O‘zbekiston | 16:51 / 01.07.2020
4114
3 daqiqa o‘qiladi

Yo‘llarda inson bilan inson muloqoti cheklansa, tartib bo‘ladi – IIV yo‘l harakati xavfsizligi xodimlari etikasi haqida

Xalqaro press klubning navbatdagi sessiyasida IIV matbuot kotibi Shohrux G‘iyosov ichki ishlar tizimi xodimlarining etika qoidalarini buzayotgani haqidagi fikrlarga munosabat bildirdi.

U hech qaysi IIV xodimi ishga kelayotganda birovni o‘ldiraman degan niyatda kelmasligini ta'kidlab o‘tdi.

«Masalan, mast fuqaro ham rulga o‘tirganda yo‘lda biror kishini mashinamda urib ketaman, degan fikrda bo‘lmaydi. Lekin tizimda xatolar ham uchrab turadi. Ularning oldini olish uchun esa vazirlik tomonidan harakat qilinmoqda.

Masalan, yo‘l harakati xavfsizligi xodimlarining yo‘lda qo‘pol muomalada bo‘lmasligi kabilar ustida doimiy ish olib boriladi. Joriy yilning hozirgi davriga qadar 1356 nafar xodimni attestatsiyadan o‘tkazib, 35 nafari lavozimiga noloyiq deb topilgan. 174 nafariga sinov muddati berilgan.

Biroq qo‘pol gapirayotgan, haydovchilar bilan muomala qilishda kasb etikasini buzayotgan xodimlar ham oramizdan chiqayotgan oddiy fuqarolar. Bizning aybimiz ularni ishga olib, ularning odamlar bilan muomala qila olmasligini bilmasdan ishga olganimiz bilan bog‘liq», deya ta'kidladi Shohrux G‘iyosov.

Ta'kidlanishicha, qachonki yo‘llarda inson bilan inson muloqoti cheklansa, tartib bo‘ladi. Hozirgi kunda «Xavfsiz shahar» konsepsiyalari yo‘lga qo‘yilyapti. Bu loyihani amalga oshirish natijasida, aslida, 2015 yilda ko‘chada yo‘l harakati xavfsizligi xodimlari turmasligi kerak edi. Hozir ham loyiha ustida ishlanyapti. Agar u amalga oshsa, YHX xodimlari ko‘chada turmaydi va korrupsion holatlarning oldi olinadi.

Shuningdek, Shohrux G‘iyosov ichki ishlar tizimida psixologlarning o‘rni haqida ham to‘xtalib o‘tdi.

«Tizimda hozir 215 nafar psixolog xodim ishlaydi. Dunyo standarti bo‘yicha esa ularning soni ancha yuqori bo‘lishi kerak. Vazirlikda ham psixolog xonasi tashkil etilgan. Lekin doimiy ravishda u yerga borib, psixolog bilan suhbatlashishga odatlanmaganmiz. Bu odat mentalitetimiz uchun xos emas. Shuning uchun hozir ichki ishlar xodimlariga 1 yilda 2 marta psixolog suhbatiga borishni majburiy qilib qo‘yyapmiz», deya Shohrux G‘iyosovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Зилола Ғайбуллаева
Tayyorlagan Зилола Ғайбуллаева
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid