O‘zbekiston | 21:06 / 01.07.2020
98316
4 daqiqa o‘qiladi

Navoiydagi qamoqxonada mahbus qiynoqlardan vafot etgani haqidagi xabar tarqaldi. IIV holat yuzasidan izoh berdi

O‘zbekiston Respublikasi IIV JIEBB 23-son MUIKda jazo muddatini o‘tayotgan 45 yoshli mahkum F.X. vafot etgan.

U Toshkent viloyatining Yangiyo‘l tumanidan bo‘lib, Navoiy viloyatidagi 11-sonli jazoni ijro etish koloniyasida jazo muddatini o‘tayotgan bo‘lgan. 

Bu haqdagi dastlab «Ezgulik» jamiyati raisi Abdurahmon Tashanov ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida ma'lum qilgan.

Videodan kadr

A.Tashanovning yozishicha, F.X. bir necha kun avval uyiga qo‘ng‘iroq qilib, koloniya xodimlari pul talab qilishayotganini bildirgan, hatto qandaydir hisob raqamlari ham bergan.

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmatining Kun.uz’ga taqdim etgan ma'lumotiga ko‘ra, marhumning o‘limiga V-24.0 IV klinik bosqichi (limfa tugunlarining tarqoq kattalashishi, orofarengial kandidoz, noma'lum etiologiyadan uzoq davom etuvchi isitma, tana vaznining 10 foizdan ortiq ozishi, diareya) sabab bo‘lgani aytiladi.

Ma'lum qilinishicha, mahkum 2020 yil 5 iyun kuni 11-sonli JIEKdan O‘zbekiston Respublikasi IIV JIEBB 23-son MUIKga olib kelingan.

Ma'lumotda mahkum F.A. 2020 yil 15 iyun kuni soat taxminan 17:45larda o‘z palatasida o‘tirgan holatida o‘rnidan turmoqchi bo‘lgan paytda muvozanatini yo‘qotib, ehtiyotsizligi oqibatida polga yiqilgani, burun ustki qismi va pastki lab tashqi yuzasida yengil yuzaki jarohat olgani aytiladi. Bemorning umumiy ahvoli o‘ta og‘irligi, o‘z mustaqil yoza olmasligi sababli u bilan birga davolanayotgan bemorlardan yozma tilxatlar olingani aytilmoqda.

Mahkum 2020 yil 18 iyun kuni tonggi soat 05:45da vafot etgan.

Ma'lum bo‘lishicha, mahkum F.X. O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 273-moddasi (Giyohvandlik vositalarini qonunga xilof ravishda o‘tkazish) 5-qismi va 164-moddasi (Bosqinchilik) 2-qismi «a» bandi bilan ayblanib, sudning 2010 yil 18 oktyabrdagi hukmi bilan 11 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingan bo‘lgan. Shuningdek, ma'lumotda F.X.ning sud hukmi bilan o‘ta xavfli retsidivist deb topilgani aytiladi.

Vazirlik taqdim etgan ma'lumotlarda marhum F.X.ning o‘limidan oldin qiynoqqa solingan yoki solinmagani haqida ma'lumot berilmagan.

Bu holat bo‘yicha Bosh prokuratura ham rasmiy bayonot berishi kutilmoqda.

Kecha, 30 iyun kuni prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan videoselektorda davlat rahbari sud-huquq tizimiga to‘xtalib, Andijon shahrida hamda Chiroqchi tumanida ichki ishlar organlari binolarida qiynoq holatlari kuzatilgani tanqid qilgan edi.

2016 yilning 30 iyunida Navoiy viloyatidagi 47-sonli jazoni ijro etish muassasasida Jinoyat kodeksining 28,182-moddasi bilan ayblanib, ozodlikdan mahrum qilingan Sunnatilla Shermuhammedov vafot etgandi.

Mas'ullar uning o‘limini surunkali kasallik, xususan orttirilgan sepsis natijasida yuz bergan deb xulosa qilishgan. Biroq marhumning onasi haligacha farzandi o‘limiga organ xodimlari tomonidan qo‘llangan qiynoqlar sabab bo‘lgan deb hisoblaydi.

Mavzuga oid