Jahon | 09:20 / 29.06.2020
37871
2 daqiqa o‘qiladi

Shimoliy Yevropa uzra radioaktiv bulut suzmoqda, Rossiya o‘zini bunga aloqador sanamayapti

Foto: AFP/Getty Images

Joriy yilning 26 iyun kuni Greenpeace harakati Norvegiya, Finlyandiya va Shvetsiyadagi radiatsion monitoring ko‘rsatkichlari Shimoliy Yevropa uzra radioaktiv moddalar miqdori oshganini ko‘rsatayotganini xabar qilgan edi.

Iyun oyining boshlarida Rossiyaning Kola yarim oroli chegarasidan uzoq bo‘lmagan hududda havoda yod-131 topilgani ta'kidlangan. Keyinroq Shvetsiya va Finlyandiya seziy-134, seziy-137, kobalt-60 va ruteniy-103 topilganini qayd etgan.

Rossiyadagi barcha atom elektr stansiyalarini boshqaruvchi «Rosenergoatom» Yevropa chegarasiga yaqin ikki AESdan havoga chiqarilayotgan chiqindilar iyun oyida ruxsat etilgan ko‘rsatkichdan oshmaganini ta'kidlagan.

«Kola va Leningrad AESlarida hech qanday hodisa ro‘y bermagan. Har ikki stansiya shtatli rejimda ishlamoqda, uskunalarning ishiga biror e'tiroz yo‘q», — degan RIA Novosti’ga konsern vakili.

G‘arblik ekspertlarning fikricha, radionuklidlar Rossiya tomondan kelmoqda. Ularning tarkibi AES reaktorning birinchi konturida yoki yoqilg‘i elementida nuqson borligini ko‘rsatadi. Mutaxassislar o‘lchovlarning cheklangan soni tufayli manbaning aniq joyini ko‘rsata olishmagan. Boz ustiga, ekspertlar izotoplar miqdori juda kam ekanligi va u atrof-muhit hamda insonlar salomatligiga tahdid qilmasligini aytishmoqda.

Juma kuni Yadroviy sinovlarni umumqamrovli taqiqi to‘g‘risidagi shartnoma bo‘yicha tashkilot rahbari Lassina Zerbo Twitter’da 22-23 iyun kunlari topilgan izotoplarning taxminiy manbasi mavjud bo‘lgan hudud xaritasini e'lon qilgan. Unga Boltiq dengizi, Shimoliy Yevropa mamlakatlari va Rossiyaning Sankt-Peterburg shahri kiruvchi hududi kiradi. O‘zining ikkinchi xabarida Zerbo izotoplar aftidan «fuqarolik manbasi»dan olinganini ta'kidlab o‘tgan.

Шуҳрат Шокиржонов
Tayyorlagan Шуҳрат Шокиржонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid