O‘zbekiston | 08:26 / 01.07.2020
5504
3 daqiqa o‘qiladi

Abdulaziz Komilov Zalmay Xalilzod bilan uchrashdi

Uchrashuvda ikki mamlakatning Afg‘oniston yo‘nalishidagi hamkorligini kengaytirishga e'tibor qaratildi. 

2020 yilning 30 iyun kuni tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov AQShning Afg‘onistondagi yarashish masalalari bo‘yicha maxsus vakili Zalmay Xalilzod va AQSh Xalqaro taraqqiyotni moliyalashtirish korporatsiyasi (DFC) bosh ijrochi direktori Adam Boler bilan uchrashdi.

Tashqi ishlar vazirligi xabariga ko‘ra, tomonlar yaqin siyosiy munosabatlar o‘rnatilganini, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va harbiy-texnikaviy aloqalar mustahkamlanganini qayd etgan.

O‘zbekiston tomoni Afg‘onistonda tez orada tinchlik o‘rnatilishiga alohida ahamiyat berishi, butun Markaziy Osiyoning barqarorligi ushbu mamlakatdagi xavfsizlikka bog‘liqligi ta'kidlandi.

Suhbatdoshlar Afg‘oniston siyosiy rahbarlari o‘rtasidagi kelishuvga erishilganini qo‘llab-quvvatladilar hamda inklyuziv hukumat tuzilishi va Milliy yarashuv bo‘yicha Oliy Kengash Afg‘onistonning yorqin kelajagi uchun mamlakatning barcha siyosiy kuchlarini birlashtirishga yordam berishi zarurligini ta'kidladilar.

Uchrashuvda ikki mamlakatning Afg‘oniston yo‘nalishidagi hamkorligini kengaytirishga alohida e'tibor qaratildi. Shu o‘rinda ta'kidlanganidek, 27 may kuni bo‘lib o‘tgan «O‘zbekiston-AQSh-Afg‘oniston» uch tomonlama hamkorlik shaklidagi birinchi uchrashuv Afg‘onistonni tiklash va uni mintaqaviy iqtisodiy jarayonlarga faol jalb qilish bo‘yicha amaliy takliflarni ishlab chiqishda ushbu mexanizmning muhimligini tasdiqladi.

AQSh tomoni O‘zbekiston rahbariyatining Afg‘onistondagi vaziyatni tinch yo‘l bilan hal etishda mintaqaviy yondashuvni ilgari surish borasidagi sa'y-harakatlarini yuqori baholadi va ushbu yo‘nalishda faol hamkorlikni davom ettirishga tayyorligini yana bir bor ta'kidladi.

Muzokaralar chog‘ida Afg‘oniston va mintaqa o‘rtasidagi iqtisodiy, transport-kommunikatsiya aloqalarini kengaytirishga ko‘mak beradigan qator loyihalarni moliyalashtirish uchun DFC mablag‘larini jalb qilish yuzasidan fikr almashildi.

Adam Boler O‘zbekistonda energetika, infratuzilma, tibbiyot va ta'lim sohalaridagi loyihalarni amalga oshirishda ishtirok etishga DFC tayyorligini bildirdi.

Uchrashuvda tomonlarni qiziqtirgan boshqa masalalar ham ko‘rib chiqildi, deyiladi ma'lumotda.

Mavzuga oid