‘ururi ko‘z yummaganlargina qog‘oz-qalamni yig‘ishtirdilar.

Keng omma esa tomoshabinlikdan nariga o‘tmadi. Bu nimasi? Matbuot ham, TV ham shunaqa ko‘zbo‘yamachi bo‘ladimi, deb aytolmadi. Toqat qila-qila oqibati milliy matbuotimiz ahvoli shu ko‘yga tushdi.

30 yilda yo‘qotilgan obro‘-e'tiborni 3-4 yilda tiklash albatta oson ko‘chmaydi. Lekin shunisi aniqki, ayni paytda prezident boshlayotgan islohotlar natijasi ommaviy axborot vositalari to‘la emin-erkin faoliyat yuritishiga bog‘liqdir!

O‘sha qattol sho‘ro davrida Rossiyadan, Latviya, Litva, Estoniya, Ozarboyjon, Gruziyadan gazeta-jurnallarga obuna bo‘lardik. Qo‘lma-qo‘l o‘qirdik. Bahslashardik. Xulosa chiqarardik. Birorta sonini olmay qolsak, surishtirardik, izlardik.

Endi-chi? «Falon gazeta nega chiqmayapti? Piston jurnal nega to‘xtab qoldi?» degan gapni eshitmaymiz. Shu qadar ojizlik, noshudlik!..

Kimda-kim gazeta-jurnalni o‘qimasa o‘qimay qo‘ya qolsin, bu uning didi, saviyasi, dunyoqarashi, madaniyati belgisi. Lekin ijtimoiy tarmoq, bloger hali to‘laqonli jurnalistika emas. Ular ham kerak, zarur. Ijtimoiy tarmoq, bloger topsin, ko‘rsatsin, voqif qilsin, yozma jurnalistika tahlil qilsin, tushuntirsin, yo‘naltirsin. Shu tariqa, bir-birini to‘ldirsin. Mana, yechim qayerda!

Matbuotni o‘qimaslikka da'vat etuvchi vazir yoki hokimga ishonib bo‘lmaydi axir, jamiyatning ma'naviyatini, taqdirini!

Borni yo‘q qilish emas, bordan bor qilishni o‘ylaylik.

Oliy va o‘rta maxsus ta'limi vazirligi mutasaddilarining topqirligini qaranglar: respublikamizdagi bir necha oliy o‘quv yurtlarida jurnalistika fakultetlari ochildi. Quvondik, olqishladik. O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti tarkibida 20 yildan buyon (!) faoliyat yuritayotgan, muayyan tajriba orttirgan, ilmiy salohiyatni shakllantirgan, har qanday oliy o‘quv muassasasi g‘ururlanishga arziydigan talabalar yetishtirgan xalqaro jurnalistika fakulteti faoliyati boshqa yo‘nalishga ixtisoslashtirish bahonasida tugatildi. Qani mantiq? Qani milliy manfaat? Qani, sohaning o‘ziga xos nozik jihatlarini tushunish, anglash?!

Yangi tashkil etilgan fakultetlar O‘zDJTUning xalqaro jurnalistika fakulteti erishgan tajribani, salohiyatni jamlaguniga qadar... sohaning ahvoli nima kechadi?

Bu kabi savollarga javob yo‘q...

2. Jamiyatda o‘qituvchining, murabbiyning izzat-e'tibori eng yuqori o‘rinda turmog‘i kerak. Shifokorlar ham shu qatori. Ayni chog‘da jurnalistika va jurnalistlarninng obro‘-e'tibori ularnikidan kam bo‘lmasligi kerak. Unutmaylik, boshqa barcha sohadagi ahvol milliy jurnalistika o‘nglangan taqdirdagina yaxshilanadi, izga tushadi, natija beradi.

Davr tubdan o‘zgardi, bu imkoniyatdan unumli foydalanmasak, uning uvoliga qolamiz. O‘zini hozirgi yangilanishlarga munosib, loyiq ko‘rmagan zahmatkash oqsoqol hamkasblarimiz yoshlarga yo‘l ochishlari, piravordida kasbimiz kelajagiga xizmat qiladi. Kasbimizni sevasizmi, uning taqdiriga befarq emasmisiz, marhamat, ayni tantilik, jo‘mardlik ayyomi muntazir, Sizlarga! Ishoning, yosh avlod vakillari siz-u bizdan yaxshiroq, savodliroq, unumliroq, foydaliroq ishlay oladilar!

