Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi «jarima» to‘lamaydimi?
Agar fuqaroga YHXB xodimi tomonidan jarima qo‘llansa va bu jarimaning noqonuniy ekani aniqlansa, uni qaytarib olishning imkoni bormi? Albatta bor, ammo Samarqand viloyatining Oqdaryo tumanida yashovchi, fuqaro Normurod Jo‘rayevning murojaati, uning boshdan kechirganlari buning aksini ko‘rsatmoqda. N.Jo‘rayev sudda yutib chiqib ham o‘zi ko‘rgan zararni hali qaytara olgan emas.
Ishonish qiyin, biroq YHXB xodimining xatosi bilan nohaq jarimaga tortilgan N.Jo‘rayevning o‘z huquqlarini tiklash uchun harakat boshlaganiga ikki yildan oshgani bor gap.
Voqea tarixi aslida 2018 yil 17 may kunidan boshlanadi. O‘sha kuni u boshqarib kelayotgan «Matiz» rusumli avtomashinani Oqdaryo tumani Loyish shaharchasiga kirishda viloyat IIB yo‘l harakati boshqarmasi xodimi to‘xtatadi.
U haydovchiga «Yo‘l harakati qoidasi»ning 194 va 56-bandlarida ko‘rsatilgan talablarni buzib, sidirg‘a chizig‘i ustida harakatlangani uchun ma'muriy bayonnoma rasmiylashtiradi. Oqdaryo tumani IIB YHXB unga nisbatan MJtK 128-moddasiga asosan 86 ming 120 so‘m ma'muriy jarima solish to‘g‘risida qaror chiqargan.
Shunga asosan haydovchi jarima to‘lashga majbur bo‘ladi. N.Jo‘rayev bu holatdan norozi bo‘lib, Oqdaryo tumani ma'muriy sudiga ariza bilan murojaat qiladi. Sud qarorida YHXB inspektori tomonidan haydovchiga asossiz ravishda jarima qo‘llangan deb topilib, fuqaroning shikoyati to‘liq qanoatlantiriladi va shu bilan yuqorida keltirilgan jarima tayinlash haqidagi qarori bekor qilinadi.
Umuman, mazkur ish boshidanoq N.Jo‘rayev unga tuzilgan ma'muriy bayonnoma yuzasidan o‘z huquqlarini talab qilib keladi. U tegishli ma'muriy bayonnomaga e'tirozlarini yozmoqchi bo‘lgan, biroq unga bunday imkoniyat berilmagan.
Ammo sud qaroridan keyin ham baribir jarima qaytarilmagach, N.Jo‘rayev IIB YHXB rahbariyati va boshqarma xodimining noqonuniy xatti-harakatlari natijasida u haqiqat izlab idorama-idora yugurishga majbur bo‘lganligi, fuqarolik haq-huquqlarini oyoq osti qilishlari oqibatida juda katta ma'naviy zarar yetgani, asablari surunkali ravishda buzilib, sog‘lig‘ini yo‘qotgani uchun fuqarolik sudiga da'vo ariza kiritib, moddiy va ma'naviy zararni undirishni so‘raydi.
2019 yil 21 oktyabrda fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudida bo‘lib o‘tgan sud majlisida ham N.Jo‘rayev haq bo‘lib chiqadi. Sud javobgar — Samarqand viloyat IIB YHXB tomonidan fuqaro foydasiga 3 million so‘m ma'naviy zarar, hamda oldindan to‘langan 831 190 so‘m davlat bojini undirish to‘g‘risida hal qiluv qarori chiqaradi. Ammo bu bilan ham ish tugamaydi.
Navbatdagi sud 2020 yil 27 fevralda bo‘lib o‘tadi. Fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand viloyat sudining kassatsiya instansiyasi ajrimida yuqoridagi sud qarori qisman o‘zgartirilib, Normurod Jo‘rayevga undirilishi lozim bo‘lgan 3 million so‘m ma'naviy zarar 1,5 million so‘mga kamaytiriladi. Davlat boji, boshqa xarajatlar bilan Normurod Jo‘rayev foydasiga jami 2 210 500 so‘m undirish to‘g‘risida ajrim chiqariladi.
Nihoyat, ana shu ajrim e'lon qilinganiga ham to‘rt oydan oshdi. Ammo hamon fuqaro bir inspektorning noto‘g‘ri bayonnoma tuzgani oqibatida yetkazilgan zararni undira olmagan. Boshqacha aytganda, Samarqand viloyat IIB YHX boshqarmasi qilgan xatosi uchun «jarima»ni to‘lamagan.
Darvoqe, sud organlarining yuqoridagi qarorlari, fuqaroning o‘z haq-huquqi uchun kurashi va yutib chiqqani viloyatdagi rasmiy ommaviy axborot vositalarida e'lon qilingan (haydovchining ismi shartli ravishda «Anvar» deb o‘zgartirilgan holda) va blogerlar tomonidan e'tirof etilib, olqishlangan ham edi.
Jumladan, huquqshunos bloger Xushnud Xudoyberdiyev ayni holat yuzasidan quyidagi izohni qoldirgan:
«P.S.: Barakalla Anvar! Barakalla, odil sud. Mana shunaqa o‘z haqqini talab qiladigan fuqarolarimiz yordami bilan, o‘z kasbining «k» harfini ham bilmaydigan, qonun-qoidalarni tushunmaydigan layoqatsiz xodimlarning esini kiritib qo‘yish mumkin. Lekin eng asosiysi, fuqaroga to‘lanadigan ma'naviy zarar davlat budjetidan emas, regress tartibida o‘sha noto‘g‘ri bayonnoma tuzgan xodimning cho‘ntagidan qoplanishi kerak. Shunda yanada samarali bo‘ladi».
Albatta, fuqaroning o‘z-huquqlarini talab etishi e'tirofga loyiq. Ammo ko‘pchilik sudning yakuniy ajrimidan so‘ng ham bugungacha fuqaro huquqi tiklanmay qolib ketganidan bexabar bo‘lsa kerak.
Fuqaro Normurod Jo‘rayev bizga murojaatini quyidagi savollar bilan yakunlamoqda:
«Tasavvur qilib ko‘ring, agar xatoni haydovchi qilgan bo‘lsa va u shuncha vaqt davomida jarimani to‘lamagan bo‘lsa qay ahvolga tushardi? Nega haydovchi haqli ravishda jarimaga tortilsa, uni tezkor ravishda to‘lashga majbur qiladigan mexanizmlar bor-u (masalan jarima maydonchasi uchun kunlik to‘lovning o‘zi kun sayin oshib boradi) ammo YHX boshqarmasining o‘zi istagancha vaqt o‘tkazib to‘lamasdan kelishi mumkin?»
Normurod Jo‘rayev agar YHXB xodimlari haydovchiga noto‘g‘ri jarima qo‘llashsa zararni undirishning imkoni faqat nazariy jihatdan borligi, amalda esa qiyin ekanini aytmoqda.
Sud hujjatlari ijrosi uchun mas'ul bo‘lgan Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi «qarg‘a qarg‘aning ko‘zini cho‘qimaydi» degan naqldan yiroq bo‘lgani holda o‘z vazifalarini Normurod Jo‘rayevning huquq va manfaatlari yo‘lida ham to‘la ado etadi, deb umid bildirib qolamiz.
Anvar Mustafoqulov, Kun.uz muxbiri
Mavzuga oid
20:43 / 14.11.2024
Yevrokomissiya Meta’ni qariyb 800 mln yevro jarimaga tortdi
18:34 / 08.11.2024
Markaziy bank 7 ta bank va 2 ta mikromoliya tashkilotini jarimaga tortdi
07:50 / 31.10.2024
Yo‘lning chetki chap qatorida harakatlangan yuk mashinasi haydovchilari jarimaga tortiladi
11:00 / 04.10.2024