Milliy jurnalistika fani salohiyati ayanchli ahvolda. Nazariy asos puxtalanmaguniga qadar uning amaliyoti haminqadarligicha qolaveradi. Endilikda har qanday taraqqiyot ilmiy zamini puxta sohalardagina gullab-yashnaydi. Bu ­– aksioma!  

Qulman Ochil:

1. Jurnalistikaning - ommaviy axborot vositalarining, shakl-shamoyili, nufuzi va kelajagi internet nashrlar bilan bog‘liq ekani bugun ayon haqiqat. Kuni kecha ko‘pchilik ularga «bevosh bolaning ermagi» deb qarardi. Endi eng yuqoridan quyigacha – hamma hisoblashadi. Tongdan shomgacha katta-yu kichikning nigohi - «shu dilbarning moviy ko‘zlarida»: qani, ko‘raylik-chi, olamda nima gap?

Kuni kecha axborot maydonida yakkash ot surib yurgan axborot agentliklari, gazeta-jurnallar, tele va radio kanallar xolislik, tezkorlik, dadillik va rang-baranglikda internet nashrlar-u blogerlarga uloqni berib qo‘ya boshladi. Qarasa, holi tang. Birin-ketin saytini ochib, borini kengaytirib, ijtimoiy tarmoqlarga o‘zini urdi. Mudom «shakar sepilgan shirin xabarlari» kamayib, «xaridorgir» mahsulotlari ko‘paya boshladi. Ana endi, «akang qarag‘ay» deb turgan internet nashrlar-u blogerlarga qarang: ortidan ot dupirini eshitib, qamchisini qo‘lga olmasami! Raqobat!

Bu jarayonni faqat ilmiy texnika sohasidagi yutuqlarga bog‘lovchilar, beozor aytganda, yanglishadi. Ayni yutuqlarning zamirida, eng avvalo, mamlakatimizda ochiqlik va demokratiya tamoyillarining mustahkam qaror topayotgani, ommaviy axborot vositalari sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarning yuksak samaralari mujassam. Samaraki, qadamlari tobora kengayib va tezlashib borayotgan yangi asrning, shitobi baland zamonning yo‘l-yo‘rig‘i, talablariga monand.

2. Jamiyatda islohotni qalam ahli, xususan, jurnalistlarning yordamisiz amalga oshirib bo‘lmaydi. Bu ham ayon haqiqat. Jurnalistning xolis so‘zi hammaga, ayniqsa, turish-turmushi yuzaki, loqayd amaldor qavmiga yoqmasligi tayin. Qoni qaynaydi. Lekin ular ham ancha hovuridan tushib qoldi. Inchunun, jamiyatimizdagi eng dolzarb muammo va kamchiliklarni birinchilardan bo‘lib dadil ko‘tarib chiqqan va chiqayotgan internetchi hamkasblarimizdan minnatdor bo‘lishimiz kerak. Adolatga va haq so‘zga tashna xalqimizning olqishi-yu duosini olganlar va olayotganlar shular. Boshida ne bir kaltaklar singan va sinayotganlar ham shu fidoyi yoshlar. Ha, aynan, yoshlar!  

Bunday yoshlarimiz safi muttasil kengayib borishidan davlatimiz, jamiyatimiz, xalqimiz va ommaviy axborot vositalarining o‘zlari ham juda-juda manfaatdor. Jurnalistika sohasidagi eng katta muammo - ana shu manfaatdorlikdagi mutanosiblikka putur yetmasa bo‘lgani. Yuksalish sari yuz tutgan davlat, zabunlikdan voz kechgan jamiyat va ilm-ma'rifatga intilgan xalq doim o‘z jurnalistlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlaydi.

Bizni shu saodat endi aslo tark etmasin!

Kun.uz kasb ayyomi bilan sohaning barcha jonkuyar ustozlarini yana bir bor tabriklaydi.  

Ilyos Safarov tayyorladi

Mavzuga oid